Jahon | 23:34 / 05.10.2020
3478
2 daqiqa o‘qiladi

Litva Belarusdagi elchisini chaqirtirib oladi

Ikkinchi oktabr kuni Belarus tashqi ishlar vazirligi Polsha va Litvaga Belarusdagi diplomatik xodimlari sonini 9 oktyabrgacha qisqartirish taklifi berilganini xabar qilgandi.

Foto: AP

Litva Belarusdagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirtirib olishga qaror qildi. Bu haqda Litva tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichyus ma'lum qildi.

"Belaruslarni qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolish hali ham muhim ahamiyatga ega. Bu aloqa kanallarini ushlab turish uchun muhim sababdir. Shu bois Litva Polsha bilan muvofiqlikda Minskdagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib oladi", - deb yozdi u Twitter sahifasida.

Ikkinchi oktabr kuni Belarus tashqi ishlar vazirligi Polsha va Litvaga Belarusdagi diplomatik xodimlari sonini 9 oktyabrgacha qisqartirish taklifi berilganini xabar qilgandi. Belarusning Polsha va Litvadagi elchilari maslahatlashuv uchun chaqirtirib olingan.

Belarus TIVning bildirishicha, bu Belarusning ichki ishlariga ochiqchasiga aralashayotgan mazkur ikki davlatning "nodo‘stona ochiqcha harakatlari" bilan bog‘liq.

Avvalroq Belarus hukumati mamlakatdagi norozilik namoyishlari xorijdan boshqarilayotganini bildirgandi. Prezident Aleksandr Lukashenko Polsha, Chexiya, Litva va Ukrainani ana shu mamlakatlar sifatida sanab o‘tgandi.

Belarusda ommaviy norozilik namoyishlari 9 avgustda, prezident saylovida Lukashenko oltinchi marta g‘alaba qozonganidan so‘ng boshlangandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid