Jamiyat | 18:22 / 01.10.2020
53175
5 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis qandli diabetning qaysi turlari xavfli ekani haqida ma'lumot berdi

Aholi orasida qandli diabetning bir necha turi tarqalgan bo‘lib, uning 1-turi eng xavflisi hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diabetologiya bo‘limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova bilan uyushtirilgan intervyuni taqdim etdi. Intervyuda qandli diabetning qaysi turi nasldan naslga o‘tishi, ushbu xastalik bilan og‘rigan bemorlar uzoq umr ko‘rishi uchun nimalarga e'tibor qaratishlari kerakligi hamda mavzuga oid boshqa dolzarb savollarga javoblar berilgan.

— Qandli diabet nasldan naslga o‘tadimi? Agar shunday bo‘lsa, oldini olish chorasi bormi?

— Qandli diabetning ikkinchi turi nasldan naslga o‘tadi. Moyilligi bor insonlar ushbu xastalikka umrbod chalinmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilishlari zarur bo‘ladi.

— Ushbu xastalik bilan og‘rigan bemorlar uzoq umr ko‘rishi uchun nimalarga e'tibor qaratishi lozim bo‘ladi?

— Eng avvalo, qandli diabet bilan og‘riydigan bemor har yarim yilda statsionar sharoitda davolanib turishi kerak. Qandli diabet kasalligining davo choralari ko‘p. Bemor doimiy ravishda parhezda bo‘lishi, qand pasaytiruvchi vositalarni iste'mol qilib borishi, jismoniy faollikni oshirishi zarur. Diabetga chalingan kishilarda yoshidan qat'i nazar, u yoki bu darajada jismoniy yuklama bo‘lishi lozim.

Qondagi qand miqdori sutka davomida doimo to‘liq me'yorida yursagina qandli diabet asoratlarining oldini olish yoki kechiktirish mumkin. Aks holda statsionar davolanish ham bu kasallikda yordam bera olmaydi. Bemor bir yilda ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, umumiy qon, umumiy peshob va biokimyoviy tahlillarni o‘z vaqtida o‘tkazishi zarur.

— Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar qaysi mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda davolanadi? Odatda tashxis qanday qo‘yiladi?

— Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar, avvalambor, endokrinolog nazoratida bo‘lishi lozim. Ehtiyoj bo‘lganda kardiolog, nevropatolog, nefrolog, xirurg mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda davolanish choralarini ko‘rishi kerak.

Bemor bilan suhbatda bo‘lgan shifokor shubhali belgilarni sezsa, och qoringa barmoqdan qon olish (qandli diabetga), glyukoza uchun peshob tahlili, qondagi insulin va glikozil gemoglabin darajasini aniqlashga kirishadi. Qandli diabet belgilarini aniqlash uchun ushbu tekshiruvlar yetarli.

Agar diabetning aniq belgilari bo‘lmasa, lekin siz xavf guruhida bo‘lsangiz, yilda bir marta qandli diabetga qon topshiring. Sog‘lom odamlar esa bunday tekshiruvdan uch yilda bir marta o‘tishlari kerak.

— Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun nimalarga ahamiyat qaratgan afzal?

— Bemorlar nafaqat qonda qand miqdorining balansiga, balki lipidlar miqdoriga, qon bosimi me'yorda bo‘lishiga va qonning quyuqlashmasligiga e'tibor qaratishlari lozim. Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish – to‘g‘ri ovqatlanish, serharakat bo‘lish, shifokor nazoratida bo‘lib, dori vositalarini muntazam qabul qilish tavsiya etiladi.

— Aholi orasida tarqalgan qandli diabetning qaysi turlari xavfli? Ushbu xastalikka chalinmaslik uchun qanday profilaktik choralarga jiddiy ahamiyat berishlari talab etiladi?

— Qandli diabetning bir necha turlari farqlanadi, aholi orasida qandli diabetning ikkinchi turi ko‘proq tarqalgan. Xavflisi 1-turi hisoblanadi. Sababi u ko‘proq bolalar va o‘smirlar orasida uchraydi. Agar o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilib, nazoratga olinmasa, koma holatiga olib kelishi mumkin.

Kasallikning keng tarqalgan 2-turining esa oldini olsa bo‘ladi. Agar insonda diabet oldi holat kuzatilsa, metformin dori vositasini qabul qilish tavsiya qilinadi.

Kundalik ratsiondan yengil singuvchi uglevod saqlovchi mahsulotlar (shakar, asal, shirin konditer mahsulotlari, murabbo, shirin va gazli sun'iy bo‘yoqli ichimliklar) chiqarib tashlanadi.

Insonning tabiiy shirinlikka bo‘lgan ehtiyojini bemorlar qand o‘rnini bosuvchi vositalar yordamida qondirishi mumkin. Ular shirinliksiz tura olmaydigan insonlarga tavsiya etiladi.

Mavzuga oid