Xitoy yetkazib beruvchilari ishonchliligini tekshirishning 15 usuli
Xitoylik yetkazib beruvchilar bilan ish boshlashda ko‘p tadbirkorlar “U haqiqatdan ham o‘sha ta'minlovchi – yetkazib beruvchimi?”, “U bilan ish boshlash qay darajada xavfsiz?”, “Unga oldindan to‘lov o‘tkazish mumkinmi?” degan savollarga duch keladilar.
Axir ming kilometr masofada turib va faqat internet orqali muloqotda bo‘lib, firibgar qo‘liga tushib qolmasligingizga kafolat bera olmaysiz. Tabiiyki, xitoylik ta'minlovchilar, yetkazib beruvchilar shubhadan xoliligini tekshirishning eng ishonchli usuli fabrikaga tashrif buyurish va uni audit tekshiruvidan o‘tkazishdir. Ammo bu juda qimmatga tushadigan ish, ayniqsa, har bir yetkazib beruvchini to‘liq audit tekshiruvidan o‘tkazish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi!
Shu yerda savol tug‘iladi: “Qanday qilib Xitoy kompaniyalari qonuniyligini samarali va xarajatlarsiz tekshirish mumkin? Qanday qilib shubhali tuyulgan yetkazib beruvchilarni ajratib olish hamda buning uchun kuch, vaqt va mablag‘ sarflamaslik mumkin?»
Potensial yetkazib beruvchini baholashda eng birinchi qadam uning qonuniyligini tekshirish hisoblanadi. Shundan so‘nggina fabrikaning imkoniyatlarini (ishlab chiqarish imkoniyatlari, ish tajribasi darajasi, standartlarga amal qilish va sertifikatlarning mavjudligi, ishlab chiqarishni tashkil qilish darajasi) baholashingiz, shuningdek savollarga javob olish va hamkorlik qilish istagingizni bildirishingiz mumkin.
1. Rasman quyidagilarni so‘rang:
- korxonaning xo‘jalik faoliyatini yuritish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma. Unda korxonaning asosiy identifikatsion belgisi hisoblangan tashkilotga berilgan, bir xil shaklga keltirilgan kreditga layoqatlilik kodi ko‘rsatilgan bo‘ladi;
- Kompaniyaning tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar:
- Tashqi savdo faoliyati ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish shakli – tegishli ma'muriy-hududiy birlikning tijorat bo‘limi muhri bilan ro‘yxatdan o‘tish shakli;
- yuk jo‘natuvchi sifatida bojxona ro‘yxatidan o‘tkazish yoki bojxona deklaranti;
- tovarlarni eksport va import qilishda tekshirish uchun sifat nazorati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish.
- eksport litsenziyasi;
- rahbar yoki menejyerning shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi va imzo qo‘yish uchun ishonchnoma, agar zarurat tug‘ilsa;
- ISO, CE, TUV GS, RoHs, UL, Ansisifat sertifikatlari va hokazo.
- Oxirgi yil davomida shunga o‘xshash tovarlarni sotib olgan boshqa xorijiy mijozlarning tavsiyalari. Aniq mijozlar bilan qaytadan aloqaga chiqish yetkazib beruvchida kerakli vakolatlar mavjudligini tasdiqlashga va ehtimoliy muammolarni aniqlashga yordam beradi.
Bu hujjatlarni xitoyliklar sizga birinchi talabnoma bilan hech qanday muammolarsiz jo‘natishlari kerak. Unda ro‘yxatga olish daftarida korxonaning ro‘yxatga olish raqami mavjud bo‘lib, bu orqali mahalliy sanoat va savdo boshqarmasiga so‘rovnoma yuborish mumkin bo‘ladi (Administration for Industry and Commerce yoki aniq viloyat, ma'muriy bo‘linma bo‘yicha boshqarma). Faqat birdan-bir yagona jihati, so‘rovnoma xitoy tilida yozilishi kerak.
Agar fabrika asosan Xitoy ichki bozori uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, u holda uning eksport litsenziyasi bo‘lmasligi mumkin. Bunday holda u import-eksport kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi va tegishli hujjatlarni ushbu kompaniya orqali jo‘natadi.
2. Kompaniyalarning maqomini Alibaba va Global Sources kabi biznes-saytlardan qarab chiqing. Ular saytlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning qonuniyligiga ko‘proq e'tibor qaratishmoqda. «GoldSupplier» yoki «VerifiedSupplier» maqomi va undagi ish staji ko‘p narsani anglatadi. Shuningdek, yetkazib beruvchini audit tekshiruvidan o‘tkazish uchun ishoralar ham ko‘rsatilishi mumkin. Yetkazib beruvchi Escrow tizimidan foydalanadimi yoki yo‘q, e'tibor bering (ushbu to‘lov tizimi xaridor tomonidan tovar olinganligi tasdiqlanganidan so‘ng yetkazib beruvchiga pulni to‘laydi).
3. Kompaniya nomi va uning elektron pochtasini qidiruv tizimlari orqali tekshiring, kompaniya qachon ro‘yxatdan o‘tgan, biznes-saytlarda qancha vaqtdan beri mavjudligini ko‘rib chiqing. Qonuniy yetkazib beruvchi deyarli hamma joyda qatnashishga harakat qiladi, o‘zi haqidagi ma'lumotlarni maksimal darajada kengroq tarqatadi, firibgar esa hamma to‘siqlardan o‘ta olmaydi. Chunki har bir biznes-sayt kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazayotganda tekshirishga harakat qiladi. U yerda to‘ldirish majburiy bo‘lgan ma'lumotlar mavjud, ularni to‘ldirmasdan ro‘yxatdan o‘tish mumkin emas.
4. Ushbu kompaniyaga berilgan baholarni internetdan qidirib ko‘ring. Agar fabrikaning Aliexpress saytida sahifasi mavjud bo‘lsa, ushbu fabrika tovarlarining “jonli” xaridorlari izohlarini topish mumkin. Batafsil ma'lumot olish uchun, shuningdek kompaniyani Xitoy qidiruv xizmatlari orqali, masalan http://www.made-in-china.com saytining kompaniya suratlari, videoyozuvlari va hisobotlari to‘plangan “Audit” bo‘limidan tekshirish kerak.
Kompaniyani quyidagi saytlar orqali tekshiring: https://www.qichacha.com,
http://www.gsxt.gov.cn, http://msb.trademarkjs.com, http://pccz.court.gov.cn.
5. Kompaniya nomini ko‘plab xorijiy saytlarda e'lon qilingan skammerlar (firibgarlar) ro‘yxatidan topish mumkin. Lekin bu ro‘yxatlar cheklashlar tufayli yetarli darajada samarali emas, deb hisoblayman. Qidiruv tizimida «scam» so‘zi yoniga kompaniya nomini yozish oson va samaraliroq (eng yaxshisi bir necha variantda).
6. Korxonaning rasmiy internet sahifasiga kiring, u albatta bo‘lishi kerak. Whois-servis xizmatlaridan biri yordamida, masalan, http://whois.domaintools.com orqali bu sayt qachon yaratilgan va u kimga tegishli ekanligini ko‘rib chiqing. Agar u bir yoki ikki yil oldin yaratilgan bo‘lsa, shubhaga olib keladi, lekin ro‘yxatdan o‘tkazilganiga bir necha oy bo‘lgan bo‘lsa – bu 100 foiz firibgarlik.
7. Shuningdek, sayt necha tilda ekanligi ham juda muhim. Agar sayt faqat ingliz tilida bo‘lsa, bu hushyor bo‘lishga undaydi. Saytning xitoy tilidagi varianti bo‘lishi shart! Shuningdek, boshqa, Yevropa va sharq tillari ham bo‘lishi mumkin. Bu ko‘pincha, kompaniya ishlaydigan asosiy bozorlar bilan bog‘liq.
8. Aloqa o‘rnatish uchun ko‘rsatilgan kontaktlarga alohida e'tibor qarating.
Qonuniy bo‘lgan Xitoy kompaniyalarida albatta shahar telefoni va faks bo‘lishi kerak, chunki telefon raqamlari faqat ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlarga beriladi (hatto xitoyliklarning o‘zlari ham firmalarni shu yo‘l bilan tekshiradilar). Aksincha, odatdagi skammer – firibgarlik aloqalari namunasi – bu bepul xostingdagi elektron pochta (masalan, «@126.com», «@168.com»), messenjer va telefon. Ya'ni barcha aloqa vositalari yashirin, noma'lum, aslini olganda ularni bir necha daqiqada ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Yoki ular haqiqatga mos kelmaydi. Ko‘rsatilgan telefon raqamlari bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib ko‘ring, shuningdek uning ko‘rsatilgan manzilga mos kelishini tekshiring. Bundan tashqari, bankdan muayyan kompaniyaning bankda hisob raqami mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma'lumot so‘rash mumkin.
9. Mahsulot namunalarini so‘rash. Odatda, skammerlar – firibgarlar namunalarni jo‘natishga qiziqmaydi. Namunalarni jo‘natishning kechikishi bunday korxona yo‘qligi yoki uning vositachi ekanligidan dalolat beradi.
10. To‘lov shartlariga e'tibor qarating. Firibgarlar uchun odatiy shartlar – bu ular Western Union tizimi orqali o‘tkazilishini so‘raydigan to‘liq yoki qisman oldindan to‘lovni amalga oshirishdir. Jiddiy kompaniyalarga mablag‘larni rasmiy bank hisobiga o‘tkazish yoki akkreditiv orqali to‘lash kabi to‘lov shartlari xosdir (L/C). Bankdagi rasmiy hisob rekvizitlarini talab qiling. U xususiy shaxsga emas, yuridik shaxsga tegishli bo‘lishi kerak.
Namunalarni sotib olish xarajatlarini to‘lashda PayPal tizimidan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi, chunki ushbu to‘lov xizmati mablag‘larni qaytarib olish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
11. Xitoyga viza olish uchun taklifnoma talab qilish. Taklifnoma rasmiy xat hisoblanadi va haqiqiy kompaniya hech qanday muammolarsiz yuboradi. Firibgarlar esa sizni ishlab chiqarishga taklif qilishdan manfaatdor emaslar va Xitoy elchixonasining e'tiborini jalb qilishni xohlamaydilar.
12. Kompaniyaga qo‘ng‘iroq qiling yoki skayp orqali suhbatlashing, videoqo‘ng‘iroq yana ham yaxshi. Kompaniyaning hisob raqami to‘g‘risida savollar bering, ularning reaksiyasiga qarang.
13. Yetkazib beruvchining saytida mahsulot va ishlab chiqarish suratini diqqat bilan ko‘rib chiqing. Ular boshqa manbalardan olingan yoki oddiy nusxa ko‘chirilganga o‘xshaydimi?
14. Yetkazib beruvchining xatlariga diqqat bilan qarang. Jiddiy yetkazib beruvchi kompaniyaning ko‘rsatilgan barcha rekvizitlari, manzili, aloqa ma'lumotlari va hatto kompaniya logotipi bilan shablon imzosiga ega. Skammerlar – firibgarlar ko‘pincha rekvizitlarsiz qisqa imzoga ega bo‘ladilar. Shuningdek, menejyerning qanchalik professional – o‘z ishining ustasi ekanligini ham hisobga oling, u xabarlarga qanchalik tez javob beradi, aniq vaqt rejimida muloqot qilish imkoniyati mavjudmi va hokazo?
15. Fabrika manzili batafsil ko‘rsatilishi kerak. GoogleMap yoki boshqa sun'iy yo‘ldosh orqali olingan fotosuratlar yordamida ko‘rsatilgan manzilda nima joylashganligini ko‘rish mumkin. Haqiqatan ham bu yirik ishlab chiqarish korxonasimi yoki oddiy ofis binosimi yoki biror-bir boshqa obektmi? Shuningdek, yetkazib beruvchining geografik o‘rni bilan Xitoyning ushbu tovar ko‘p ishlab chiqariladigan hududi orasidagi o‘zaro munosabatni taqqoslash foydalidir. Agar ular o‘zaro mos kelmasa, u holda demak u olibsotar yoki tovlamachi ekanligi ehtimoli katta. Aksariyat sanoat tarmoqlari muayyan shaharlar yoki viloyatlarda to‘plangan, masalan:
- Shenchjyen: elektronika
- Syuychjou: shishadan yasalgan buyumlar
- Syamin: to‘qimachilik
- Yunkan: avtomobil ehtiyot qismlari
- Shantou: o‘yinchoqlar
- Dunguan: plastikdan yasalgan buyumlar
- Venchjou: ko‘zoynaklar
- Suchjou: nikoh ko‘ylaklari
- Foshan: mebel
Yetkazib beruvchini masofadan turib tekshirishning yuqoridagi usullari ishda katta yordam beradi. Juda katta buyurtmalarda esa xavf-xatarni kamaytirish uchun ishlab chiqaruvchini to‘liq audit tekshiruvidan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida bayon etilgan tavsiyalarga amal qilish, ayniqsa, nisbatan juda katta bo‘lmagan summalarga (masalan, 20-30 ming AQSh dollari) bitim tuzishda muhimdir, chunki Xitoy tomoni bilan nizolar yuzaga kelganda amaldagi yuristlarning gonorarlari yuqori stavkada ekanligi sababli ularga yordam uchun murojaat qilish qiyinlashadi. Shuningdek, Xitoy arbitraj organlariga da'vo arizasi topshirilganda arbitraj yig‘imi (da'vo arizasi summasidan qat'i nazar yig‘im miqdorining minimal summasi 20 ming yuanni tashkil qiladi) to‘lash kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, Xitoy yuristlarining gonorarlari qaytarib berilmaydi.
Bir qator yuridik firmalar haq to‘lash asosida ixtisoslashgan xizmat turini – Xitoydagi kompaniyalarning ishonchliligini tekshirish xizmatini ko‘rsatadi. Bunday tekshiruv kompaniya XXR qonunchiligi talablariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tganligini ishonchli tarzda aniqlash, shuningdek, kompaniya to‘g‘risidagi barcha asosiy ma'lumotlar, faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun hujjatlarda keltirilgan asosiy ma'lumotlarni to‘plash, ofis, uning filiallari va ishlab chiqarish korxonasi joylashgan manzil, asosiy yetkazib beruvchilar va xaridorlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, bank rekvizitlari va bank bilan o‘zaro munosabatlar holatini aniqlab berish imkonini beradi. Bundan tashqari, kompaniyaning ko‘char va ko‘chmas mulklari tekshirilishi, ro‘yxatdan o‘tgan hujjatlar nusxalari (masalan, xo‘jalik faoliyati yuritish huquqini beruvchi guvohnoma), shuningdek, kompaniyaning oxirgi hisobot yilidagi asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari taqdim etilishi kerak.
Olimjon Toshpo‘latov,
“ALimkhan Exim Group” tashqi savdo kompaniyasi rahbari.
Mavzuga oid
20:39 / 13.11.2024
Xitoy orbitaga yuk tashuvchi ko‘p martalik kosmik kemasini namoyish etdi
17:53 / 13.11.2024
O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirdi
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
22:21 / 11.11.2024