Jahon | 14:15 / 28.09.2020
34136
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon prezidenti qisman safarbarlik haqida e'lon qildi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashishi munosabati bilan mamlakatda qisman safarbarlik boshlanishi haqida e'lon qildi. Davlat rahbari saytida Aliyevning shu haqdagi farmoyishi matni joylashtirilgan.

Foto: Sergey Bobilev/TASS

Farmoyishga ko‘ra, Ozarboyjon safarbarlik chaqiruvi davlat xizmati «tasdiqlangan rejaga muvofiq harbiy xizmatchilar chaqirilishini ta'minlashi» kerak.

Hujjat 28 sentyabrdan kuchga kirgan.

Avvalroq Ozarboyjonning barcha hududlarida harbiy holat joriy etilgani xabar qilingandi.

27 sentabr kuni tongda Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida harbiy ziddiyat tiklandi. Ikki mamlakatda ham harbiy holat e'lon qilingan.

Armaniston va Tog‘li Qorabog‘da ham umummilliy safarbarlik e'lon qilingan.

Dushanba kuni ham harbiy harakatlar davom etmoqda. Ayni vaqtda Qorabog‘ning shimoliy, shimoliy-sharqiy va janubiy qismlarida janglar olib borilmoqda. 

«Interfaks» agentligi xabariga ko‘ra, harbiy holat joriy etilishi tufayli Geydar Aliyev nomidagi Boku xalqaro aeroporti faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Avvalroq «Ozarboyjon avialiniyalari» (Azal) aviakompaniyasi Boku-Naxchivan-Boku yo‘nalishidagi reyslarini bekor qilgandi.

Bundan tashqari, Azal aviakompaniyasi 1 oktabr kungi Boku-London-Boku reysi va 2 oktabr kungi Boku-Berlin-Boku reysini ham bekor qilgan. Shuningdek, 29 sentyabrdan 4 oktyabrgacha bo‘lgan muddatda FlyDubai, «Aeroflot», «Belavia» aviakompaniyalari reyslari ham bekor qilingan.

Mavzuga oid