Bolaning qulog‘i oqishiga befarq qarab bo‘lmaydi – mutaxassis
Bugungi kunda sayyoramizdagi har ming nafar chaqaloqdan ikki nafari quloq, tomoq va burunda uchraydigan tug‘ma nuqson bilan dunyoga keladi. Qolaversa, sog‘lom tug‘ilgan bolalardan ham har ming nafaridan hech bo‘lmasa 2-3 nafari bir yoshga kirgunicha yiqilib turli jarohatlar oladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Shavkat Amonov bilan suhbat uyushtirdi.
Unda bolalarda quloq, tomoq, burunda tug‘ma va orttirilgan nuqsonlar yuzaga kelishi holatlari, burun bitishi va quloq oqishining sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari haqidagi dolzarb savollarga javoblar berilgan.
— Bolalarda quloq, tomoq, burunda tug‘ma va orttirilgan nuqsonlar yuzaga kelishi holatlari ko‘payib boryapti. Buning sababi nimada?
— To‘g‘ri aytasiz, bolalarda quloq, tomoq va burunda uchraydigan tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlarning oldini olish va samarali davolash tibbiyotning doimiy muammosi hisoblanadi. Chunki bugungi kunda sayyoramizdagi har ming nafar chaqaloqdan ikkitasi ana shunday tug‘ma nuqson bilan dunyoga keladi. Qolaversa, sog‘lom tug‘ilgan bolalardan ham har ming nafaridan hech bo‘lmasa 2-3 tasi bir yoshga kirgunicha yiqilib turli jarohatlar oladi. Noto‘g‘ri dori-darmon iste'mol qilishi, gripp va o‘tkir respirator virusli kasalliklar natijasida eshitish a'zolarida nuqsonlar paydo bo‘ladi. Bunday muammolarning oldini olish uchun oilalarga borganingizda ota-onalarga bolalarni to‘g‘ri parvarishlash, agar bola shamollasa, albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tkazgandan keyingina dori-darmon berish zarur.
Xalqimiz tilida tumov, tibbiyotda rinit deb yuritiladigan kasallikning surunkali shakli bugun ko‘p uchramoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijasida shuni aniqladikki, bemorlarning sakson foizida bu kasallikka burundan boshqa a'zolar, masalan, burun atrofidagi bo‘shliqlar shamollashi, burun to‘sig‘i qiyshayishi, qolaversa, jigar, buyrak, oshqozon-ichak kasalliklari ham sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, havodagi chang-g‘ubor va turli o‘tkir hidlar ham nafas yo‘llarida allergik muammolar keltirib chiqarib, tumovga olib kelishi mumkin.
— Burun bitishi va quloq oqishining sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari nimalardan iborat?
— Burun to‘sig‘i deformatsiyasi, allergik holatlar, dimog‘ bezi katta bo‘lishi, shuningdek, gijjalar ham burun bitishiga olib kelishi mumkin. Bolalarning yuzi yoki badanida oq dog‘lar bor-yo‘qligiga e'tibor qaratish zarur. So‘lagi oqsa, kindik atrofida og‘riqdan shikoyat qilsa, bolani darhol mutaxassislar ko‘rigiga yo‘llash tavsiya qilinadi.
Quloq oqishi esa otit, ya'ni o‘rta quloq yallig‘lanishi belgisi bo‘lishi mumkin. Bu kasallik kattalarga qaraganda bolalarda og‘irroq kechadi. Ushbu xastalik yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasalliklar – gripp, qizamiq, skarlatina sabab yuzaga kelishi mumkin. Kasallikni o‘z bilganicha davolash, quloqqa har xil yog‘lar tomizish, quloqni kovlash quloq pardasiga zarar yetkazishi mumkin. Bemor, albatta, LOR shifokori nazorati ostida davolanishi maqsadga muvofiq.
Kasallik qaytalanmasligi uchun sovqotish va shamollashdan ehtiyot bo‘lish kerak. Bolani cho‘miltirayotganda suv kirmasligi uchun qulog‘iga vazelinli paxta tiqish kerak. Aksariyat onalar bunday vaziyatda bolaning qulog‘iga paxtaning o‘zini tiqadi. Holbuki, paxta suvni o‘ziga shimib ichkariga o‘tkazadi. Bu bola sog‘lig‘i uchun juda zararli. Quloqdagi og‘riq yoki suyuqlik ajralishi bilan kechadigan kasalliklar o‘z vaqtida davolanmasa, meningit, sepsis, hatto miya to‘qimasi abssessi kabi og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu bois bolaning qulog‘i oqishiga befarq qarab bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
11:33 / 23.11.2024
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda
10:53 / 16.11.2024
Hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan bolalar ota-onasidan olib qo‘yilishi mumkin
08:10 / 26.10.2024
Toshkentda 15 yoshli bolani poyezd urib ketdi
09:30 / 23.10.2024