Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Badminton bo‘yicha O‘zbekiston kubogiga start berildi
Musobaqada respublikaning 10ta hududidan jami 85 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Joriy yilning 3 noyabridan 7 noyabriga qadar Toshkent shahrida eng kuchli sportchilar ishtirokida badminton bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida shaxsiy va jamoaviy O‘zbekiston kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu musobaqada respublikaning 10ta hududidan (hududiy bosqich g‘oliblari) jami 85 nafar sportchi g‘oliblik uchun bahsga kirishgan. Sportchilarning 49 nafari erkaklar, 36 nafari esa ayollarni tashkil qiladi.
Musobaqa jamoaviy hisobda o‘tkazilmoqda, bunda har bir jamoa bir-biri bilan davriy tizimda kuch sinashadi, so‘ngra shaxsiy birinchiliklarga start beriladi.
Tadbirni federatsiya raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“Badminton sportiga shu kungacha e'tibor berilmay kelinayotgan edi. U, aslida, xalq orasida keng tarqalgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Badmintonni dunyoda futboldan keyingi o‘rinda turuvchi ommaviy sport turlari qatoriga qo‘shish mumkin. Shuningdek, badminton Prezidentimiz farmonidagi 7ta sport turidan biri sifatida belgilandi. Musobaqada ishtirok etayotganlar, ushbu sport turini ommalashtirishda yordam berishi lozim. Biz birgalikda ushbu sport turini respublikamizdagi ommaviy sportlardan biriga aylantirishimiz kerak. Men sizlarni bugungi musobaqa boshlangani bilan muborakbod etaman va barchangizga omad tilayman”, - dedi A. Abduhakimov.
Ochilish marosimidan so‘ng jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov ham ushbu musobaqa haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Yaqinda prezidentimizning sog‘lom turmush va ommaviy sportga oid yangi farmonlari chiqdi. Ushbu farmonda yettida ustuvor sport turlari tanlab olingan. Bu sport turlari orasida esa badminton ham mavjud. Badminton sport turi yosh va joy tanlamaydigan sport turi hisoblanadi. Badminton ommaviy sportlar ichida dunyo bo‘ylab ko‘pchilikni qamrab olgan. O‘zbekistonda ham ushbu sport turi o‘z faoliyatini boshlaganiga o‘n yil bo‘ldi. Shu yil davomida barcha viloyatlarda ushbu sport federatsiyalari (filiallari) tashkil etildi. Shuningdek, Buxoro, Samarqand va Navoiyda mazkur sport turiga mo‘ljallangan majmualar qurish rejalashtirilmoqda. Samarqanddagi majmua qurilib bitganidan so‘ng u yerda mamlakat va Osiyo chempionatlarini tashkil etmoqchimiz”, - dedi Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov.

O‘zbekiston kubogi g‘oliblari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Badminton federatsiyasi tomonidan medal, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar Jismoniy tarbiya va sport vazirligining kubogi bilan taqdirlanadi.
Ushbu musobaqa har yili muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. Tegishli toifa talablariga javob bergan g‘olib va sovrindorlarga sport unvonlari berilib, badminton milliy terma jamoasiga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 27 oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Badminton federatsiyasi yangi markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli sportchilar, hukumat vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Mavzuga oid
13:52 / 23.04.2026
Oxirgi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyo muzliklar hajmining 30 foizigacha qismini yo‘qotdi va bu jarayon tezlashyapti – Aziz Abduhakimov
17:39 / 27.11.2025
Toshkentda changga qarshi kurash doirasida o‘nlab favvora va sug‘orish tarmog‘i ishga tushirildi
09:56 / 27.11.2025
Daraxt ekish uchun ichimlik suvidan foydalanishga qo‘yilgan cheklov bahor va yozda bekor bo‘ladi
10:00 / 23.11.2025