Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya-Fransiya qarama-qarshiligi: ziddiyat olovi qachon so‘nadi?
Turkiya va Fransiya bugungi kunda O‘rta Yer dengizi sharqi va Liviya masalasi bo‘yicha kelishmovchiliklarda yashamoqda. Mazkur kelishmovchiliklar haqida fikr yuritish uchun esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning tarixiy ildiziga e'tibor qaratish darkor.
Masalaning orqa fonida nima turibdi?
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron so‘nggi kunlarda Turkiyaga qarshi chiqishlarini kuchaytirmoqda. Biroq bu keskinlik uzoq yillar davomida muntazam ravishda davom etib kelgan, deb aytish mumkin. Garchi so‘nggi paytlarda Sharqiy O‘rta yer dengizi va Liviya masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgan bo‘lsa-da, Fransiyaning xalqaro munosabatlarda va ayniqsa, Yevropa Ittifoqida yetakchi davlatga aylanish istagi masalaning orqa fonida yotibdi.
Boshlang‘ich nuqta – Armaniston muammosi
Ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatning boshlang‘ich nuqtasi – Armaniston muammosidir. 1980-yillarda Armanistonni ozod qilish arman maxfiy armiyasi (ASALA) tomonidan turkiyalik diplomatlarning nishonga olinishi va ushbu tashkilotning mamlakatdagi terroristik harakatlariga Fransiya tomonidan ko‘z yumilishi Parij va Anqara o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqardi.
Ushbu hujumlar natijasida ko‘plab turk diplomatlari halok bo‘lgan. 2000-yillar boshidan e'tiboran «Arman genotsidi» mavjud ekanini aytgan Fransiya hukumati kelishmovchiliklarning yanada chigallashishiga sabab bo‘ldi. Taxminan 700 ming armani yashaydigan Fransiya 2019 yil 24 aprelni «Arman genotsidini xotirlash kuni» sifatida qabul qildi.
Fransiya hukumatining kurdlar muammosiga munosabati
Tarixiy jihatdan ikki davlat o‘rtasidagi yana bir tortishuv mavzusi kurdlar masalasidir. Fransiya Turk Kurdiston ishchilar partiyasiga (Turkiyaning sharqiy va janubi-sharqiy qismi, Iroqning shimoli, Suriyaning shimoli-sharqi va Eronning shimoli-g‘arbiy qismini qamrab oladigan davlat tashkil etishni maqsad qilgan ayirmachilarning qurolli tashkiloti – tahr.) o‘z mamlakatida faoliyat yuritishga ruxsat bergani sababli aloqalar yanada yomonlashdi.
Kurdlar muammosining keskinlik sifatida paydo bo‘lish jarayoni Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Mitteran (1981-1995) davrida kurdlar harakati ochiq qo‘llab-quvvatlanishidan boshlangandi.
Bugungi kunda ham Fransiya ushbu tashkilot tarmoqlari bo‘lmish PYD (Demokratik ittifoq partiyasi – 2003 yilda kurdlar tomonidan Suriyaning shimolida tashkil etilgan siyosiy partiya – tahr.) va YPG (Xalq mudofaasi bo‘linmalari – Suriyada tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan Kurdlar Oliy qo‘mitasiga aloqador qurolli tashkilot – tahr.) a'zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda va bu holat ham ikki mamlakat o‘rtasidagi yana bir muammo sifatida alohida ajralib turibdi. Bundan tashqari, Fransiya Turkiyadagi kurdlar masalasi bilan shug‘ullanish barobarida Iroq yoki Erondagi kurdlar jamoatiga nisbatan ham siyosat yuritib kelmoqda.
Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zolik masalasi
Turkiya Fransiya bilan Yevropa Ittifoqiga a'zolik masalasida ham muammolarga duch kelgan. 1995-2007 yillarda Fransiyaga prezidentlik qilgan Jak Shirak garchi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, 1959 yildan 2007 yilga qadar rahbarlik qilgan fransuz prezidentlari orasida Turkiyaga tashrif buyurmagan yagona prezident sifatida tarixga kirdi. U 2006 yilda Armanistonga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida Turkiya Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lish uchun arman genotsidini tan olishi kerakligini aytadi. Shuningdek, 2004 yil oktabr oyida Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga ehtimoliy a'zoligi uchun Fransiyada bir referendum o‘tkazishni taklif qiladi.
Sharl de Goll ham 1963 va 1967 yillarda Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligi AQShning «troyan oti» sifatida qabul qilinayotgani tufayli Fransiya tomonidan rad etilgani kabi 2007 yil Fransiya prezidenti etib saylangan Nikolya Sarkozi tomonidan Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligi xususida noto‘g‘ri fikrlar bildirilishi ham dard ustiga chipqon bo‘ldi. Sarkozi o‘shanda Turkiyani Yepropadagi emas, Osiyodagi kichik davlat sifatida ko‘rgandi.
Fransiya xalqaro munosabatlarda yetakchi davlat bo‘lishni istaydi
Fransiya prezidenti Makronning Turkiyaga qarshi siyosati zamirida garchi Armaniston va Kurd masalasi turgan bo‘lsa-da, endilikda ushbu ikki mavzuga yangi sarlavhalar qo‘shildi.
