Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT bosh kotibi AQShga Eronga qarshi sanksiyalarni tiklashni rad etdi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQShning murojaatiga ko‘ra Eronga qarshi sanksiyalarni tiklashni boshlay olmaydi. Bu haqda Guterrishning BMT Xavfsizlik kengashi raisiga yo‘llagan maktubida aytilgan.
BMT bosh kotibi 20 sentyabrda Vashingtonning sanksiyalar qaytarilishi haqidagi 20 avgustdagi murojaatiga qaramay, BMT Xavfsizlik kengashi tegishli qaror qabul qilmaganini eslatib o‘tgan. Bundan tashqari, Xavfsizlik kengashining ko‘pchilik a'zolari AQSh Eron bilan yadro kelishuvi ishtirokchisi emasligini hisobga olib, sanksiyalar tiklanishiga qarshi chiqqan.
Guterrishning aytishicha, 2231-sonli rezolyutsiyada ko‘zda tutilgan jarayonni boshlash borasida aniqlik yo‘qligi sababli biror-bir harakatni amalga oshira olmaydi.
19 sentyabrda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo BMTning Eronga qarshi sanksiyalari xalqaro tashkilotning noroziligiga qaramay kuchga kirganini ma'lum qilgan. Pompeo sanksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarga amal qilmaydigan davlatlar jazolanishidan ogohlantirgan. Davlat kotibi AQSh yaqin kunlarda BMT sanksiyalari amalga oshirilishini mustahkamlash va Eronni javobgarlikka tortish bo‘yicha qo‘shimcha choralar e'lon qilishini ma'lum qilgan.
Eronning BMTdagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravonchiy Pompeoning bu bayonotiga izoh berib, Xavfsizlik kengashi a'zolari AQShning Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash haqidagi bayonotini rad etishlariga umid bildirgan.
2018 yilda Vashington Eron bilan yadro kelishuvidan chiqib ketgan. Shundan keyin AQSh Eronga maksimal bosim o‘tkazish kampaniyasini boshlagan.