Amerikalik tadbirkor Ilon Mask kompaniyasi 18 avgustda Starlink internet tarmog‘i uchun mo‘ljallangan navbatdagi 58 ta sun'iy yo‘ldoshni orbitaga uchirdi. Sun'iy yo‘ldoshlar orbitaga Falcon 9 raketasida olib chiqilgan.
Raketa AQShning sharqiy sohilbo‘yi vaqti bilan 10:31da Kanaveral burnidagi kosmodromdan uchirilgan.
Bu Starlink tarmog‘i sun'iy yo‘ldoshlarining 11-marta orbitaga chiqarilishidir. Ilk shunday parvoz 2019 yil mayida amalga oshirilgan. Avvalgi 57 ta sun'iy yo‘ldosh esa joriy yilning 7 avgustida uchirilgandi.
Endilikda SpaceX tarmog‘i sun'iy yo‘ldoshlari soni 595 taga yetdi.
SpaceX sayyoramizning istalgan burchagidan ulanish mumkin bo‘lgan keng polosali internet tarmog‘ini yaratishning 1-bosqichda orbitada 12 mingta sun'iy yo‘ldosh joylashtirishni va 2-bosqichda ular sonini 30 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda.