Jahon | 21:53 / 10.08.2020
26899
2 daqiqa o‘qiladi

Suv toshqinlari Xitoy iqtisodiyotiga misli ko‘rilmagan zarar yetkazdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bevosita iqtisodiy zararni 21 milliard dollar deb baholamoqda.

Kuchli suv toshqinlari Xitoydagi minglab gektar qishloq xo‘jalik yerlarini vayron qildi. Guruch, soya va makkajo‘xori dalalariga talafot yetishi natijasida fermerlar ulkan zarar ko‘rdi, deb yozadi CNN.

Nashrning qayd etishicha, suv toshqinlari oqibatida mamlakat iqtisodiyotiga so‘nggi yillardagi eng katta zarar yetgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bevosita iqtisodiy zararni 21 milliard dollar deb baholamoqda, 55 millionga yaqin kishi jabr ko‘rgan.

Ta'kidlanishicha, Xitoy va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi keskin munosabatlar hamda koronavirus pandemiyasi sababli mamlakatga oziq-ovqat mahsulotlarining import qilinishi qiyinlashishi mumkin. Buning ustiga, avgust oyining qolgan qismida kuchli yomg‘irlar kutilayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

Xitoyning Shenwan Hongyuan brokerlik firmasi tahlilchilari hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakat o‘tgan yilga nisbatan 11,2 million tonna oziq-ovqat mahsulotlarini yo‘qotishi mumkin.

Ekspertlar makkajo‘xori va soya narxi oshganini qayd etishmoqda. Pekin narxlarni barqarorlashtirish va strategik zaxiralardan foydalanish hisobiga taklifni ko‘paytirishga urinmoqda.

Koronavirus pandemiyasi sababli birinchi chorakda mamlakat YaIM 6,8 foizga tushib ketgandi, ammo ikkinchi chorakda o‘sish boshlandi. Ushbu davr mobaynida Xitoy iqtisodiyoti 3,2 foizga oshdi.

Mavzuga oid