O‘zbekiston | 12:12 / 26.10.2020
24828
4 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht narxi nega qimmatlayapti? Vazirlik izoh berdi

Joriy yilning sentyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi tezlashdi va 2,2 foiz darajasida shakllandi. O‘tgan yili mos davrda ushbu ko‘rsatkich 1,4 foizni tashkil etgandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 26 oktabr kuni O‘zbekistonda 2020 yilning sentabr oyida kuzatilgan inflatsiya darajasi haqida umumiy ma'lumotlarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, shu oyda iste'mol narxlari indeksi oylik 1,4 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida mazkur ko‘rsatkich 1,3 foizga teng bo‘lgan.

«Sentabr oyidagi inflyatsion dinamika tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, narxlar o‘sishining asosiy sababi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining kon'yunkturasi bo‘lib, bu o‘z navbatida go‘sht va yog‘-moy mahsulotlari, non mahsulotlari va tuxum narxlarining qimmatlashishi, shuningdek meva-sabzavot mahsulotlari narxining mavsumiy oshishi bilan izohlanadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan mahsulot guruhlaridan, birinchi navbatda, go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sishi asosiy sabablari quyidagilardir:

— yem-xashak bazasi uchun xomashyo, xususan, paxta xomashyosi, po‘stloq va yem aralashmasi zaxiralarining mavsumiy kamayishi. Bu o‘z navbatida, mazkur mahsulotlarning birja narxlarining mos ravishda 17, 21 va 27 foizga oshishiga olib keldi;

— Qozog‘iston tomonidan eksport cheklovlari tufayli qoramol importini qisqarishi. Misol uchun 2020 yilning 8 oy natijasiga ko‘ra, mamlakatda 25 ming bosh yirik va 12,5 ming bosh mayda qoramol import qilingan. 2019 yilning 8 oylik natijalariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 146 ming va 258 ming bosh qoramolni tashkil qilgan;

— 2020 yilning avgust oyi o‘rtalarida karantin cheklovlarining olib tashlanganidan so‘ng, faoliyatini tiklagan ommaviy ovqatlanish korxonalarining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabining oshishi. Shu bilan birga, 2020 yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda 1840 ming tonna (tirik vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga ko‘proq). Bundan tashqari, 2020 yil yanvar-sentabr oylarida 14 ming tonna mol go‘shti va 20 ming tonna tovuq go‘shti import qilingan», — deyiladi vazirlik ma'lumotnomasida.

Go‘sht narxi o‘sishi tashqi omillar ta'siridan tashqari, ichki bozorlardagi tartibga solinish mexanizmlarining samarasizligi tufayli yuzaga kelgan deyish mumkin.

«Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish darajasining kamtarona o‘sishiga qaramasdan, go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasini ta'minlash uchun ozuqa bazasining rivojlanmaganligi bilan bog‘liq», — deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Garchi ichki va tashqi xavflar biroz pasaygan bo‘lsa-da, dunyoda koronavirus bilan kasallanishning ko‘payishi va mamlakatda karantin choralarini qayta joriy etilishi mahsulot ta'minotidagi uzilishlarga olib kelib, oxir-oqibat ayrim tovar bozorlariga talab va taklifdagi nomutanosibliklar paydo bo‘lishiga, bundan tashqari O‘zbekistonda inflatsiyaning mos ravishda tezlashishiga ta'sir qilishi mumkin.

Oziq-ovqat narxlari dinamikasining o‘zgaruvchanligi, birinchi navbatda, ishlab chiqarish, yetkazib berish va saqlash tizim zanjirini to‘liq shakllanishi bilan bog‘liq. Bunda, ta'minot hajmi va barqarorligini oshirishga, mahsulot sifatini yaxshilashga va natijada yo‘qotishlarni kamaytirishga va saqlash muddatini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ularning ta'sirini tenglashtirishga yordam beradi.

Mavzuga oid