O‘zbekiston | 15:40 / 06.09.2020
2964
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekgidroenergo»: Oqsu daryosida OTB bilan hamkorlikda yangi GESlar quriladi

«O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmati Oqsu daryosida 3ta GES qurish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 60 mln dollar kredit olinayotgani haqida xabar berdi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston prezidentining «2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi 2017 yil 2 maydagi qarori hamda «O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi 2020 yil 9 yanvaridagi qarorlarini ijro etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni izchillik bilan ko‘paytirish, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘laqonli ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida «Barqaror gidroenergetika» loyihasi doirasida Oqsu daryosida Rabat GES qurilishi, Oqsu daryosida Chappasuy GES qurilishi va Oqdaryo-Oqsu daryosida Tamshush GES qurilishi loyihalarini moliyalashtirish uchun 25 yil muddatga 60,0 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishi bo‘yicha zayom kelishuvi imzolandi.

Mazkur GESlar qurilishiga jalb etilgan kredit mablag‘lari hisobidan loyihalar doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida tender savdolari asosida tanlab olingan bosh pudratchi moliyalashtiriladi.

Oqsu daryosida Rabat GES qurilishi, Oqsu daryosida Chappasuy GES qurilishi va Oqdaryo-Oqsu daryosida Tamshush GES qurilishi investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanuvi O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 16 iyuldagi «Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan tartibda, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ekspertizadan o‘tkazilgan.

Umumiy qiymati 60,0 mln AQSh dollariga teng Rabat GES, Chappasuy GES va Tamshush GES qurilishi investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosnomasiga muvofiq, qurilish va montaj ishlari uchun jalb qilinayotgan kreditning 21,6 mln AQSh dollari, mashina va uskunalari uchun 23,6 mln AQSh dollariga teng qismidan foydalaniladi. Kreditning qolgan mablag‘lari loyihani boshqarish va salohiyatini oshirish, loyiha oldi xarajatlari hamda yuqori kuchlanish tarmog‘i uchun foydalaniladi.

Ushbu yangi GESlarni 2022 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Yangi GESlarning umumiy o‘rnatilgan quvvati 24 MVtni tashkil etadi: Rabat GES – 6,2 MVt, Chappasuy GES–7,5 MVt, Tamshush GES–10,3 MVt.

Mazkur loyihalar amalga oshirilishi – 97,5 mln. kVt/soat arzon va ekologik sof elektroenergiya ishlab chiqarilishi hamda yangi GESlarda 40dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish, mamlakat energetika balansida gidroenergetika ulushining o‘sishi va yoqilg‘i resurslarini tejash, tobora oshib borayotgan elektroenergiyaga bo‘lgan talabni qondirish imkonini beradi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan zamonaviy texnologiyalarga asoslangan «Loyihalar fabrikasi» mexanizmini joriy qilgan holda yangidan yangi loyihalarni uzluksiz ishlab chiqarilishi hamda bu boradagi ko‘lamli ishlar Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda jamiyat tomonidan joriy yilda «loyihalar fabrikasi» bo‘yicha dastlabki umumiy qiymati 1,57 mlrd dollarga teng, quvvati 907,5 MVt bo‘lgan 23ta investitsiya loyihasi tayyorlanmoqda, shundan qiymati 1,37 mlrd dollarlik 14ta loyiha doirasida 637,25 MVt yangi quvvatlar yaratiladi va qiymati 190 mln dollarlik 9ta loyiha doirasida 270,3 MVt quvvatlar modernizatsiya qilinadi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ mamlakatimizda e'lon qilingan karantin davrida ham karantin talablariga to‘liq amal qilgan holda aholiga uzluksiz arzon elektr energiyasini yetkazib berish borasidagi faoliyatini jadallik bilan olib borib, shu yilning o‘tgan 7 oyi davomida, umumiy quvvati 22,4 MVt bo‘lgan Shahrixon GESlar kaskadi Janubiy Farg‘ona kanali GES-2 va Qodiriya GESlar kaskadi GES-3ning modernizatsiyasi loyihalarini yakunlab foydalanishga topshirdi.

Yil yakuniga qadar quvvati 95,9 MVt ga teng qo‘shimcha 4ta loyihani, ya'ni Qamchiq GES va Zarchob kichik GESlar kaskadi GES–1 qurilishi hamda Toshkent GESlar kaskadi GES-9 va Quyi-Bo‘zsuv GESlar kaskadi GES-14 modernizatsiyasini yakunlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yil davomida foydalanishga topshirilgan loyihalar soni 6taga, qo‘shimcha quvvatlar hajmi 118,3 MVt ga va yaratilgan yangi ish o‘rinlari soni 100taga yetkaziladi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ
Axborot xizmati

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid