Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nobel haftaligi. Adabiyot bo‘yicha mukofot kimga berilgani ma'lum bo‘ldi
2020 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik shoira Luiza Glyukka berildi. Shvetsiya akademiyasi uning «mavjudlikni o‘z qat'iy go‘zalligi bilan universal qiladigan she'riy ovozi»ni yuqori baholadi.
Glyuk 1943 yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan. U Amerika san'at va adabiyot akademiyasining a'zosi, o‘z ishlari uchun AQShda bir necha bor yuqori mukofotlarga sazovor bo‘lgan – Amerika shoirlar akademiyasi mukofoti (1968 yil), Milliy tanqidchilar jamiyati kitob mukofoti (1985 yil), Pulitser mukofoti (1993 yil), Bollingen mukofoti (2001 yil). 2003-2004 yillarda u AQShning shoira laureati bo‘lgan.
U Kolumbiya universitetiga o‘qishga kirgan, ammo ta'lim jarayonini tamomlamagan. Keyinchalik Glyuk Uilyamstaundagi (Massachusets shtati) Uilyams kolleji, Yyel, Boston va Ayova universitetlarida, Vermontdagi Goddard kollejida ingliz tilidan dars berdi, u Yyel universitetining professori hisoblanadi.
2020 yilda Nobel mukofotining miqdori o‘tgan yilga nisbatan 1 million shved kronasiga ko‘paytirilib, 10 millionga yetkazildi (1,12 million dollar). 2019 yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotlari 2018 va 2019 yillar uchun berilishi e'lon qilindi (2018 yilda Nobel adabiyot qo‘mitasi jinsiy mojaro fonida tarqatib yuborilganligi sababli mukofot berilmagan). 2018 yilgi Nobel mukofoti polshalik yozuvchi va shoira Olga Tokarchukka, 2019 yilgi mukofot esa avstriyalik yozuvchi va dramaturg Peter Xandkega topshirildi.
Peter Xandke ilgari Slobodan Miloshevich rejimini qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qilingan. 2006 yilda Xandke Serbiya sobiq rahbarining dafn marosimida ishtirok etgan bo‘lib, shundan so‘ng Parijdagi Comédie-Française teatrida yozuvchining «Savollar o‘yini yoki yangrab turgan yerlarga sayohat» spektaklini sahnalashtirish bekor qilingan. Xuddi shu yili yozuvchi Heynrix Heyne mukofotidan voz kechdi, bu g‘olibni aniqlaydigan Dyusseldorf hukumati qarori bilan mukofotni yo‘qotish xavfiga aloqador bo‘lgan.
2020 yilda Nobel haftaligi tibbiyot bo‘yicha mukofot g‘oliblari e'lon qilingan 5 oktyabr kunidan boshlandi. U gepatit C virusini aniqlagan amerikalik olimlar Charlz Rays va Harvi Olter hamda britaniyalik Maykl Houtonga berildi. Bu kasallikni davolash va qon quyish orqali uning tarqalishining oldini olishga yordam bo‘ldi.
BREAKING NEWS:
— The Nobel Prize (@NobelPrize) October 8, 2020
The 2020 Nobel Prize in Literature is awarded to the American poet Louise Glück “for her unmistakable poetic voice that with austere beauty makes individual existence universal.”#NobelPrize pic.twitter.com/Wbgz5Gkv8C
6 oktyabr kuni qora tuynuklar ustida ishlaganligi uchun fizika bo‘yicha mukofot g‘oliblari e'lon qilindi. Britaniyalik Rojyer Penrouz mukofotning yarmini «qora tuynuklarning paydo bo‘lishi umumiy nisbiylik nazariyasining ishonchli tasdig‘i» ekanligiga, amerikalik Raynhard Gensel va Andrea Gez esa «galaktika markazida supermassiv ixcham obekt topilganligi» uchun laureatga aylandi. 7 oktyabr kuni kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti «genetik qaychi» ishlab chiqqan amerikalik Jyennifer Dudna va fransiyalik Emmanuel Sharpantega topshirilgani ma'lum bo‘ldi.
9 oktabr kuni Nobel tinchlik mukofoti sovrindori e'lon qilinadi. Va nihoyat, 12 oktyabrda Shvetsiya Banki Alfred Nobel nomidagi iqtisodiy fanlar sohasida mukofot laureatini ochiqlaydi (u norasmiy ravishda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti deb ataladi, ammo uni Nobelning o‘zi emas, balki Shvetsiya Banki 1969 yilda ta'sis etgan).
1901 yildan 2019 yilgacha adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 112 marta topshirilgan. Yetti marta Nobel qo‘mitasi va Shvetsiya akademiyasi mukofotga munosib nomzodlar yo‘q degan qarorga kelgan. Ushbu holatlarning aksariyati Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari vaqtiga (1914, 1918, 1940-1943 yillar) to‘g‘ri keladi, faqat 1935 yil istisnoga aylandi.
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti juda kamdan-kam hollarda bir necha laureatlar orasida taqsimlanadi, mukofot tarixida bu to‘rt marta kuzatilgan. 1904 yilda ushbu mukofot fransuz shoiri Frederik Mistral va ispan dramaturgi Xose Echegeray Eysagirrega topshirildi. 1917 yilda daniyalik Henrik Pontoppidan va Karl Gellerup uni qabul qilib olgan, 1966 yilda isroillik Shmuel Agnon va Germaniyadan Shvetsiyaga ko‘chib o‘tgan Nelli Zaks, 1974 yilda shvedlar Harri Martinson va Eyvind Yunson mukofotni qo‘lga kiritgan.
2020 yilgacha 113 kishi, shu jumladan 15 nafar ayol adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini oldi (Tokarchuk bu mukofotning oxirgi egasi bo‘ldi). Hech kim bir martadan ko‘p laureat bo‘la olmagan.
Eng ko‘p marta mukofotni Fransiyadan yozuvchilar olgan, ammo laureatlarning aksariyati (113 nafardan 29 nafari) o‘z asarlarini ingliz tilida yozgan. Bundan tashqari, Nobel mukofoti sovrindorlari asarlari yozilgan o‘nta til orasida fransuz (15), nemis (14), ispan (11), shved (7), italyan (6), rus (6) polyak (5) va boshqa tillar bor.
Mukofot berish paytida Nobel mukofoti sovrindorlarining o‘rtacha yoshi 65 yoshni tashkil etgan. Eng «yosh» laureat Redyard Kipling bo‘lib, u 1907 yilda 41 yoshida Nobel mukofotini olgan. Eng yoshi katta laureat esa ingliz yozuvchisi Doris Lessing bo‘lib, u 88 yoshda bo‘lgan (2007 yil).
Mavzuga oid
18:24 / 06.06.2026
O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov vafot etdi
15:07 / 01.06.2026
Prezident: Adabiyot va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichi boshlanadi
21:03 / 11.05.2026
Eronda Nobel mukofoti sovrindori Nargiz Muhammadiy qamoqdan ozod etildi
22:11 / 30.04.2026