Jahon | 00:21 / 25.09.2020
7199
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada kunlik kasallanish bo‘yicha antirekord o‘rnatildi

Foto: Reuters

Britaniyada 24 sentyabrda koronavirusga chalinish bo‘yicha 6,6 mingdan ko‘proq yangi holat qayd etildi. Bu esa pandemiya boshidan beri mamlakat uchun antirekord hisoblanadi.  

Britaniyada so‘nggi sutkada 6634 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Mamlakatda jami kasallanganlar soni 416 mingdan oshib ketdi. Shu bilan birga, so‘nggi sutkada virusdan 40 kishi vafot etgan. 

Britaniyaning aholi sog‘lig‘ini saqlash departamenti direktori Ivonn Doylning ta'kidlashicha, oxirgi hafta ichida kunlik kasallanish holatlari soni 2 barobarga oshgan: o‘tgan payshanba, 17 sentyabrda 3395 kishida koronavirus aniqlangan.

Doylning aytishicha, kasallanish holatlari soni oshishi barcha yosh guruhlarida kuzatilmoqda. 

“Barchamiz koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun kiritilgan yangi choralarga amal qilishimiz lozim”, deb aytgan Doyl. 

Britaniyada iyun oxiridan avgust boshigacha kasallanish holatlari kamayib, kuniga ming holatdan kamroq darajagacha tushgan edi. Biroq shundan keyin ko‘rsatkichlar yana o‘sa boshlagan.

21 sentyabrda mamlakatning bosh sanitar vrachi Krisa Uitti Britaniya koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning kritik nuqtasiga yetganini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid