Sport | 16:26 / 05.09.2020
9264
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Sultonov Rowing&Canoe federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi

Bugun, 5 sentabr kuni ZOOM platformasida O‘zbekiston kanoeda eshkak eshish federatsiyasining navbatdan tashqari onlayn hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deya yozmoqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

«Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Energetika vazirligi rahbariyati, Rowing&Canoe federatsiyasi Ijroqo‘m a'zolari va murabbiylar ishtirok etishdi. Tadbirda kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masala federatsiya raisi Ahmedov Xudoyor Mamajonovichning o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish, X.Ahmedov o‘rniga yangi rahbar va unga o‘rinbosarlar saylash, Ijroqo‘m tarkibini qayta ko‘rib chiqish bo‘ldi.

Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan X.Ahmedovning arizasini qabul qilishdi. O‘z o‘rnida Xudoyor Mamajonovich salomatligi bois federatsiya faoliyatini boshqarishga vaqt ajrata olmayotgani, ortda qolgan 2 yildan ko‘proq vaqt davomida olib borilgan hamjihatlikdagi ish uchun tashakkur aytib o‘tdi. Shundan so‘ng federatsiya raisligiga O‘zbekiston energetika vaziri Sultonov Alisher Saidabbosovich nomzodi qo‘yildi. Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan A.Sultonov nomzodini qabul qilishdi va Alisher Saidabbosovich O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasining yangi raisi etib saylandi», - deyiladi MOQ xabarida.

Ma'lumot uchun, Sultonov Alisher Saidabbosovich 1967 yil 29 noyabr kuni tug‘ilgan. O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultonov sport oilasiga begona emas. Bu inson 2017 yanvar – 2018 yanvar davomila Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, keyinchalik 2018 yil dekabr oyigacha qo‘mita vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida o‘zbek futboliga, xususan ayollar futbolini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Shuningdek, ma'lum muddat O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini boshqargan. Uzoq yillar davomida «O‘zbekneftgaz» boshqaruvida faoliyat olib borgan. «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi.

Shuningdek, Qurbonov Shuhrat To‘rayevich federatsiya rahbarining o‘rinbosari bo‘ldi. Shundan so‘ng federatsiya Ijroiya qo‘mitasi va prezidiumiga kiruvchi rasmiylar tarkibini shakllantirish kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.

Mavzuga oid