BMT: Karantinga qaramay, issiqxona gazlari yangi rekord darajaga yetdi
Yer atmosferasidagi issiqxona gazlarining ulushi bu yil rekord darajaga yetdi. Pandemiya sabab sanoat korxonalari ishi bir muddat to‘xtab qolgani, transport qatnovlarining kamaygani zaharli gazlar qisqarishiga deyarli ta'sir ko‘rsatmadi, deya BMT tahlillarini keltirmoqda Reuters.
Yil boshida atmosferadagi issiqxona gazlarining miqdorida qisqa, biroq keskin pasayish sezilgandi. Shunga qaramay, hozirgi ko‘rsatkich oxirgi 3 million yil ichida eng yuqorisi hisoblanadi.
«Karantin davrida juda ko‘p mamlakatlarda zaharli gazlarning pasayishi kuzatilgandi. Ammo bu butun dunyodagi umumiy natijani o‘zgartirolmadi», – deydi BMTning Butunjahon meteorologik tashkiloti rahbari Peteri Talas.
Joriy yilning aprel oyida zaharli gazlar miqdori o‘tgan yilgiga nisbatan 17 foizga kamaygan, ammo bu ham maqtagulik holat emas – o‘sha oyda issiqxona gazlari 2006 yildagi darajaga tushdi xolos.
Iyun oyi boshlariga kelib, sanoat korxonalari deyarli to‘liq ko‘lamda qayta ishlay boshlagach, chiqindilar miqdori 2019 yildagi holatiga yaqinlashdi. Umuman, 2020 yilda ishlab chiqarish chiqindilari o‘tgan yilgidan 7 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.
«Biz iqlimdagi favqulodda vaziyatni vaqtida tushunib yetolmayapmiz. Buning oqibati esa dunyoning istalgan joyida ko‘rinib turibdi», – dedi mazkur hisobot bilan BMTning Nyu-Yorkdagi bosh shtab kvartirasida chiqish qilgan bosh kotib Antonio Guterrish.
Karbonat angidrid gazlari darajasi o‘sib bormoqda
BMT hisobotida issiqxona effektini chaqiruvchi chiqindilar va global harorat darajasi, bu omillarning Yerdagi okeanlar va muzli mintaqalarga ta'siri haqida so‘z boradi. Unga ko‘ra, karbonat angidrid gazining atmosferadagi konsentratsiyasi iyul oyida millionga 414,38ni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2019 yil iyulida 411,74ga teng bo‘lgan.
Olimlar havodagi karbonat angdrid gazi miqdorining millionga 350 ulushini insoniyat uchun xavfsiz deb hisoblaydilar. Bunday xavfsiz daraja 1988 yilda qayd etilgan edi.
CO2 darajasi ko‘tarilishi bilan, global iqlim ham sanoatgacha bo‘lgan davrdagidan taxminan 1,1 darajaga ko‘tarildi. Olimlarning ta'kidlashicha, haroratning yana 1,5 yoki 2 darajaga ko‘tarilishi butun dunyo uchun keskin oqibatlarni (qurg‘oqchilik, dovullarning kuchayishi, dengiz sathining favqulodda ko‘tarilishi) keltirib chiqaradi.
Hisobotda iqlim o‘zgarishi yuz millionlab odamlarni suv toshqini xavfi ostida qoldirishi, toza ichimlik suvi muammosi jiddiylashishi ta'kidlangan.
Asr o‘rtalariga kelib, suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashovchi odamlar soni bo‘yicha prognoz 1,9 milliarddan 3,2 milliard kishiga oshirilgan.
Mavzuga oid
07:50 / 22.11.2024
BMT RFning Dniproga ballistik raketa zarbasidan xavotirda
15:22 / 21.11.2024
Bokudagi COP29: iqlim o‘zgarishiga moslashish xarajatlarini kim to‘laydi?
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
16:16 / 16.11.2024