O‘zbekiston | 13:41 / 21.09.2020
54280
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududiga salqin va quruq havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda

Bugun O‘zbekistonda havo ochiq va iliq, harorat shu kunning iqlimiy me'yorlariga yaqin bo‘lib, 25-30 darajani tashkil qiladi. 

Kunning ikkinchi yarmida bulutlar ko‘paya boshlaydi, kechga borib va tunda respublikaning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor, deb xabar bermoqda «O‘zgidromet».

Ertadan mamlakat hududiga salqin va quruq havo oqimining kirishi kutilmoqda, ushbu oqim ish haftasining oxirigacha respublikadagi ob-havoni belgilaydi. 

Harorat foni hamma joyda 2-4 darajaga pasayadi. Bu davrda asosan kechasi 8-13 daraja, kunduzi 22-27 daraja iliq bo‘ladi.

Keyinchalik sentabr oyining oxirigacha butun O‘zbekiston hududi bo‘yicha oyning oxiri uchun xos bo‘lgan havoning saqlanib turishi kutilmoqda. Bu davrda yog‘ingarchilik ehtimoli kam. 

Uraldan salqin havo kirib turishi hisobiga harorat foni respublika bo‘yicha me'yordan 3-4 darajaga past bo‘ladi. Harorat kechasi 7-12, kunduzi 20-25 darajani tashkil qiladi.

Mavzuga oid