Jamiyat | 14:20 / 16.08.2020
8549
4 daqiqa o‘qiladi

Oltinko‘l va Baliqchi tumanlarida ehtiyojmand oilalarga pul mablag‘lari tarqatildi

Prezident farmoniga asosan, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali respublika budjetidan ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam pullari ajratildi. Bu pullar Andijon viloyatida qay tarzda tarqatilayotganini o‘rganish uchun Oltinko‘l va Baliqchi tumanlarida bo‘ldik.

1-sektor hududiga borganimizda, tuman hokimi Nazirjon O‘rinboyev boshchiligida Uyg‘ur mahallasidagi ehtiyojmand oilalarga yordam pullari tarqatilayotgan ekan. Sektor rahbari 52-maktabga to‘plangan muhtoj oilalar vakillari bilan suhbatlashib, prezident tashabbusi asosida ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordamning ahamiyati, yordam pullarining berilish tartibi haqida gapirib o‘tdi.

Shu kuni nochor oilalar holidan xabar olindi. Xususan, 4 farzandni voyaga yetkazayotgan Inomjon Yoqubov oilasiga 1 million 320 ming so‘m yordam pulidan tashqari un, yog‘ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Shuningdek, yana qator oilalar a'zolari sonidan kelib chiqib moddiy yordam va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlandi.

Oftobachek mahallasidagi ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam pullari sektor rahbari va bank xodimlari ishtirokida tarqatildi, nogironlar va nochor oilalar holidan xabar olindi.

– Oftobachek mahallasida yashaymiz. Ikki nafar farzandim bor. Xo‘jayinim 2-guruh nogironi. Hozir hukumatimiz tomonidan 880 ming so‘m yordam puli berishdi. Minnatdormiz. Hamisha sog‘ bo‘lishsin, – deydi Sharifaxon Yo‘lchiboyeva.

Safarobod mahallasiga ham bordik. Bu paytda yordam pullarini o‘z egalariga topshirish yakunlanayotgan ekan. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O‘g‘ilxon Jabborovaning shu jarayon haqidagi fikrlariga quloq tutdik.

– Bugun Safarobod mahalla fuqarolar yig‘inida «temir daftar»ga kiritilgan jami 51 nafar oilaning 179 nafar a'zosiga 220 ming so‘mdan mablag‘ tarqatildi. Bu 51 nafar oilaning ichiga kam ta'minlangan, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan hamda nogironligi bor fuqarolar kiritilgan, – deydi mahalla raisi

Oltinko‘l tumani Mahalla va oila masalalari bo‘limi boshlig‘i Xolmirza Isomiddinov bergan ma'lumotga ko‘ra, «temir daftar»ga kiritilgan 1516 xonadonda yashovchi 5708 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so‘mdan bir martalik yordam pullari berilishi ko‘zda tutilgan edi. Lekin jarayon davomida yana 839ta ehtiyojmand oila aniqlanib, ular ham «temir daftar»ga kiritildi.

Shunday qilib tuman bo‘yicha jami 9519 fuqaroga qariyb 2 milliard 100 million so‘m miqdorida bir martalik yordam pullari tarqatilmoqda.

Baliqchi tumanida ham bu boradagi ishlar batartib tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik. Tumandagi 2143 ta oilada yashovchi 7564 nafar fuqaroga 220 ming so‘mdan moddiy ko‘mak berilmoqda.

– Ishlab chiqilgan grafikka asosan, 15 avgust sanasiga ushbu moddiy yordamlarni to‘liq tarqatishimiz belgilangan. Shu kun holatiga tumanda istiqomat qilayotgan 1,5 mingta oilalardagi 5300 nafar fuqarolarga moddiy yordam mablag‘lari yetkazib berildi.

Ushbu moddiy yordam mablag‘larini yetkazib berish jarayoni sektor rahbarlari, deputatlar, mahalla faollari hamda ichki ishlar xodimlarining to‘liq nazoratida amalga oshirilmoqda. Sanitariya qoidalariga rioya qilgan holatda konvertda hamda dezinfeksiya qilingan pullar taqdim etilishi nazoratga olingan, – deydi Baliqchi tumani hokimligi iqtisodiyot hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Dilshodbek Hamdamov.

Mutasaddilar bilan Mallachek mahallasidagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj xonadonlarda pul tarqatish jarayonini kuzatdik.

– Xo‘jayinim To‘ychiyev Muzaffarjon 2-guruh nogironi. Oilada 5 kishimiz. Bugun 1 million 100 ming so‘m yordam puli berildi, mingdan-ming rahmat – deydi Mallachek mahallasida yashovchi O‘ktamxon To‘ychiyeva.

Sherzodbek Sodiqov

Mavzuga oid