O‘zbekiston | 08:28 / 25.08.2020
1627
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya O‘zbekistonda statistika tizimi rivojiga texnik ko‘mak ko‘rsatadi

Davlat xaridlari sohasidagi islohotlar va budjet tashkilotlari xaridlarining maksimal darajada oshkoraligini ta'minlashga qaratilgan jarayonlar ham qayd etildi. 

Joriy yilning 24 avgust sanasida bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov raisligida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot bilan videokonferensiya shaklidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, unda O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Davlat statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalov, shuningdek boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda mamlakatda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) keng joriy qilish, ular bo‘yicha va o‘quv professional auditorlarni imtihondan o‘tkazish tizimlarini tashkil qilish va sertifikatlar taqdim etish sohasida hamkorlik qilish masalasiga alohida e'tibor qaratildi.

Davlat xaridlari sohasidagi islohotlar va budjet tashkilotlari xaridlarining maksimal darajada oshkoraligini ta'minlashga qaratilgan jarayonlar ham qayd etildi. Tomonlar o‘zaro fikr almashish va Britaniya hukumatining soliq ma'muriyatchiligi borasidagi tajribasini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirdilar. Ishtirokchilar inson kapitalini rivojlantirish, xususan, tadbirkorlik ta'limi va davlat tomonidan, shu jumladan ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mehnat bozorini rivojlantirish va rasmiy sektorni kengaytirish, shuningdek, ichki migratsiyaning rivojlanish omili bo‘lib xizmat qiluvchi urbanizatsiya jarayoni kabi sohalardagi hamkorlikning muhimligi to‘g‘risida kelishib oldilar. Buyuk Britaniya bilan hamkorlik qilishning muhim jihati sifatida O‘zbekistonda statistikaning rivojlanishiga texnik ko‘mak ko‘rsatilishi ta'kidlandi.

O‘z navbatida, Tim Torlot pandemiyadan avvalgi rivojlanish ko‘rsatkichlarini tiklagan holda barqaror iqtisodiyotni shakllantirish, xususan, yashil iqtisodiyotni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan tegishli yordam ko‘rsatish yuzasidan hamkorlik va fikr almashishning muhimligini ta'kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid