Jahon | 15:44 / 16.08.2020
13567
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada koronavirusga qarshi vaksina davlat tomonidan taqsimlanadi

Rossiyaning koronavirusga qarshi birinchi vaksinasi “Sputnik V”ning hududlar bo‘yicha taqsimlanishi bilan davlat shug‘ullanadi. Bu haqidagi qarorni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin imzolagan.

Foto: RDIF / HANDOUT

“Rossiyada koronavirusga qarshi birinchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaksina taqsimlanishi davlat tomonidan tartibga solinuvchi dorilar ro‘yxatiga kiritildi. Bu vositaning hududlarga yetkazilishini nazorat qilish va uning tanqisligi yuzaga kelishdan qochishga imkon beradi”, deyilgan hukumat xabarida.           

Ushbu vaksinadan tashqari, koronavirusga qarshi qo‘llanuvchi dori vositalaridan deksametazon, kanakinumab, olokizumab, baritsitinib, tofatsitinib va levilimab ham yuqorida tilga olingan ro‘yxatga kiritilgan. Rossiyada iyun boshida koronavirusning oldini olish va uni davolashda qo‘llanadigan dorilarni taqsimlashning vaqtinchalik tartibi qabul qilingan bo‘lib, u yil oxirigacha amal qiladi.

Rossiya 11 avgustda dunyoda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazgandi. Vaksina N.Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan. 

15 avgustda Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi vaksina ishlab chiqarilishi boshlanganini e'lon qildi. 12 avgustda Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko vaksinaning birinchi partiyalari 2 hafta ichida ishlab chiqarilishini va uni birinchi bo‘lib tibbiy xodimlar olishini ma'lum qilgan. U, shuningdek, vaksinaning xorijda tanqid qilinayotganini asossiz deb atagan va buni raqobatchilik bilan bog‘lagan. 

Gamaleya nomidagi markaz direktori Aleksandr Ginsburg vaksinaning fuqarolik aylanmasiga kiritilishi muddatlari bo‘yicha o‘z prognozini berdi. Uning ta'kidlashicha, vaksina fuqarolik aylanmasiga tadqiqotlarning 3-bosqichidan bir oycha keyin kiritiladi.

Ginsburgning ma'lum qilishicha, vaksina sinovining 3-bosqichida bir necha o‘n minglab odam ishtirok etadi. Vaksina birinchi navbatda ushbu bosqichga yo‘naltiriladi, chunki uni ishlab chiqarish hajmlari endigina oshirib borilmoqda. Ushbu bosqichdan ortgan vaksina fuqarolik aylanmasiga “kichik miqdorda bir nechta hududlarga” yo‘naltirilishi mumkin. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid