O‘zbekiston | 18:26 / 05.11.2020
23299
8 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Jahongir Ortiqxo‘jayev «Regent Corp» rahbari bilan uchrashdi

2 noyabr kuni Toshkent shahar hokimligida investor Ilyosxon Azizov va uning yaqinlari hamda hokimiyat rahbariyati ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi. Avvalroq, Ilyosxon Azizov shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrasha olmayotgani, investor sifatidagi huquqlari poymol bo‘layotgani haqida gapirgandi.

Jurnalistlar, deputatlar va jamoatchilik vakillari kuzatuvida tashkil etilgan yig‘ilishda shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev uchrashuvning bu formatda tashkil etilishi, investor bilan og‘riqli masalalar yuzasidan muhokama olib borayotganidan afsusda ekanini bildirdi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev

«Tadbirkor bilan bunday vaziyatda gaplashish menga qanchalik og‘ir botayotganini ichimdan his etib turibman. Hurmatli prezidentimiz olib borayotgan siyosatini hokimiyatda targ‘ib etuvchi hokim sifatida ishlarkanman, men siz tarafdaman. Marhamat, o‘zingizni himoya qiling. Lekin hokimiyatda men yolg‘iz ishchi emasman. Boshqalar oldida o‘zingizni himoya qilsangiz, men xursand bo‘laman», — dedi u.

Ilyosxon Azizov

«Regent Corp» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ilyosxon Azizov o‘zi tomondan kirish so‘zini yig‘ilishga u bilan kelgan amakisi Mahmudxon Azizovga berdi. Mahmudxon Azizov esa investorni qiynayotgan muammo yuzasidan konstruktiv yechim so‘rab, Ortiqxo‘jayevga murojaat qildi. Shuningdek, uning so‘zlarini investorning akasi Rustamxon Azizov ham tasdiqladi.

Mahmudxon Azizov

«Oila boshlig‘i sifatida bolalarning (investor, ya'ni ukalari nazarda tutilmoqda – tahr.) qanotini sindirish, kelajakka ishonchi, mahalliy hokimiyat organlari va prezidentimizga ishonchini sindirmaslik uchun to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishingizdan umid qilib turibmiz», — dedi Rustamxon Azizov.

«Regent Corp» MChJ rahbari Ilyosxon Azizov qurilish boshlanganda maqsadi faqat tadbirkorlik faoliyatini yuritish bo‘lgani, bundan boshqa hech qanday g‘arazli niyati bo‘lmaganini ta'kidladi.

«Odamlar orasida shov-shuv bo‘lgan gap markazida mening yuzim, kelajagim turibdi. Men shunday yo‘ldan yurib, masalani ommaga chiqarishga majbur bo‘ldim. Negaki, boshqacha choralarni qo‘lladik, samara bermadi», — dedi u.

Hokimning aytishicha, investorni qabul qilish masalasida Senat raisi Tanzila Norboyeva, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovdan iltimoslar bo‘lgan, ammo masala OAVda ko‘p aylangani va sud davom etayotgani uchun hokimiyat sukut saqlashni ma'qul ko‘rgan.

«Shuning uchun ommaviy axborot vositalarining ham haqiqatni bilishga haqqi bor. Uchrashuv shu maqsadda tashkil etildi va boshqalar taklif etildi», — dedi Ortiqxo‘jayev va so‘z navbatini hokimning birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatovga berdi.

Hidoyatovga ko‘ra, investor qonun talablarini buzgan holda qurilish loyihasini boshlagan.

«Oybek» metrosi yaqinida ko‘p qavatli turar joy va biznes markazi binolar qurilgan, ammo avtoturargoh bo‘lmagani uchun sizning taklifingiz ma'qul keldi. Aytdingizki, shu yerda bo‘sh joy bor, ammo mashina qo‘yadigan joy yo‘q. Avtoturargoh qurib, binoning 10 foizidan o‘zim uchun savdo-maishiy xizmatlar ko‘rsatish uchun foydalansam, dedingiz. Hokimiyat tomonidan ko‘rsatilgan maydonda yerni zaxiralash va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun qaror chiqarilgan. Avval, qaror yerdan doimiy foydalanish huquqini bergan, yangi tartibga ko‘ra, birinchi qaror bilan loyiha-smeta ishlab chiqilishi ko‘rsatilgan. Undan so‘ng, foydalanish uchun qaror chiqariladi. Ajratilgan yer uchastkasiga huquqi bo‘lmay turib, jamiyat tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilgan», — deya qayd etgan u. Davron Hidoyatov bunda kodeks va qonun talablarini sanab o‘tdi.

