Jahon | 22:00 / 27.09.2020
97278
14 daqiqa o‘qiladi

Tog‘li Qorabog‘da yana urush, Armaniston va Ozarboyjonda harbiy holat: So‘nggi ma'lumotlar

Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashgani tufayli Armaniston va Ozarboyjonda harbiy holat e'lon qilindi. Yakshanbaga o‘tar kechasi va tongda Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘ida arman va ozar harbiylari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Ikki tomondan ham qurbonlar bor.

Foto: Reuters

Ikki tomon bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda.

Hozirgacha nimalar bo‘ldi?
Ozarboyjon mudofaa vazirligi yakshanba tongida Armaniston tomoni Tartar, Jabroyil va Fuzuliy aholi punktlarini o‘qqa tutgani, Ozarboyjon armiyasi tinch aholini himoya qilish uchun keng ko‘lamli qarshi hujum boshlaganini ma'lum qildi.

Armaniston esa birinchi bo‘lib Ozarboyjon o‘t ochganini aytmoqda. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 8:00da havodan hujum boshlab, raketalar uchirganini ma'lum qildi.

To‘qnashuvlardan keyin ikki tomon ham harbiy holat joriy etilgani haqida ma'lum qildi. Armaniston butun hududida, Ozarboyjon mamlakatning bir qismida harbiy holat joriy etgan. Yerevan 55 yoshgacha bo‘lgan erkaklar uchun umummilliy safarbarlik e'lon qilgan.

Arman inqilobiy federatsiyasi (ARF) harbiy xizmatchilari va vakillari Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat tufayli ko‘ngillilarni o‘z safiga yig‘moqda / MELIK BAGHDASARYAN\TASS

Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan ijtimoiy tarmoqlar orqali Armaniston fuqarolarining 10 ming nafari Qorabog‘ga ko‘ngilli sifatida yo‘l olishga tayyorligi haqida xabar tarqatdi.

Yo‘qotishlar
Armaniston tinch aholi orasida ikki kishi halok bo‘lganini ma'lum qildi, Ozarboyjon 5 kishidan iborat bir oila qurbon bo‘lgani va 19 kishi jarohatlanganini tasdiqladi.

Bundan tashqari, arman harbiylari 16 askar halok bo‘lganini ma'lum qildi, avvalroq yuzga yaqin qurbon berilgani xabar qilingandi. Ozarboyjon harbiylar orasidagi yo‘qotishlari haqida rasman ma'lumot bermagan, Armaniston tomoni 200ga yaqin ozar harbiylari halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

Kun davomida ziddiyat tomonlari dushman harbiy texnikalari yo‘q qilingani haqida xabarlar berishdi va buning isboti sifatida videolavhalar tarqatishdi.

Armaniston mudofaa vazirligi 27 sentabr kuni Ozarboyjon tanklari va harbiylari Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘iga hujum uyushtirgani tasvirlarini tarqatdi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi armiya faqat tinch aholi punktlariga uyushtirilgan hujumlarga javob qaytargani va Armaniston harbiy-havo kuchlarining 12ta zenit-raketa majmuasi yo‘q qilinganini bildirdi.

Ozarboyjon tomoni mamlakat armiyasi butun front chizig‘i bo‘ylab qarshi hujumga o‘tganini ma'lum qildi.

Vazirlik ma'lumotida qayd etilishicha, Armaniston qurolli kuchlarining jangovar faollashuvining oldini olish va tinch aholi xavfsizligini ta'minlash uchun Ozarboyjon armiyasi qo‘mondonligi butun front chizig‘i bo‘ylab hujum boshlashga qaror qilgan.

«Bizning shaxsiy tarkib va tank qismlarimiz raketa-artilleriya bo‘linmalari, aviatsiya va uchuvchisiz uchish qurilmalari ko‘magida front chizig‘ida va ichkarida ko‘plab arman kuchlarini, harbiy obektlarni va harbiy texnikalarni aniqladi hamda yo‘q qildi», deyilgan xabarda.

Mudofaa vazirligi Ozarboyjon harbiy-havo kuchlari jangovar vertolyoti Tartar yo‘nalishida urib tushirilgani, ekipaj a'zolari omon qolganini xabar qilgan, Armaniston havo hujumidan mudofaa tizimlari «Osa» rusumli 12ta zenit-raketa majmuasini yo‘qotgani qo‘shimcha qilingan.

Armaniston tomoni ma'lumotiga ko‘ra esa, dushmanning ikkita vertolyoti va uchta droni urib tushirilgani, shuningdek, uchta tank yo‘q qilingani, ozar askarlari halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Avvalroq tan olinmagan Tog‘li-Qorabog‘ respublikasi prezidenti Araik Arutyunyan Qorabog‘da harbiy holat va umummilliy safarbarlik e'lon qilingani haqida e'lon qilgandi. 

Uning matbuot kotibi Vagram Pogosyan feysbukdagi sahifasida prezident tez orada Qorabog‘ xalqiga mavjud murakkab vaziyat yuzasidan murojaat qilishi haqida aytgan.

Pogosyanning tasdiqlashicha, tinch aholi punktlari, xususan, poytaxt Stepanakert artilleriya hujumiga uchragan.

Armaniston mudofaa vazirligi 27 sentabr kuni Ozarboyjon tanklari va harbiylari Tog‘li Qorabog‘ tutashuv chizig‘iga bostirib kirgani aytilgan videoyozuvni e'lon qildi. Videoda tanklardan biri portlab yonib ketganini ko‘rish mumkin.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi arman tomonining harbiy texnikalar yo‘q qilingani haqidagi ma'lumotini rad etgan.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi arman tomonining ozarlarning harbiy texnikalari yakson etilgani haqidagi xabarlarini rad etmoqda

«Ozarboyjon armiyasining uch tanki, ikki vertolyoti va uchta uchuvchisiz uchar qurilmasi yakson etilgani haqidagi Armaniston tomoni tarqatgan ma'lumot yolg‘on. Xabar qilamizki, bizning bo‘linmalarimiz frontda raqibdan to‘la ustun», degan agentlikka Ozarboyjon mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Ozarboyjon Bosh prokuraturasi tinch aholi orasida 14 kishi jarohatlangani haqida ma'lum qilgan. BBC bu masalada mustaqil manbalardan ishonchli ma'lumot ololmagan.

Hukumatlar nima demoqda?

 

Ozarboyjon davlat televideniyesida chiqish qilgan prezident Ilhom Aliyev bugungi kunda mintaqada Armaniston xavf manbayiga aylangani haqida gapirdi. AZERI TV

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini rasman tan olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida gapirdi. Pashinyan millatga murojaatida Ozarboyjon butun arman xalqiga urush ochgani, ammo armanlar bunga tayyorligi haqida gapirgan. Pashinyan Ozarboyjon tomonining harakatlarini «keng ko‘lamli provokatsiya» deb atagan.

Yakshanba kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev millatga telemurojaat qildi va bu «Armaniston tomonining navbatdagi harbiy buzg‘unchiligi» ekani haqida gapirib, Armaniston qurolli kuchlari tomonidan o‘t ochilishi oqibatida aholi va harbiylar orasida «qurbonlar va jarohatlanganlar» borligini ma'lum qildi.

Davlat televideniyesi orqali chiqish qilgan Aliyev Armaniston xavf manbayiga aylanganini ta'kidlagan.

U shuningdek, Ozarboyjon Armanistonning harakatlarini javobsiz qoldirmasligi haqida gapirgan.

«Ayni vaqtda raqib pozitsiyalariga zarbalar berilmoqda, harbiy texnikalar yo‘q qilinmoqda», degan Aliyev.

Keyinroq Ilhom Aliyev mamlakat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Qorabog‘dagi vaziyatni tartibga solishni «Ozarboyjonning tarixiy vazifasi» deb atagan va Boku «chala qarorlar» bilan kelishmasligini bildirgan.

«Men ko‘p marta aytganman, bugun ham takrorlamoqchiman, bu masalani shunday hal qilishimiz kerakki, Ozarboyjon xalqi bundan rozi bo‘lsin. Biz tarixiy adolatni tiklashimiz kerak. Biz buni Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tiklash uchun qilishimiz kerak», deya qayd etgan Aliyev.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Qorabog‘dagi mojaro bir necha o‘n yildan buyon davom etmoqda (arxiv foto)

SSSR qulashidan avval, 1991 yilda Ozarboyjon va Armaniston ittifoq tarkibida bo‘lgan, ammo Qorabog‘ nizosi ittifoq parchalanishidan uch yil avval, 1988 yil fevralida boshlangan, o‘shanda Tog‘li-Qorabog‘ avtonom oblasti Ozarboyjon SSR tarkibidan chiqqanini e'lon qilgandi.

1992-1994 yillar davomida ikki respublika o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar natijasida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazoratni qo‘ldan boy bergan. 1992 yilda bu ziddiyatni hal qilish bo‘yicha uch vositachi davlat - Rossiya, AQSh va Fransiya ishtirokida YeXHTning Minsk guruhi tuzilgan.

Yerevan rasman Tog‘li-Qorabog‘ respublikasini tan olmaydi, ammo tan olinmagan respublikaning budjeti va armiyasi Armaniston bilan yaqin aloqada hisoblanadi.

2020 yil aprelida pandemiya avj olgan vaqtda Qorabog‘da prezidentlik saylovlari o‘tkazildi va saylovlarning ikkinchi turida Araik Arutyunyan 80 foiz ovoz oldi.

Yevrokomissiya saylov natijalari Tog‘li Qorabog‘ning yakuniy maqomiga yoki muzokaralar jarayoni natijalariga hech qanday ta'sir ko‘rsatmasligini ta'kidlagan, YeI bu saylovlar uchun konstitutsion va huquqiy asoslarni tan olmasligini bildirgandi.

Ozarboyjon ham Tog‘li Qorabog‘dagi saylov natijalarini tan olmagan.

Turkiyaning roli
Turkiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarboyjonni to‘la qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar Armanistonni Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni keskinlashtirishda aybladi va Yerevandan Ozarboyjonga qarshi «argessiyani to‘xtatish»ni talab qildi.

«Ozarboyjon hududiy yaxlitligini saqlash uchun kurashda Turkiya ozar birodarlar tomonida turadi va bor imkoniyatlarini ishga soladi», degan vazir tvitterdagi sahifasida.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uning mamlakati avvalgidek Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi.

«27 sentabr kuni Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qildi. Turkiya prezidenti Ozarboyjon davlat rahbariga va xalqiga Armaniston harbiy provokatsiyasi oqibatida Ozarboyjon harbiy xizmatchilari va tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi», deya Aliyevning matbuot xizmatidan iqtibos keltirgan RIA Novosti.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan jahon hamjamiyatidan Turkiyaning Qorabog‘ ishiga aralashuviga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.

«Biz Janubiy Kavkazdagi katta urush yoqasida turibmiz, buning oqibatida juda ayanchli hodisalar yuz berishi mumkin. Urush hudud chegaralaridan chiqishi va keng miqyosdagi harbiy harakatlarga aylanishi hech gap emas. Jahon hamjamiyatidan barcha kuchlarni safarbar etgan holda Turkiyaning mazkur mojaroga aralashmasligini ta'minlashni so‘rayman», deya Armaniston hukumat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan «TASS».

«Yangi omil - bu yil Ozarboyjon Turkiya tomonidan ochiq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Armaniston bilan harbiy ittifoqchi bo‘lishiga qaramay Rossiyaning pozitsiyasi Ozarboyjon bilan qalin aloqalar tufayli noaniq», deb hisoblaydi britaniyalik tahlilchi, Moskvadagi Karnegi markazining katta ilmiy xodimi Tom de Vaal.

Uning fikricha, hozirda zo‘ravonlik to‘xtatilishi uchun YeXHTning Minsk guruhi ishtirokchilari Fransiya, AQSh va Rossiya qat'iy tashabbus ko‘rsatishi talab etiladi.

Xalqaro hamjamiyat reaksiyasi
Qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar ro‘y bergan voqealardan jiddiy tashvish bildirib, kuch ishlatmaslikka va zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi o‘zining rasmiy bayonotida tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun muzokaralar boshlashga chaqirgan.

Unda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning Armaniston TIV rahbari Zograb Mnatsakanyan bilan telefon orqali muloqot qilib, Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘ida olib borilayotgan harbiy harakatlardan jiddiy tashvishda ekanini bildirgan.

Lavrov Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li bilan ham Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Ikki vazir mintaqada o‘t ochish to‘xtatilishi va vaziyat barqarorlashishi kerakligini qayd etishgan.

RF TIV Lavrov tez orada Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri bilan ham muzokara o‘tkazishini xabar qilgan.

Bu vaqtda Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (KXShT/ODKB) matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov RIA Novosti uchun bergan intervyusida Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish to‘xtatilishi kerakligi haqida gapirdi.

«Biz bu ziddiyat faqat tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak deb hisoblaymiz. Buning uchun xalqaro tan olingan mexanizm - mojaroni hal qilish ustida ishlovchi YeXHTning Minsk guruhi mavjud», degan u.

Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha YeXHTning Minsk guruhi tarkibidagi Fransiya ham tomonlarni harbiy harakatlarni to‘xtatishga va muloqot boshlashga chaqirgan.

Fransiya TIV xabariga ko‘ra, Fransiya Tog‘li Qorabog‘dagi keng ko‘lamli to‘qnashuvlardan va buning oqibatida qurbonlar, jumladan, tinch fuqarolar orasida halok bo‘lganlar borligidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirgan.

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel tvitterdagi sahifasida Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘xtatib, muzokaralar boshlashga chaqirgan.

Yevropa kengashi bosh kotibi Mariya Peychinovich-Burich ham tomonlarni tinchlikka chaqirgan va bu ikki davlatni kengashga a'zo bo‘lib kirishda olgan majburiyatlarini - ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etish majburiyatini eslatgan.

«Men Yevropa kengashi nomidan ikki a'zo davlatimizni insonlar hayoti himoyasi uchun imkon doirasidagi barcha ishni qilishga va harbiy ziddiyatga bormaslikka chaqiraman. Vaziyat keskinlashishini to‘xtatish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish kerak», degan Mariya Peychinovich-Burich.

Vatikanda yakshanba ibodati vaqtida Rim papasi Fransisk Avliyo Pyotr maydoniga yig‘ilganlarni birgalikda Kavkazda tinchlik bo‘lishi uchun duo qilishga chaqirgan.

Mavzuga oid