Jamiyat | 16:38 / 19.09.2020
8425
3 daqiqa o‘qiladi

Bolamni quchib Hind sori yuzlandim...

Esingizdami, saytimizda murakkab dardga chalingan Fazilat Saminjonova haqida “17 yashar qizimning jussasi 7 yashardek, uni murakkab operatsiyalar kutmoqda” sarlavhali xayriya maqolasi e'lon qilgandik. Unda bemorning onasi Shahlo Esonboyeva farzandining jiddiy operatsiyasi uchun mablag‘ zarurligini yig‘lab so‘zlab bergandi. Fazilatga shifokorlar “Xondrodisplaziya” tashxisini qo‘yishgan va bu tug‘ma suyak kasalligi bo‘lib, juda kam uchraydi hamda ancha og‘ir kechadi. Bugun ular Hindistondalar. Ammo vaziyat yana murakkablashgan...

 – Yaxshi insonlar – Siz azizlarning ko‘magingiz bilan mablag‘imiz ozroq bo‘lsa-da, Hindistonga qarab yo‘lga chiqdik. Chunki ortiq kuta olmasdik, buyog‘i pandemiya tufayli ko‘p rejalar o‘zgarib ketdi, keyin qizimning ham ahvoli og‘irlashayotgandi. To‘plagan pullarimizning bir qismini tekshiruvlarga sarflab qo‘ydik, sababi, qizimda yondosh kasalliklar ham topildi, – dedi biz bilan masofaviy suhbatda Shahlo Esonboyeva.

Ayni operatsiyaga kiramiz deganimizda pulni to‘liq to‘lashni talab qilishdi, bizda esa 4,5 ming  dollar (taxminan 46 mln so‘m) yetmay turgandi. Qizimning jussasi kichik bo‘lsa-da, hammasiga aqli yetib turibdi, bu joylarga kelishni, operatsiya qildirishni yillar davomida orzulagan. Hozir uning mo‘ltirab qarashiga chidab tura olmayapman, – deydi yig‘lab onaizor.

Oldin aytganimday uyimiz ham yo‘q, ijarada yashaymiz, bo‘lsa o‘ylanmay sotib yuborardim. O‘zimda ham ikkinchi guruh nogironligi bor. O‘zga yurtdamiz, bu yerda hech kimni tanimaymiz, kimdan yordam olishni ham bilmaymiz. Bor umidim yana aziz yurtdoshlarimdan, men muhtoj musofirga yordam bering, butun umr sizni duo qilib o‘tay, – deya so‘zlarini yakunladi ko‘zda yosh bilan Fazilatning onasi.

Fazilat Saminjonovaga oid ma'lumotlar:

Plastik karta:

8600 0423 0909 3176 (Agrobank, onasi Shahlo Esonboyeva nomida)

8600 1404 9016 1099 (Ipak yo‘li banki, onasi Shahlo Esonboyeva nomida)

Viza: 4023 0601 0938 1099

Sberbank: 5469 3800 1743 2856

Aziz saxovatli yurtdoshlar! Yana bir ojiza va musofir hammamizdan yordam kutayapti. Imkoni borlar ataganlari bilan, hozircha qo‘li qisqalik qilib turganlar duolarida Fazilatning darddan forig‘ bo‘lishlarini so‘rab qo‘yishlarini so‘rab qolamiz. Siz hech kimni noumid qoldirmagansiz.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid