O‘zbekiston | 17:19 / 13.09.2020
11218
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ishlari agentligining qarorlari bajarilishi majburiy etib belgilandi

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Adliya vazirligi nizomdagi muhim jihatlarni sanab o‘tdi.

Nizomga ko‘ra, Agentlikning qabul qilgan qarorlari davlat organlari, boshqa tashkilot va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Agentlik yuridik shaxs hisoblanib, o‘z nomi yozilgan va Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

Agentlik tizimiga agentlikning markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, «Yoshlar media xoldingi» AJ kiradi.

Hududiy bo‘linmalar (tumanlar va shaharlar bo‘limlari bundan mustasno) yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritadi.

Agentlikning asosiy vazifalaridan biri – yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosatini, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Yoshlar ishlari agentligi shu yilning 30 iyunida qabul qilingan prezident farmoni bilan tashkil etilgandi.

O‘z navbatida, Yoshlar ittifoqi nodavlat-notijorat tashkilot sifatida faoliyatini davom ettiradi. Ittifoq yetakchisi bo‘lib kelgan Alisher Sa'dullayev agentlik direktori etib tayinlangan.

Mavzuga oid