O‘zbekiston | 12:57 / 07.09.2020
5501
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilinishi kutilyapti

Mamlakatda yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari e'lon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish shartlari belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari tomonidan Mehnat kodeksiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Parlament saytida yozilishicha, amaldagi Mehnat kodeksi zamonaviy talablar va rivojlanish tempiga mos kelmaydigan jihatlar bor. Qonunda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olinmagan, ish beruvchilarni, xususan, qo‘shimcha odamlarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish masalasi kiritilmagan. Bugungi kunda mahsulot, tovarlar va xizmatlar uchun mavsumiy talabning oshib borishi yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini qabul qilish zaruratini tug‘dirmoqda.

Deputatlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari hamda jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi loyihasini qabul qilish uchun asoslar va undan kutilayotgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi normalarni o‘z ichiga oladi.

Unda ish beruvchi sub'yektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qat'i nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlarning alohida tarkibiy bo‘linmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda. Mazkur qoida ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlari doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi. 

Shu bilan birga, hujjatda mehnat shartnomasini tuzish bilan bog‘liq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda. Jumladan, ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladigan yoshga aniqlik kiritilib, ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilyapti. Mamlakatda yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari e'lon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish shartlari belgilanmoqda.

Mavzuga oid