Jahon | 15:25 / 12.08.2020
64275
12 daqiqa o‘qiladi

Rossiya vaksinasi – amaldorlar gapi va hujjatlardagi farqlar

Rossiyaning «Fontanka» nashri Akademik N.F.Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazining koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinasi to‘g‘risidagi hisobot bilan tanishdi. U prezident Vladimir Putin va sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko bayonotlaridan farq qilgan holda umidli ko‘rinmayapti.

Foto: Anatoliy Jdanov/«Kommersant'»

11 avgust kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan va COVID-19 profilaktikasi uchun mo‘ljallangan vaksinaning epidemiologik samarasi o‘rganib chiqilmagan. Tadqiqot paytida 38 nafar ko‘ngillida 144ta nojo‘ya ta'sirlar qayd etilgan. Eritmani bemorga quyish chog‘ida shifokorlar qo‘l ostida shokka qarshi uskuna bo‘lishi shart – bu haqda «Gam-Kovid-Vak» taqdimot marosimidan oldin prezidentga xabar berilmagan.

Immunitet qanchalik barqaror

«Bugun ertalab dunyoda ilk marta yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi. U yetarli darajada samarali ishlaydi, barqaror immunitetni hosil qiladi va barcha zarur sinovlardan o‘tgan», deb bayonot berdi Vladimir Putin 11 avgust kuni hukumat a'zolarining yig‘ilishida.

Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ham shunga monand bayonot berdi.: «Natijalarga ko‘ra, vaksina yuqori samaradorlik va xavfsiz ekanini ko‘rsatdi. Ko‘ngillilarning barchasida COVID‑19 antitanalarining yuqori titrlari hosil bo‘ldi. Ularning hech birida immunizatsiya bilan bog‘liq jiddiy asoratlar qayd etilmadi».

Titr – muayyan miqdordagi zardobda mavjud antitanlar miqdori. Uning o‘lchov birligi mMe/ml bo‘lib, u qancha kam bo‘lsa, organizmda antitanalar miqdori ham shuncha kamligini bildiradi. 49,3 ko‘rsatkich antitanalar o‘rtacha miqdoriga ham yetmaydi. Vaqt o‘tgan sari u yanada kamayib boradi.

«Gam-Kovid-Vak»ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun topshirilgan Gamaleya Markazi hujjatlarida vaksina faqat favqulodda holatlar sharoitida qo‘llanadigan jarayondan o‘tgani, uni faqat aholini vaksinoprofilaktika qilish huquqiga ega bo‘lgan tibbiyot muassasalarida qo‘llash mumkinligi qayd etilgan. Cheklovlar o‘ta tezkor va yetarli darajada keng o‘tkazilmagan tadqiqotlar bilan bog‘liq.

Immunologik xususiyatlar va xavfsizlik faqat 38 nafar katta yoshdagi sog‘lom ko‘ngillilarda o‘rganilgan. Immunizatsiya natijasida ko‘ngillilarning 100 foizida infeksiyaga qarshi immunitet hosil bo‘ldi, deyiladi Gamaleya Markazi hisobotida. Biroq, atigi 42 kun davomida o‘tkazilgan tadqiqotlar chuqur xulosalar qilish imkonini bermagan.

«Hozirgi vaqtda himoya titri aniq emas. Himoyaning davomiyligi ham noaniq. Epidemiologik samarani aniqlash maqsadida klinik tadqiqot o‘tkazilmagan», deyiladi hisobotda.

Titr – bu qon zardobini antitana aniqlash imkonini bergunga qadar suyultirish ko‘rsatkichidir. MMe/ml (xalqaro millilitrga bo‘lgan millibirlik) qanchalik past bo‘lsa, antitanalar shunchalik kam bo‘ladi.

Vaksinatsiya qilinganidan 42 kun o‘tgach ko‘ngillilarning qon zardobida o‘rtacha 49,3 titrga ega antitanalar hosil bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich antinalarning o‘rtacha darajasiga ham yetmaydi. Qoidaga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan u yanada pasayadi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi «Gam-Kovid-Vak» qo‘llanganida immunitet 2 yilgacha saqlanib turishi haqida xabar berdi. Ammo bu gipotezani tasdiqlovchi ma'lumotlar yo‘q», deb aytdi Sechenov nomidagi universitetning patofiziologiya professori Anton Yershov.

Vaksina xavfsizmi?

Foto: Mixail Djaparidze/TASS

«Qizlarimdan biri shu vaksina bilan emlandi. Birinchi ukoldan keyin harorati 38 darajaga ko‘tarildi, ertasi kuni 37 darajadan sal oshdi va tamom. Ikkinchi ukoldan keyin harorat biroz oshdi, keyin umuman yo‘qoldi. O‘zini yaxshi his qilyapti, titrlar ham baland. Emlashdan keyin ko‘pchilikda umuman hech qanday asorat va harorat kuzatilmayotganini bilaman. Hammasi xuddi hech narsa qilinmagandek kechmoqda», degandi Putin.

Xavfsizlik, boshdan kechirish va preparatning immunogenligi bo‘yicha o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar asosida shakllangan Gamaleya Markazi hujjatlari tashqi asoratlar va nojo‘ya ta'sirlar yo‘qligini tasdiqlay olmaydi. Mutaxassislarning tan olishicha, noma'qul hodisalar «tez va juda tez» uchramoqda.

«Nojo‘ya ta'sirlarning yuz berish ko‘rsatkichini aniq hisoblash imkoni yo‘q, chunki tadqiqotda ishtirok etayotgan ko‘ngillilar soni cheklangan», deyiladi hisobotda.

38 nafar ko‘ngillida 144ta nojo‘ya ta'sirlar aniqlangan. Ularning ko‘pchiligi asoratsiz o‘tgan. Ammo tadqiqotning 42-kuniga kelib, 31ta nojo‘ya ta'sir bartaraf qilinmagan, 27ta nojo‘ya ta'sirning yakuni qanday bo‘lgani mutaxassislarga ma'lum emas.

Vaksinatsiyadan keyin ko‘ngillilarning eritma quyilgan joyida shish, og‘riq, gipertermiya va qichima kuzatilgan. Asteniya, ko‘ngil aynishi, pireksiya, haroratning ko‘tarilishi, ishtahaning pasayishi, bosh og‘rig‘i, tomoq og‘rig‘i, diareya, burun bitishi, tomoq qichishi va rinoreya – umumiy asoratlar sifatida qayd etilgan.

Qo‘llanish tartibi

2020 yil iyul oyida Gamaleya Markazi direktori Aleksandr Ginsburg «Gam-Kovid-Vak» bilan xatarli guruhga kiruvchilarni, jumladan nafaqaxo‘rlarni emlash lozimligini aytgan edi.

Vladimir Putin esa vaksina haqida shunday dedi: «Umid qilamanki, tez orada vaksinani ommaviy ravishda ishlab chiqaramiz, muhimi – undan o‘z xohishiga ko‘ra har kim foydalanishi mumkin. Har kim mutaxassislarimiz, olimlarimiz yutug‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozimligini bir necha marta ta'kidlaganman».

Gamaleya Markazi mutaxassislarining fikriga ko‘ra, vaksinadan istalgan odam foydalana olmaydi. Uni qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar miqyosi juda keng.

Tibbiyot hujjatlaridan kelib chiqilsa, vaksinani qo‘llash 18-60 yosh oralig‘i chegarasiga ega. Bu tadqiqotlarning juda qisqa vaqt davomida o‘tkazilgani bilan bog‘liq. Bolalar va keksalarga preparatni qo‘llash taqiqlangan.

Shuningdek, homilador va emizikli ayollarga ham uni qo‘llashga ruxsat berilmagan, chunki «samarasi va xavfsizligi o‘rganilmagan». Bundan tashqari, vaksinaning boshqa dorilar bilan o‘zaro ta'siri va uning transport vositasini boshqarish qobiliyatiga ta'siri qandayligi haqida ma'lumotlar yo‘q.

Vaksinani buyrak va jigardagi surunkali kasalliklarda, qandli diabetda, epilepsiya, insult, yurak qon-tomir tizimidagi kasalliklarda, immuntanqisligida, autoimmun kasalliklarida, allergik reaksiyalarda, atopiya, ekzemada ehtiyotkorlik bilan qo‘llash lozim.

Shuningdek, vaksina komponentlaridan biriga giperta'sirchanlik bor holatlarda, anamnezda og‘ir allergik reaksiyada, o‘tkir kasalliklarda va surunkali kasalliklarning zo‘rayishida vaksinani qo‘llashga ruxsat berilmagan. 

Og‘ir bo‘lmagan O‘RVI (o‘tkir respirator virus infeksiyasi) yoki oshqozon-ichak traktining o‘tkir infeksiyali kasalliklarida faqat harorat pasayganidan keyin vaksinani qo‘llash mumkin (ammo bu qoida har qanday vaksinatsiya uchun taalluqli).

Gamaleya Markazi «Gam-Kovid-Vak» tarkibini to‘liq oshkor qildi. U 2ta eritmadan iborat. Birinchisida insonning Ad5 rekombinant adenovirusi mavjud, ikkinchisida – Ad26. Bu o‘tkir respirator kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilaridir. Shu sababli preparat «grippga o‘xshash sindrom»ni keltirib chiqaradi. Adenoviruslar SARS-CoV-2 virusining S oqsilini yetkazib beruvchi transport-vektor sifatida xizmat qiladi.

Yordamchi moddalar sifatida saxaroza, tuzning 2ta turi, 95 foizli etanol, xlorid magniy geksagidrati, polisorbat, suv va «Tris» kimyoviy birikmasidan foydalanilgan.

Gamaleya Markazining tadqiqotlari qanchalik isbotlangan

«Gamaleya Markazi mutaxassislari COVID‑19 epidemiyasiga samarasi va xavfsizligi isbotlangan tayyor texnologik platforma bilan yetib kelishdi», dedi Mixail Murashko. U olimlarning Ebola bezgagi va MERS virusiga qarshi bir tipdagi vaksinalari bilan ishlash tajribasi borligini ko‘zda tutgan edi.

Afsuski, Gamaleya Markazi texnologik platformani 10 yildan ortiq muddat davomida ishlab chiqayotgan bo‘lsa-da, «Gam-Kovid-Vak»ning tibbiy hujjatlarida preparatning vaksina-nomzod yoki eksperimental ekani haqida juda ko‘p tavsiflar bor.

Mutaxassislar vaksinatsiya o‘tkaziladigan joylar shokka qarshi terapiya uskunalari bilan jihozlangan bo‘lishi shartligidan ogohlantirishmoqda.

«Preparatga qarshi maxsus antidot yo‘q. Dozani oshirib yuborish xatari kam, chunki vaksinatsiya malakali tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Biroq, doza tasodifan oshirib yuborilsa, toksik va allergik reaksiyalar bo‘lishi mumkin», deyiladi qo‘llanish yo‘riqnomasida.

Vaksina emlanganidan so‘ng patsiyent 30 daqiqa davomida tibbiyot xodimlarining kuzatuvi ostida bo‘lishi lozim.

Gamaleya Markazi preparati tashqi ta'sirlarga juda sezuvchan. Uni muzlatilgan holda, minus 18 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratda saqlash shart. Qo‘llanishdan oldin xona haroratida 30 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda ushlab turish lozim. Emlashdan oldin ehtiyotkorlik bilan chayqab, aralashtirish talab etiladi. Ampulani keskin chayqash va takroran muzlatish mumkin emas.

Tajribalar

«Bugungi kunda vaksinaga bir qancha mamlakatlar qiziqish bildirmoqda. Tez orada u ommaviy ravishda muomalaga kiritiladi. Dastlab, infeksiya yuqtirib olgan odamlar bilan ishlaydiganlar emlanadi, birinchi navbatda – shifokorlar. Shuningdek, farzandlarimizning sog‘lig‘i bilan bog‘liq bo‘lgan insonlar – o‘qituvchilar ham», dedi Mixail Murashko.

Pandemiya qoidalariga ko‘ra, vaksina ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng, aholini emlashda qo‘llanilishi mumkin. Biroq, dori vositalarining davlat reyestrida qayd etilishicha, «Gam-Kovid-Vak» 2021 yil 1 yanvaridan oldin muomalaga chiqmaydi. Bungacha Gamaleya Markazi bir necha ming odam ishtirokida klinik sinovlarning 3-bosqichini yakunlab olishi lozim. Bu esa amalda klinik tadqiqotlar aholini vaksinatsiya qilish jarayonida o‘tkazilishini anglatmoqda.

Dunyodagi munosabat

Xalqaro hamjamiyat Rossiyada vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilishiga ishonqiramagan holda qarayapti.

«Maqsad – vaksinani birinchi bo‘lib ishlab chiqish emas. Muhimi – samarali va xavfsiz preparatga ega bo‘lish», dedi AQSh sog‘liqni saqlash vaziri Aleks Azar. U Rossiyadagi vaksina klinik sinovlarning 3-bosqichini o‘tkazmay turib va dastlabki 2-bosqich haqidagi ilmiy ma'lumotlar yo‘q bo‘lgan sharoitda ro‘yxatdan o‘tganini eslatdi.

Stokholmning Karolina tibbiyot instituti laboratoriya bo‘limi rahbari Matti Selberg RIA «Novosti» agentligiga bergan intervyusida vaksinaning hayvonlarda qanday sinalgani haqida hech qanday ma'lumot topolmaganini aytdi.

«Vaksina hayvonlarda qanday qo‘llangani haqida ma'lumot yo‘q. Mos ravishda uning insonlarda qanday ish berishini taxmin qilish imkonsiz. Bundan kelib chiqib, uning qanchalik samarali ekani haqida ham gapirish qiyin. Vaksina haqidagi ilmiy ma'lumotlarning yo‘qligi ishonchsizlik tug‘dirmoqda», dedi u.

Mavzuga oid