Jamiyat | 22:02 / 05.09.2020
20230
5 daqiqa o‘qiladi

1000 ta jo‘ja bilan besh oyda kambag‘alchilikdan chiqish mumkinmi?

Past Darg‘om tumani «Qo‘qoni» mahallasida istiqomat qiluvchi Doston Tirkashev bilan suhbatimiz davomida ushbu savolga javob izladik. Va aytish mumkinki, qaysidir ma'noda bu yosh yigitda paydo bo‘lgan o‘ziga ishonch bizni mamnun qildi.

Dostonning otasi ayni vaqtda Rossiyada. Karantin sababli oilasining kundalik xarajati uchun ham mablag‘ yuborolmayapti. Aksincha, o‘zi qiyin ahvolga tushib qolgan. Oilada hech kim doimiy daromadga ega bo‘lmagani sababli vaziyat og‘irlashgan. Onasi, ukasi va singlisi bilan so‘nggi paytlarda ancha qiynalib qolishgandi. Shu sababli oila «Temir daftar» ro‘yxatiga kirgandi.

«Ochig‘ini aytaman, mahalladan bizga har safar yordam berilganda uyalardim, vijdonim qiynalardi. Mahalla qarashdi, o‘zim ham ularning yoniga kirib ishladim va uyimizni ta'mirladik. Kasb-hunar kollejini bitirganman, doimiy ishim bo‘lmagani sababli ro‘zg‘orimizda so‘nggi oylarda ancha yetishmovchilik bo‘lgani rost.

Ammo mahallamiz vakillari yaxshi taklif berishdi: «Jo‘ja olib beramiz, o‘zing parvarishlaysan, toza-ozoda qilib so‘yasan, uyingdan go‘shtini olib ketishadi», deyishdi. Hudud rahbari bo‘lgan tuman prokurori ham kelib ketdi, dalda berdi. Jo‘jalarni qanday boqishim, ozuqasi, suvi haqida tushuntirishdi. Shundan so‘ng tavakkal qilib mingta jo‘ja oldik. O‘zimizning og‘ilxonamizda joy tayyorlab, oilamiz bilan jo‘ja parvarishlashga kirishdik. Bir oyda tayyor bo‘ldi.

Tovuq go‘shtiga xaridor ham izlamadik. Biz shu ish bilan shug‘ullana boshlaganimizni bilgan xaridorlarning o‘zi kelib, uydan olib ketishdi. Birinchi safar besh millionga yaqin daromad oldik. Mana bu ko‘rib turganlaringizni boqayotganimga o‘n kuncha bo‘ldi. Bu safar besh million sof foyda olishni rejalashtirib turibmiz.

Ochig‘i, endi ishimni topdim. Nasib etsa, tez orada o‘zimizni tutib olamiz, boshqalarning ko‘magiga muhtoj bo‘lmaymiz», deydi Doston Tirkashev.

Doston yaqinda halol mehnat evaziga topilgan pulga oila quribdi. «O‘ttiz kishilik to‘y o‘tkazdik», deydi u.

Ular paxtadan boshqa ekinlarni ham yetishtira olishini isbotlamoqchi

Darhaqiqat, hammaning ham qo‘lidan keladigan ish bor. Doston o‘zi aytganidek, omadini parrandachilikda ko‘rmoqda. Yana kimdir o‘zining yeri bo‘lishi va unga ozgina dalda berilishiga muhtoj.

Masalan, tumanning «Beshbola» mahallasida istiqomat qiluvchi Oxun Donayev dehqonchilik qilishni istardi. Unga kooperatsiyalar tashkil qilingani, agar ishlayman desa, yer, o‘g‘it, urug‘lik olib beriladi va o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak bo‘ladi. Bu imkoniyat vaqtincha, albatta. Aytaylik, uning hozirgi sharoitidan kelib chiqib, uch yil davomida soliq to‘lamaydi, yangi o‘zlashtirilgan yerda oilasi bilan dehqonchilik qiladi.

Shundan so‘ng kooperatsiya rahbari bilan shartnoma asosida o‘sha yerda ishini davom ettirishi ham mumkin bo‘ladi. Kelishuv shunday. Bu taklifni Oxun bajonidil qabul qildi.

«Shu paytga qadar fermerning qo‘lida ishlaganman. Nolimayman, kun o‘tib turardi. Mehnatimizga yarasha ozroq g‘alla olardim.

Bu yil menga yigirma sotixdan ortiqroq yer berishdi. Uch yil davomida hech qanday to‘lovsiz foydalanaman. Birinchi yilga pomidor-bodring ekdim, peshma-pesh bozorga olib bordim, do‘konlarga tarqatdim. Qo‘lim pul ko‘rdi. Bolalarim, ayolim bilan deyarli har kuni shu yerda ishlaymiz. Kelasi yildan mevali daraxt ekishni rejalashtiryapmiz. Bog‘ oralariga ekin qilaman. Kooperatsiya rahbarlari qo‘llab turishsa, ikki-uch yilda o‘zimni ancha tutib olaman.

Shu o‘rinda bir gapni aytsam. Tan olish kerak, biz tomonlarda yillar davomida asosan paxta, nari borsa g‘alla ekilgan. Dehqonchilik borasida Toyloq, Bulung‘ur, jomboylik dehqonlar kabi ishning ko‘zini bilmaymiz. Xudoga shukur, yerimiz unumdor. Shunday ekan, odam qilgan ishni odam qiladi. Kelasi yildan yanada boshqacha, samarali ishlaymiz», deydi O.Donayev.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, tumanda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida Xitoy tajribasidan kelib chiqib, 3 ta qishloq xo‘jalik birlashmalari (kooperativlar) tashkil etilgan. Ularga 43,3 gektar yer maydoni ajratilgan. Lalmi yerlar o‘zlashtirilgan, artizian quduqlari qazilib, suv chiqarib berilgan.

Kooperativlarga 225 nafar ishsiz va kambag‘al fuqarolar a'zo bo‘lgan. 294,2 mln. so‘m miqdorida subsidiya berilgan. Ushbu fuqarolar asosan poliz mahsulotlari va sabzavot ekinlari ekishgan.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid