AQSh Xalqaro jinoyat sudi xodimlariga qarshi sanksiyalar kiritdi
AQSh ma'muriyati Xalqaro jinoyat sudi (XJS) prokurori, amerikalik harbiylarning Afg‘onistondagi jinoyatlarini tergov qilayotgan Fatu Bensudaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
AQSh, shuningdek, sudning yurisdiksiya, komplementarlik va hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Fakiso Mochochokoni ham “qora ro‘yxat”ga kiritgan.
Sanksiyalar sudning ushbu xodimlarining AQShdagi aktivlari muzlatilishi va ularning AQShga kirishlariga taqiqlovni ko‘zda tutadi.
“Bugun biz keyingi qadamni amalga oshirmoqdamiz, chunki XJS, afsuski, amerikaliklarni nishonga olmoqda”, deb izoh bergan ushbu qarorga AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo.
Biroq Pompeo ushbu qarorni qabul qilish uchun turtki bo‘lgan aniq sababni ko‘rsatmagan. Davlat kotibi Bensuda va Mochochokoni moddiy qo‘llab-quvvatlashni davom ettiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga ham sanksiyalar qo‘llanishidan ogohlantirgan.
Pompeoning qo‘shimcha qilishicha, davlat departamenti AQShning Afg‘onistondagi harbiy kontingenti xatti-harakatlarini tergov qilishga aloqador boshqa shaxslarga ham AQShga kirishni chekladi. Biroq AQSh davlat kotibi aniq ismlarni keltirmagan.
11 iyunda AQSh prezidenti Donald Tramp XJSning Afg‘onistondagi harbiy jinoyatlarni tergov qilayotgan xodimlariga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan.
XJS prokurorlari 2003-2014 yillar davomida Afg‘onistonda sodir etilgan harbiy jinoyatlarni, bu jinoyatlarga toliblar, Afg‘oniston hukumati, AQSh harbiylari va Markaziy razvedka boshqarmasining aloqadorligini tergov qilmoqda.
Human Righs Watch huquqni himoyalash tashkiloti direktori Richard Diker ushbu sanksiyalarni tanqid qilib, AQShning amaldagi ma'muriyati “qonunbuzarlarni jazolash uchun ishlab chiqilgan sanksiyalarning asl mohiyatini buzib, aslida ularni xalqaro jinoyatlarni tergov qilish vazifasi topshirilgan shaxslarni ta'qib qilishda qo‘llayotganini” ta'kidlab o‘tgan.