O‘zbekiston | 16:56 / 19.08.2020
17615
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank departamenti rahbari Uzcard bosh direktori etib tayinlandi

Shu oy boshida ta'sischilari o‘zgargan Uzcard'da bosh direktor ham almashdi – Ahror Mahmudov o‘rnida Dilshod Ikromov ish boshladi.

Dilshod Ikromov / Foto: Markaziy bank

Ikromov Dilshod Shuhratovich «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MChJ bosh direktori etib tayinlangan. Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestrida MChJ haqidagi o‘zgargan ma'lumotlar shundan darak bermoqda.

Dilshod Ikromov tayinlovga qadar Markaziy bankning axborot texnologiyalari departamentini boshqarib kelayotgan edi.

Sport ma'lumotiga ko‘ra, u avvalroq boshqa bir to‘lov tizimi – HUMO rahbarining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Bunga qadar Uzcard'ga Ahror Mahmudov rahbarlik qilayotgandi. U shu yil may oyiga qadar MChJning 75 foizlik, avgustga qadar esa 25 foizlik ulushiga egalik qilib kelgan.

Avvalroq kompaniyaning 51 foiz ulushini Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki sotib olgani ma'lum bo‘lgandi. Shuningdek, Sanoatqurilishbank va Asaka bank YaUPMning 6 foizdan ulushini qo‘lga kiritgan. Mos ravishda 25 va 12 foiz ulushga egalik qilayotgan bir nafardan jismoniy va yuridik shaxsning ismi ochiqlanmagan.

Mavzuga oid