Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lisenziyalash sohasida islohot: tadbirkorlarni nimalar kutmoqda?
«Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Adliya vazirligi sharhiga ko‘ra, farmonga asosan 200ga yaqin byurokratik jarayonlar qisqartiriladi.
1. Sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etilmoqda.
Xabarnoma yuborishda jismoniy hamda yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi va ularning faoliyati belgilangan talablarga muvofiq kelishini o‘zlari tasdiqlaydi. Bunda faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ hujjatlarni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinmaydi.
Farmon bilan 17ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari
va 14 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga o‘tkazilmoqda.
Xususan, maktabdan tashqari ta'lim, chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari, lombard, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarini vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin bo‘ladi. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish ham endi xabardor qilish tizimiga o‘tadi.
2. Lisenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat turlari soni sezilarli kamaymoqda
Inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari litsenziyalashdan chiqarib tashlanadi hamda xavflilik darajasi past bo‘lgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga o‘tiladi. Bunda «tartibga solish gilotinasi» usulini qo‘llash orqali ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinmoqda.
Farmonga ko‘ra, 70ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 35ta ruxsatnomani bekor qilish yoki muqobil shakllarga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Lisenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik sub'yektlarining yiliga qariyb 40 mlrd so‘m mablag‘lari iqtisod qilinib, o‘z ixtiyorida qoldiriladi.
Mazkur yo‘nalishda auditorlik, baholash, rieltorlik, fonogrammalarni tayyorlash, yuklarni avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyatiga litsenziyalar bekor qilinmoqda. Shuningdek, xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishga ruxsatnoma va sport inshooti obekti pasportini olish ham bekor qilinmoqda.
3. Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi
Buning uchun «Lisenziya» axborot tizimi ishlab chiqilib, barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Vakolatli organlarga murojaat qilish, hujjatlarni topshirish faqat elektron amalga oshirilishi begilanyapti.
Tadbirkordan ortiqcha hujjatlarni so‘rashga chek qo‘yiladi. Lisenziya berish uchun boshqa organning ma'lumotnomasi yoki boshqa hujjati kerak bo‘lsa tadbirkor ishtirokisiz vakolatli organning o‘zi yagona tizim orqali oladi.
Farmon bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechib, QR-kod qo‘yilgan elektron hujjatlar taqdim etishga to‘liq o‘tiladi.
Mazkur ishlar natijasida, ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishdagi korrupsion holatlarning yuzaga kelishi cheklanadi, tadbirkorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlari iqtisod qilinadi, davlat organlarining maxsus blankalarni ishlab chiqarishga bir yilda yo‘naltiradigan 13 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari tejaladi va qariyb 3,5 mln dona qog‘oz sarflanishi oldi olinadi.
Ushbu informatsion tizimni va dasturni ishlab chiqishda Adliya vazirligi grant mablag‘larni jalb qilgan.
4. Biznes jarayonlar va ma'muriy tartiblar yengillashtiriladi
Lisenziya talab va shartlari raqobatni cheklovchi qoidalarni, ya'ni tovar va xizmatlar bozoriga kirib kelishga to‘siq bo‘luvchi omillarni qisqartirish nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqildi.
115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilanmoqda hamda 14 turdagi faoliyatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilmoqda.
5. Vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsatnomalarni tugatish va bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi
Shu bilan birga, litsenziya berish to‘g‘risidagi arizalar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasa, tadbirkorlik sub'yektining roziligi bilan unga avtomatik ravishda litsenziya yoki ruxsatnoma rasmiylashtirib beriladi. Bunday imkoniyat «Lisenziya» axborot tizimida nazarda tutiladi.
6. Davlat unitar korxonalari va muassasalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirish huquqi bekor bo‘lmoqda
Mazkur qoida davlat korxonalarini xususiy tadbirkorlardan ustun qo‘yishga, bozorda teng bo‘lmagan sharoitlarning yaratilishiga, davlat korxonalarining monopol mavqega ega bo‘lib qolishiga olib keldi. Shu bilan birga, ushbu tashkilotlarda litsenziya talab va shartlarga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilmay qolishi kabi salbiy oqibatlar yuzaga keldi.
Farmonga ko‘ra, qayd etilgan tashkilotlar joriy yil oxiriga qadar tegishli litsenziyani rasmiylashtirish choralarini ko‘rishlari lozim.
7. Sohaga jamoatchilik nazorati mexanizmlari joriy etilmoqda
Farmonga muvofiq, fuqarolar biror-bir shaxslarning muayyan faoliyat bilan litsenziyasiz, ruxsatnomasiz yoki xabarnoma yubormasdan shug‘ullanayotgani, belgilangan talab va shartlarni buzayotgani holatlarini aniqlasalar va bu to‘g‘risida tegishli vakolatli organlarga xabar berishsa, huquqbuzarlik o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, vakolatli organlar tomonidan ham qonun buzilish holatlarini aniqlab xabar berishganda ham fuqarolar rag‘batlantirilishadi.
8. Ruxsat berish tartib-taomillariga doir munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni tizimlashtirish, kodifikatsiyalash va normativ yukini qisqartirish choralari ko‘riladi
20 yil avval qabul qilingan «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi, shuningdek «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlarni birlashtirish orqali yagona qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlari joriy qilinadi. Pasportlarni ishlab chiqish natijasida tadbirkor katta hajmli nizomlar bilan tanishib o‘tirishga zarurati qolmaydi. Faoliyatni amalga oshirish uchun asosiy ma'lumot va talablar bitta hujjat – pasportlarda aks ettiriladi.
Mavzuga oid
09:17
Professordan tarbiyachigacha: pedagogik lavozimlar ro‘yxati belgilandi
08:50 / 06.06.2026
Markaziy bank litsenziyalash qoidalariga yangi talablarni joriy qildi
08:39 / 04.06.2026
Insofsiz sug‘urta agentlarining ochiq reyestri yuritiladi
19:13 / 30.05.2026