2017 yilda ish boshlaganidan buyon Fransiya xalqaro munosabatlarda «pleymeykerlik» pozitsiyasiga ega bo‘lishini maqsad qilgan Makron Yevropa Ittifoqi tarkibidagi hukmron davlat va mintaqaviy masalalarda siyosatni belgilab beruvchi mamlakatga aylanishni ham ko‘zlamoqda.
Makron, bundan tashqari, 2018 yil noyabr oyida Yevropa Ittifoqi armiyasini tashkil etishni taklif qildi va ma'lum ma'noda NATOdan voz kechib, Fransiya faol kuch sifatida o‘rin oluvchi xalqaro armiyani tashkil etishni talab qildi. 2019 yil noyabr oyida esa «NATO miya falajiga duchor bo‘lgani»ni aytib, uning ittifoqchilari o‘rtasida muvofiqlashtirish yo‘qligini ta'kidladi. Albatta, buni ham Makronning xalqaro munosabatlarda yetakchi davlatga aylanish istagi bilan bog‘liq holda baholash mumkin.
Makron Germaniya kansleri Angela Merkelning 2021 yilda o‘z lavozimini tark etishi va Germaniyada unga muqobil yetakchining yo‘qligi xalqaro maydonda kuch bo‘shlig‘ini yuzaga keltirishiga ishonmoqda va bu bo‘shliqdan foydalanib, Fransiyani Yevropa Ittifoqining yetakchi va hukmron mamlakatiga aylantirishni maqsad qilmoqda. U Merkel yetakchi mavqega ega bo‘lgan Yevropa Ittifoqida yangi davrda bu rolni o‘z zimmasiga olishni istamoqda va shuning uchun ham faol siyosat yuritish orqali Yevropa Ittifoqi manfaatlari haqida qayg‘urishini ko‘rsatishga urinmoqda.
Mamlakatning yetakchi mavqega ega bo‘lishi uchun esa u o‘z ta'sir doirasidagi voqealarda hal qiluvchi kuchga aylanishi lozim. Ayni paytda Fransiya va Turkiyaning manfaatlari bir-biriga zid. Sharqiy O‘rta yer dengizi masalasidagi ziddiyatning asl sababi ham shundan kelib chiqmoqda.
Yevropa Ittifoqida yetakchi bo‘lishni ko‘zlagan Fransiya ittifoq a'zosi Kipr va Gretsiyaning yonida turib, Turkiyaning O‘rta Yer dengizidagi xatti-harakatlariga qarshilik ko‘rsatmoqda. Makron bu hol Yevropa Ittifoqi manfaatlariga ham ta'sir qilishini bildirish barobarida Turkiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llash kerakligini ta'kidlamoqda.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqiga Germaniya raislik qilmoqda va ushbu davlat Turkiya-Gretsiya inqirozini hal etishda vositachilik qilishni o‘z zimmasiga olgan. Ammo uning bu vazifasi, ayniqsa, Fransiya tomonidan keskin tanqid qilingani sabab zaiflashib qoldi. Endilikda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar, xususan, Fransiya tashqi siyosatni amalga oshirishda Turkiyani mintaqadan chiqarib yuborishga intilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, yana bir jihatga e'tibor qaratish zarur. So‘nggi kunlarda yuzaga kelgan Turkiya-Gretsiya muammosiga uchinchi davlatlarning qo‘shilishi ham masalani hal etishni imkonsiz holga keltirmoqda.
Mag‘ribda manfaatlar to‘qnashuvi
Yana bir bir tortishuv nuqtalaridan biri Liviya masalasidir. Mag‘rib bilan tarixiy aloqaga ega bo‘lgan Fransiya mintaqadagi mavjudligini davom ettirishni istamoqda. Boshqa tomondan, Turkiyaning O‘rta yer dengizi mintaqasida o‘z ta'sir doirasini oshirishi va shu sababli Liviyadagi ziddiyatli vaziyatga qo‘shilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Turkiyaning ushbu mintaqadagi faol rolini Fransiya o‘z ta'sir doirasiga nisbatan xavf sifatida ko‘rmoqda.
Garchi O‘rta yer dengizi va Liviya masalalarida Fransiya Yevropa Ittifoqining manfaatlarini ko‘zlayotganini bildirsa-da, aslida, Makron ko‘proq Fransiya manfaatlari haqida qayg‘urmoqda. Shuning uchun ham Yevropa Ittifoqidan vosita sifatida foydalanishga intilmoqda.
Turkiya mintaqadagi manfaatlaridan voz kechmoqchi emas. Xuddi shunday, Fransiya ham ortga qadam tashlamoqchi emas. Bu esa yaqin zamonlar ichida o‘zaro ziddiyatlar olovi vaqti-vaqti bilan alangalanib turishini anglatadi.
Otabek Tillayev tayyorladi
Mavzuga oid
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
08:50 / 08.06.2026
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
20:14 / 31.05.2026
Fransiyada ozdiruvchi dori sotib olganlarning xarajatlari qoplab beriladi
08:59 / 28.05.2026