Tovarlar bo‘yicha umidsiz qarzdorlikni hisobdan chiqarish tartibi tasdiqlandi
Tovarlarga (xizmatlarga) haq to‘lash bo‘yicha majburiyat umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik deb e'tirof etilganda va uni hisobdan chiqarish lozim bo‘lgan hollarda QQS bazasiga tuzatish kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma'murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 489–son qaroriga 4-ilova).
Nizom talablari (Soliq kodeksining 15-moddasi) bitim tuzish chog‘ida lozim darajada ehtiyotkorlik qilmagan soliq to‘lovchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Norma’ning yozishicha, soliq to‘lovchi oldingi hisobot (soliq) davrlarida soliq solinadigan daromadlar olish bilan bog‘liq bo‘lgan umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorliklarni chegirib tashlashga haqli. Bunda umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorliklarni chegirib tashlashga faqat qarz hisobdan chiqarilgan va soliq to‘lovchining buxgalteriya hisobotida aks ettirilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Undirilishi umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorlikni hisobdan chiqarish to‘g‘risida korxona rahbarining farmoyishini chiqarishi (buyruq chiqarishi) uchun quyidagi hujjatlar asos hisoblanadi:
- sud hal qiluv qaroriga binoan majburiyatlar tugatilganligi;
- bankrotlik (iqtisodiy sudning bankrot yuridik shaxsni tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi to‘g‘risidagi ajrimi);
- qarzdor jismoniy shaxs vafot etganligi;
- qarzdorlikning da'vo qilish muddati o‘tganligi.
Quyidagi hollarda qarzdorliklar umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik deb e'tirof etilmaydi:
- hujjatlar bilan tasdiqlanmagan qarzdorlik;
- huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish bilan bog‘liq kechikishlardan hosil bo‘lgan qarzdorlik;
- da'vo muddati oralig‘ida qarz beruvchi tomonidan o‘z pul mablag‘lari yoki aktivlarini muddati o‘tkazib yuborilgan holda uzoq vaqt mobaynida qarzni undirish choralari ko‘rilmagan qarzdorlik;
- kafolatli (kafillik majburiyati olingan) qarzdorlik;
- solidar shartnoma shartlari asosida yuzaga kelgan qarzdorlik.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliq solish maqsadlari uchun qarzdorlikni bekor qilish mezonlari hisob siyosatida aniqlanishi lozim.
Tadbirkorlik sub'yekti tomonidan umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorlikni hisobdan chiqarishi uchun quyidagi hujjatlar jamlangan bo‘lishi zarur:
- to‘lov muddati aniq belgilangan shartnoma;
- shartnoma shartlariga muvofiq berilgan TMQni o‘tkazish bo‘yicha hisobvaraq-fakturalar hamda tovarlar (xizmatlar)ni qabul qilish dalolatnomalari;
- to‘lov topshiriqnomalari, oxirgi hisobot davrida tuzilgan inventarizatsiya hisoboti;
- umid qilib bo‘lmaydigan debitor qarzdorlikni hisobdan chiqarish yuzasidan chiqarilgan korxona rahbari farmoyishi;
- soliq to‘lovchi oldida debitor qarzdorlik yuzaga kelganligi yuzasidan moliyaviy operatsiyalarni tasdiqlovchi birlamchi hisob hujjatlari.
Soliq bazasiga tuzatishlar kiritish vaqtida uni amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatda turgan bo‘lishi lozim.
Hujjat 15.08.2020 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
14:08 / 13.11.2024
Toshkent viloyatida 3,3 trillion so‘mlik soliq qarzdorligi aniqlangan - Bosh prokuratura
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
10:18 / 02.11.2024
Chiqindidan qarzdorlar “svet”ga to‘lov qilolmaydi. Mas’ullar yangi tizim tartibini tushuntirdi
08:40 / 09.09.2024