Ortiqxo‘jayevga ko‘ra, investorning loyihadagi iqtisodiy manfaatidan kelib chiqib, binoning 10 foiz qismida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgandi. Shu shart bilan avtoturargoh qurishga ikki nafar sarmoyador talabgor bo‘lgan, bularning biri — «Regent Corp».

«Ko‘pchilik tadbirkor qur'a tashlaydi. Konvert asosida qur'a tashlandi va loyihani amalga oshirish huquqi Ilyosxon Azizovga nasib qildi. Oradan 10 kun o‘tib, iqtisodiy manfaati kam bo‘ldi, savdo va maishiy xizmatni tashkil etish foizini oshiraylik, degan taklif bilan Ilyosxon oldimga keldi. Yo‘q, dedim, lekin 10 foizga yoshlar uchun kovorking qurishga rozilik berdim. 3–4 oydan keyin, o‘sha joydan o‘tayotsam, bino ko‘tarilgan, ammo avtoturargoh emas. Birinchi o‘ylaganim: bular bilan qur'a tashlagan investor oldida men kim bo‘ldim?» — dedi hokim.

Sharof Rahmonov

Yig‘ilishda investorlar uchun tashkil etilgan ochiq eshiklar kunida tasvirga olingan lavha va qur'a tashlash ishlari namoyish etildi. Shuningdek, shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov investor rahbarlik qiladigan kompaniya ta'sischilari va ularning ulushlari loyiha boshlangunga qadar ko‘p marta o‘zgarganiga e'tiborni qaratdi.

Hokim o‘rinbosarining fikricha, kompaniya ta'sischilarining o‘zgarishi va ulushlar qayta taqsimlanishi hokimiyat tomonidan yerni sotishga bo‘lgan urinish sifatida ko‘riladi. Bunga javoban, investorning akasi — Rustamxon Azizov ta'sischilardan biri Ilyosxonning akasi Olimxon va uning turmush o‘rtog‘i ekanini bildirib, ta'sischilarga oid barcha ma'lumotlarni taqdim etishi mumkinligini aytdi.

Rustamxon Azizov

Yig‘ilishda ishtirok etgan deputat Rasul Kusherbayev hokimiyat va investor o‘rtasida ziddiyatga nima sabab bo‘layotganiga qiziqdi. Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev investor kelishuvga asosan binoning 80 foizida avtoturargoh qurmay, mashinalar saqlash uchun 40 foiz maydonni qoldirganini aytdi. Ammo Ilyosxon Azizov o‘rnatilgan tartib-qoidalar bo‘yicha ushbu o‘lchamdan ortiq maydonni avtoturargohga ajratish mumkin emasligini hujjatlar asosida ko‘rsatdi.

Rasul Kusherbayev

«Avtoturargohni loyihadagi qurilishning 80 foizida tashkil etishning imkoni yo‘q, negaki o‘rnatilgan qurilishning qonuniy talablari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Aslida, kelishuvda 80 foiz degan gap bo‘lmagan. Hokimning zaxiralash to‘g‘risidagi qarorida qurilajak binoning 10 foizida savdo va maishiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat etilgan holda avtoturargoh va kovorking qurilishi ma'lum qilingan», — dedi Ilyosxon Azizov.

Ortiqxo‘jayev esa bundan ikki yil avval qur'a tashlashdan oldin tasvirga olingan lavhalarni namoyish etib, Ilyosxon Azizovning loyihasi avtoturargoh uchun mo‘ljal qilingani haqidagi gaplarini tinglashni taklif qildi.

Yig‘ilish so‘nggida erishilgan natijaga ko‘ra, Toshkent shahar hokimiyati investorga ikkita taklif bildirdi. Investor qurilish loyihasini kelishuvga muvofiq o‘zgartirib, avtoturargoh quradi yoki ushbu masala xalq deputatlari Toshkent shahar kengashida hal qilinishi kerak.

Azizov esa joriy loyihani tugallash uchun 4 milliard so‘m ijtimoiy majburiyatni zimmasiga olishini aytdi. Ortiqxo‘jayev bunga ko‘nmay, masala ijtimoiy majburiyat summasi bilan hal etilmasligini bildirdi.

Investor o‘z hamkorlari bilan taklif etilgan yechimlardan birini muhokama etishini aytdi va yig‘ilish shu bilan yakuniga yetdi.

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov

Mavzuga oid