Qirg‘izistonda iqtisodiy amnistiya e'lon qilindi
Sadir Japarovning ta'kidlashicha, korrupsiyachilarga o‘z daromadlari va mulklarini qonuniylashtirish imkoniyati bir marta beriladi.
Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat bosh vaziri Sadir Japarov korrupsiyachilardan noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarini 30 kun ichida davlat g‘aznasiga qaytarishni talab qildi. Bu haqda mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
«Menga berilgan vakolatlardan foydalanib, rasman iqtisodiy amnistiya e'lon qilaman. Amnistiyadan maqsad, davlat budjetini to‘ldirish, xususan, qo‘shimcha resurslar topish. Jinoiy sxemalar tuzgan, oddiy xalq hisobiga boyigan korrupsiyachilar, sizlarga 30 kun vaqt beraman! Barcha topganlaringizni davlat g‘aznasiga qaytarishingizni talab qilaman! Davlatdan noqonuniy yo‘l bilan olingan har bir tiyinni ko‘ngilli ravishda joyiga qo‘ying. Yashirin mulk va pullaringiz haqida ochiq ma'lumot bering. Ma'lum qilingan mulk va daromadlaringiz daxlsizligini, barcha turdagi jazolardan ozod bo‘lishingizni kafolatlayman», – deyiladi xabarda.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, keyingi 30 yil davomida mamlakat iqtisodiyotining turli sohalarida tizimli korrupsion sxemalar gullab-yashnadi.
Uning ta'kidlashicha, korrupsiyachilarga o‘z daromadlari va mulklarini qonuniylashtirish imkoniyati bir martalik aksiyadir.
«Eslatib o‘taman, iqtisodiy amnistiya atigi bir marta qo‘llaniladi, boshqa imkoniyat bo‘lmaydi!» – dedi u.
Mavzuga oid
17:30
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024