Sport | 20:42 / 05.08.2020
11510
3 daqiqa o‘qiladi

Roy Jons Mayk Taysonga qarshi jangdan oldin qulog‘ini sug‘urtalab qo‘ymoqchi

Foto: Donat Sorokin/TASS

Boks bo‘yicha sobiq mutlaq jahon chempioni Roy Jonsning menejyeri Jolt Barna Jonsning Mayk Taysonga qarshi jangidan oldin uning qulog‘ini sug‘urtalab qo‘ymoqchi.  

Afsonaviy bokschilar AQShning Karson shahrida 12 sentyabrda 8 raunddan iborat ko‘rgazmali jang o‘tkazishmoqchi. 

“1997 yil iyunda Tayson Evander Xolifild bilan jangda raqibi qulog‘ining bir qismini tishlab uzib olganini hisobga olib, menejyer bunday holat yuz berishi mumkinligini nazarda tutishga qaror qildi”, deyilgan xabarda.

Xolifild va Tayson 1996 va 1997 yilda 2 ta jang o‘tkazgan. Janglarning ikkisida ham Xolifild g‘alaba qozongan. 1-jangda Tayson 11-raundda nokautga jo‘natilgan, 2-jangning 3-raundida esa raqibining qulog‘ini 2 marta tishlab olgani uchun jangdan chetlatilgan. “Tishlog‘ich” Taysonning bunday harakatlari natijasida Xolifild o‘ng qulog‘ining bir qismidan ayrilgan. “Temir Mayk” ushbu qilmishi uchun 3 mln dollar jarima to‘lagan va bir yilga bokschilik litsenziyasidan mahrum etilgan.

Hozirda Tayson 54 yoshda bo‘lib, uning hisobida 58 ta jangdan 50 ta g‘alaba va 6 ta mag‘lubiyat bor. Uning ishtirokidagi yana ikkita jang bo‘lib o‘tmagan deb topilgan. U mutlaq jahon chempioni, WBC, WBA va IBF versiyalari bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. 2 marta (1989, 1990 yillar) vazn toifasidan qat'i nazar dunyoning eng yaxshi bokschi deb topilgan.  

Uning bo‘lg‘usi raqibi Roy Jons 51 yoshda bo‘lib, 2018 yilda faoliyatini yakunlagan. U ham o‘z vaqtida mutlaq jahon chempioni bo‘lgan, bir necha vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan. 3 marta (1996, 1999 va 2003 yillar) dunyoning eng yaxshi bokschi deb topilgan. Uning hisobida 66 ta g‘alaba va 9 ta mag‘lubiyat bor. 

Mavzuga oid