Lukashenko har bir namoyishchi videoyozuvlar bo‘yicha topilishini aytdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko norozilik namoyishlari ishtirokchilariga nisbatan taktika o‘zgarganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, har bir namoyishchi videoyozuvlar bo‘yicha aniqlanadi va javobgarlikka tortiladi.
“Ularning Minsk bo‘ylab sang‘ib, o‘zlarini surbetlarcha tutayotganlari yomondir. Biroq biz taktikani o‘zgartirdik. Biz osoyishta vaziyatda ularning har birini topa olamiz. Zamonaviy vositalar bunga imkon beradi va biz buni amalga oshirmoqdamiz. Har bir namoyishchi o‘z qilmishi uchun javob beradi. Biz bu yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz. Va bu o‘z samarasini bermoqda”, deb aytgan Lukashenko amaldorlar bilan yig‘ilishda.
Namoyish aksiyalaridan olingan videolarda huquq-tartibot xodimlari namoyishchilarni videoga olayotganlarini ko‘rish mumkin.
Lukashenko, shuningdek, talabalari namoyishlarda ishtirok etgan uchta oliy ta'lim muassasasi rektorlarini o‘zgartirganini ma'lum qilgan.
Belarus prezidenti ayollarning rahbar lavozimlarni egallashi bo‘yicha ham o‘z fikrlarini aytgan. “Men bizda hozircha ayol kishi prezident bo‘la olmaydi deganimda, ularni hurmat qilmasligimdan shunday aytmaganman. Buni ular (muxolifat) shunday qilib ko‘rsatmoqda. Aksincha, buni sizni hurmat qilganimdan aytganman. Chunki bugungi kunda bu davlatni bu konstitutsiya, bu muammolar bilan qayta yuklash...” deb aytgan Lukashenko yangi rektorlar bilan uchrashuvda.
Lukashenkoning aytishicha, u “ayollar prezidenti”, chunki ayollar uni doim qo‘llab-quvvatlagan.
Belarus prezidenti yangi rektor lavozimlariga ikki ayol va bir erkakni tayinlagan.
Avvalroq Belarus prezidenti muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan gaplashadigan gapi yo‘qligini aytgan.
Mavzuga oid
20:49 / 11.11.2024
Belarus rasman BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini oldi
22:17 / 07.11.2024
Lukashenko yana 31 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024