Jahon | 09:36 / 11.08.2020
20443
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Lukashenkoga qarshi sanksiyalar kiritish bilan tahdid qilindi

AQSh senatining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasida yetakchi demokrat bo‘lgan Robert Menendes Belarusda o‘tgan prezident saylovlaridagi ovozlarni qayta hisoblash yoki yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi. Senatorning maktubida ta'kidlanishicha, aks holda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga nisbatan sanksiyalar kiritilishi mumkin.

Foto: REUTERS / Sergei Gapon/Pool

“AQSh ma'muriyati shuni aniq aytishi kerakki, davlatimiz va Belarus bilan ikki tomonlama munosabatlarda yaqinda erishilgan yutuqlar agar respublika rasmiy idoralari xalqaro demokratik standartlardan kelib chiqib saylov byulletenlarini aniq hisoblamaguncha yoki saylovlarni qayta o‘tkazmaguncha, hech qanday qiymatga ega bo‘lmaydi”, deb aytilgan Menendes bayonotida.

Uning ta'kidlashicha, Belarusda “demokratiya ustidan bu zo‘ravonlik” to‘xtamasa, AQSh va Yevropa davlatlari Lukashenko va uning safdoshlariga qarshi zudlik bilan sanksiyalar kiritishi lozim. Senator Belarusda o‘tgan prezident saylovlarini “fojia va soxtalashtirish” deb atagan.

9 avgustda Belarusda prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Respublika markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, ularda amaldagi prezident Lukashenko 80,23 foiz ovoz olgan. Bu orada uning bosh raqibi Svetlana Tixanovskaya shtabida saylov komissiyasi natijalari tan olinmasligi va barcha saylov uchastkalaridan olingan ma'lumotlar Tixanovskaya 70-80 foiz ovoz olganini ko‘rsatayotgani aytilgan.  

Belarusning bir qator shaharlarida saylovlardan keyin ommaviy noroziliklar boshlangan. Poytaxt Minskda namoyishchilar barrikadalar hosil qilgan. Militsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz, suv purkagichlar va yorug‘lik-shovqin granatalari qo‘llagan hamda ularni shahar markazidan siqib chiqargan. To‘qnashuvlar vaqtida bir necha kishi jabrlangan.

Namoyishlar 11 avgustga o‘tar kechasi ham davom etgan. Respublika ichki ishlar vazirligi Minsk poytaxtida bir kishi halok bo‘lganini ma'lum qilgan. 

Mavzuga oid