Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
MDH Infratuzilmaviy rivojlanish jamg‘armasi tashkil etiladi
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Iqtisodiy forumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 9 sentabr kuni videokonferensiya shaklida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Iqtisodiy forumining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Hamdo‘stlik mamlakatlarining iqtisodiy va savdo idoralari rahbarlari qatnashdi. O‘zbekiston nomidan bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investitsiya va sanoat sohasida hamkorlik bilan bog‘liq masalalarning keng ko‘lami kiritildi. Ishtirokchilar ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda Hamdo‘stlikning alohida rolini bir necha bor ta'kidladilar. Ular Forumni koronavirus pandemiyasi fonida jahon iqtisodiyoti o‘zgarayotgan bir paytda MDH faoliyatining iqtisodiy ustuvorliklarini ishlab chiqish va barqaror rivojlanish masalalarini hal etish hamda mintaqaviy va global darajadagi dolzarb muammolarga qarshi choralar ko‘rish bo‘yicha nihoyatda muhim va samarali platforma deb hisoblashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tadbir doirasida pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish va Hamdo‘stlik mamlakatlarida iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Shu nuqtayi nazardan investitsiyaviy hamkorlikni va o‘zaro savdoni rivojlantirish, shuningdek, transport-kommunikatsiya aloqalarini tiklashga qaratilgan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni ishlab chiqishda mamlakatlararo hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Pandemiya davrida biznes olamining salmoqli qismini, eng muhim davlat va ta'lim xizmatlarini onlayn rejimga o‘tkazish tajribasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning ulkan salohiyatini hamda iqtisodiyot va jamiyatning taraqqiy etish jarayonlarini jadal ravishda raqamlashtirish zaruriyatini ko‘rsatganligi ta'kidlandi.
Shu munosabat bilan Hamdo‘stlik mamlakatlarining MDH makonida raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat sohasida hamkorlik qilishning qo‘shma dasturini ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi. Bu savdo, moliya va investitsiyalar, transport, bojxona-tarif tartibga solish, migratsiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni tubdan takomillashtirish imkonini beradi.

Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashning dolzarbligiga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va mazkur yo‘nalishda mintaqaviy ahamiyatga ega qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi istiqbollari muhokama qilindi, bu esa MDH makonining tranzit salohiyatidan yanada samarali foydalanish imkonini berib MDHga a'zo davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar MDHga a'zo mamlakatlarning hududlari o‘rtasidagi infratuzilmani rivojlantirish va aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta'kidladilar va shu munosabat bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni moliyalashtirish uchun MDH Infratuzilmaviy rivojlanish jamg‘armasini tashkil etish tashabbusini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, MDH mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya va sanoat aloqalarini faollashtirish maqsadida O‘zbekiston tashabbusi bilan muntazam ravishda “Tadbirkorlik tashabbuslari haftaliklari” tashkil etiladi va bu Hamdo‘stlikka a'zo davlatlarga iqtisodiy hamkorlik masalalari yechimlariga ko‘p tomonlama formatda yondashish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar MDHda uzoq muddatga mo‘ljallangan ko‘p qirrali savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni izchil rivojlantirishni ta'minlash maqsadida muhokama etilgan yo‘nalishlar doirasida amaliy hamkorlikka o‘tishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mavzuga oid
13:33 / 12.03.2026
Moldova hukumati mamlakatning MDHdan chiqishini ma’qulladi
18:39 / 24.02.2026
«Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi tashkil qilinadi
08:30 / 20.01.2026
Moldova MDHdan chiqish jarayonini boshladi
21:46 / 31.12.2025