Jahon | 19:57 / 27.08.2020
15226
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi shifoxonalarga yetkazilishi boshlandi 

Rossiyaning koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan birinchi vaksinasi sinovlarning 3-bosqichi doirasida shifoxonalarga yetkazilishi boshlandi. Bu haqda Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ma'lum qildi. 

Foto: ABC

“Bugun bizda munosib qurol paydo bo‘ldi – bu vaksina va u hozirda fuqarolik aylanmasiga yetkazilishi boshlanmoqda. Jumladan, Moskva meri saytida sinovlarning 3-bosqichida ishtirok etish uchun yozilish boshlandi. Ushbu sinovlarda deyarli 40 ming kishi ishtirok etadi”, deb aytgan Murashko.

Bundan bir kun avval Moskva meri Sergey Sobyanin 18 yoshdan katta va sog‘lig‘ida muammolarga ega bo‘lmagan moskvaliklarga Gamaleya nomidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgan vaksina sinovlarining 3-bosqichida ishtirok etishni taklif etgan.  

Murashkoning ta'kidlashicha, vaksina ishlab chiqilishida xayriya mablag‘lari ham jalb qilingan. “Vaksinaning ishlab chiqilishida qo‘shimcha qurilmalar xarid qilish, klinik sinovlar o‘tkazish va ishlab chiqarish uchun  xayriya mablag‘lari ham kelib tushgan”, deb ta'kidlab o‘tgan vazir. 

Murashkoning aytishicha, Rossiyada koronavirus epidemiyasi hali to‘liq yakunlanmagan: hozirda 80 mingdan ko‘proq kishi shifoxonalarda qolmoqda va hamon yordam zarur.

“Biz koronavirusga qarshi kurashni mantiqiy yakuniga yetkazishimiz kerak”, deb ta'kidlab o‘tgan sog‘liqni saqlash vaziri. 

Mavzuga oid