Jamiyat | 23:59 / 30.09.2020
9510
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tuman deputatligiga saylanishda yordam berish uchun 3000 dollar so‘ragan deputat qo‘lga olindi

Toshkent shahrida Xalq deputatlari tuman kengashlaridan birining deputati bo‘shab qolgan joylar uchun tuman kengashi deputatligiga saylanishda yordam berishni va'da qilib, bir fuqarodan 3000 dollar so‘ragan. Mazkur deputat avans sifatida 1500 dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Huquq-tartibot idoralari Toshkent shahri, Sirdaryo, Andijon, Samarqand va Jizzax viloyatlarida deputatlikka saylash, ish va o‘qishga joylashtirish, paxta terimini tashkil qilish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari haqida ma'lumot berdi.

Toshkent shahrida Xalq deputatlari tuman kengashlaridan birining deputati bo‘shab qolgan joylar uchun tuman kengashi deputatligiga saylanishda yordam berishni va'da qilib, bu o‘ringa talabgor shaxsdan 3000 dollar so‘ragan. Mazkur deputat avans sifatida 1500 dollar olgan vaqtida DXX Toshkent shahar boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi, hozirda hech qayerda ishlamaydigan 18 yoshli fuqaro Guliston shahrida yashovchi o‘zining 17 yoshli jinoiy sherigi bilan birga bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qozog‘istonning Chimkent shahrida joylashgan M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan. Buning uchun jinoiy sheriklar 2000 dollar olgan vaqtda DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Qirg‘izistonning O‘sh davlat universiteti tibbiyot fakultetiga hech qanday imtihonlarsiz o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan. Buning evaziga 23 yoshli fuqaro 1350 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasining ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi xodimi 1200 dollar evaziga tuman tibbiyot birlashmasiga farroshlikka ishga kirishida yordam berishini aytgan. Markaziy poliklinika xodimi dastlab 400 dollar olgan. Oradan bir oz muddat o‘tib, poliklinika xodimi yana 800 dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida ikki marta sudlangan fuqaro mahalliy fermer xo‘jaliklaridan birining rahbaridan 2020 yilgi paxta terimiga xo‘jalik nomidan o‘zi yollanma ishchilarni topib, jo‘natib berishni aytib, buning uchun 6 million so‘m talab qilgan. Sudlangan fuqaro agar fermer ushbu pulni bermasa, u hokimiyatda ishlaydigan tanishlari orqali mazkur fermer xo‘jaligi yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan. Aytilgan puldan 5 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda ushbu aniqlangan holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid