Jahon | 07:51 / 20.10.2020
3452
2 daqiqa o‘qiladi

Irlandiyada dekabrgacha qat'iy karantin kiritildi

Irlandiya hukumati koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli mamlakatda 6 haftalik karantin kiritishga qaror qildi. Karantin 21 oktyabrdan boshlab amal qiladi. Mamlakatda maksimal darajadagi epidemiologik xavf e'lon qilindi.  

Karantin doirasida oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari, barcha do‘konlar yopiladi, sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari, fitnes klublar ishlashdan to‘xtaydi. Umumiy ovqatlanish obektlari taomlarni o‘zi bilan olib ketish yoki uyga yetkazib berishgagina ishlaydi. Fuqarolarga uylaridan 5 kmdan ko‘proqqa uzoqlashish taqiqlanadi. Shu bilan birga, bolalar bog‘chalari, maktablar va qurilish obektlari faoliyatini davom ettiraveradi. 

Shuningdek, hukumat fuqarolarni aloqalarni cheklashga chaqirgan.

Karantin muddati yakunlangach, vaziyat baholanib, keyingi harakatlar bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 18 oktyabrda 1,2 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilgan. Jami kasallanish holatlari soni 50 mingga yaqinlashib qolgan, virus 1852 irlandning hayotiga zomin bo‘lgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid