Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Panorama» va alyukobond qoplama. Nemis mutaxassisi Toshkentning zamonaviy qiyofasi haqida
Yodgorliklarni asrash bo‘yicha Toshkentdagi bahs-munozaralar borasida germaniyalik mutaxassis Yyens Yordan o‘z munosabatini bildirdi. U Kun.uz'ga yo‘llagan maqolasida Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy misolida vaziyatni tushuntirdi. Quyida uning maqolasi o‘zbek tilida taqdim etiladi.
Manba: Boris Chukovich va Sergo Sutyaginlarning arxivi
Yodgorliklarni saqlash bo‘yicha mutaxassislar orasida ancha vaqtdan buyon bir qarash mustahkam o‘rnashgan: yodgorliklarni saqlash masalasi kichik mutaxassislar guruhining ishi emas, balki butun jamiyat tomonidan muhokama qilinishi zarur bo‘lgan mavzudir.
Bugungi kunda «Panorama» nomi bilan tanilgan kinosaroyning dong‘i Toshkent va mamlakat chegaralaridan ham uzoqqa yetadi. Bu – ilgari hukmron bo‘lgan neoklassitsizmni 1950 yillarning oxiridan boshlab almashtirgan va o‘zi bilan me’morchilik tili, turar joy qurilishi va kundalik hayotning boshqa ko‘plab jabhalariga o‘zgarishlar olib kelgan yangi davrning manifesti sanaladi. Jamoatchilik binolari arxitekturasida paradigmalardagi ushbu o‘zgarish avvalambor 1960 yillarning boshlarida Moskvada qurilgan Pionerlar saroyida va birozdan keyin Toshkentda kinosaroy qurilishi bilan yaqqol namoyon bo‘ldi.
Albatta, boshqa ma’muriy binolar, shu jumladan, avvalgi binolar ham yangi me’morchilik tilini ifoda etadi, biroq sovet modernizmining bir qator muhim inshootlarida ko‘p funksiyali bino qurilishi katta ehtimol bilan birinchi o‘rinda turardi.
Ushbu loyihaning o‘ziga xos xususiyati – uning kontekstualizatsiyasi, joyga moslashishi hamda shakl va fasad borasida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan bino qismlarining o‘zaro uyg‘unligida namoyon bo‘ladi.
Kontekstualizatsiyani tushunish uchun loyihaning qurilish paytidagi muhitga nazar tashlash kerak: 1930 yillarning boshlarida boshlangan, neoklassitsizm va sharqona uslublar aralashgan muhtasham Navoiy ko‘chasining qurilishi ancha rivojlangan edi. Hanuz Eski shaharning an’anaviy uylari bilan o‘rab olingan kinosaroy maydonining ro‘parasida M. Bulatov tomonidan loyihalashtirilgan turar joy binosi barpo etiladi, u 1950 yillarning o‘rtalarida buzib tashlangan Eshonqul Dodxo madrasasining pastki qavatidagi cho‘qqili ravoq bilan bezalgan javonlarni davom ettiradi. Cho‘qqili ravoqlarning tepasida oldinga bo‘rtib chiqqan balkonlar bir qancha ustunlarga ega fasadning ko‘rinishini ajratib turadi. Maydonning sharqida, Paxtakor ko‘chasi bo‘yida allaqachon ToshPIning neoklassik fasadga ega ilk binosi mavjud bo‘lib, u birinchi telestudiyani shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan A. Petrosov tomonidan loyihalashtirilgan edi. Navoiy ko‘chasiga tutash burchakda ToshPIning (hozirgi Vebster universiteti) L. Karash tomonidan loyihalashtirilgan va 1956 yilda qurib bitkazilgan asosiy binosi joylashgan bo‘lib, u qo‘shni hududdagi eski binoning fasad shaklini qabul qilib oladi, biroq bezak elementlaridan sezilarli darajada kam foydalanilgani tufayli u allaqachon yangi davrdan darak beradi.
Kinosaroy neoklassik bezaklar va sharqona naqshlarga oid ushbu qoidadan, shuningdek, shaharsozlikdagi perimetrli qurilishdan chetga chiqadi. U 1964 yilda V. Berezin, S. Sutyagin, Yu. Xaldeyev, D. Shuvayev va O. Legostayevalarning loyihasi bo‘yicha S. Sutyagin tomonidan qurilgan. Binoning shakli kinozalning balandligi 22 metr bo‘lgan yopiq hajmi va uzunasiga tortilgan, aksar qismi oyna bilan qoplangan, shu sababli yengil ko‘rinadigan ikki qavatli pavilon o‘rtasidagi kontrast namoyon bo‘ladi.
Funksional ajratish orqali vazifaga ideal darajada mos keladigan bino shakli va fasad tanlab olingan. Katta zalning hajmi kuzatuvchiga tevarakda ko‘p uchraydigan ustunlarning bir necha marta kattalashtirilgan bo‘lagi kabi ko‘rinishi mumkin, bino tarhida esa u mahalliy kashtachilik an’analarining naqshlarini eslatadi. Mumtoz me’morchilikka oid postmodern iqtibosga yangi davrning ifodasi sifatida qaraydigan ushbu assotsiatsiya orqali binoga yana bir talqin va ma’no darajasi beriladi. Ushbu yopiq hajmdan farqli o‘laroq, pavilon to‘sinlari shaffof va tabiiy ko‘rinadi. Pavilon kassa bilan birgalikdagi kirish maydonini, garderob va bufet joylashgan foye hamda ma’muriy xonalarni o‘z ichiga oladi.
San’at saroyi garaj sifatida
O‘tgan haftalar ichida pavilon rejalashtirilgan ta’mirdan keyin qanday bo‘lishi haqidagi rasmlar tarqab ketdi. Ular fasadning alyuminli kompozit panellar (afsuski, bu panellar binoning qiyofasini hozir ham buzib turibdi) bilan o‘zgartirib yuborilishini va foyedan tarixiy avtomobillar uchun nimqorong‘i ko‘rgazma zali sifatida foydalanishni ko‘rsatadi.
Ko‘rsatilgan vizualizatsiya rasmlari asl loyihani umuman anglamaslikdan darak beradi. Ko‘zda tutilgan alyuminiyli kompozit panellar o‘rniga katta hajmdagi oynalarni tiklash va binoning ushbu qismiga erkinlikni qaytarib berish juda muhimdir. Agar keng miqyosli reklama bannerlaridan voz kechilsa, unda ularning ortida joylashgan xonalardan ham munosib ravishda, masalan, kafe, restoran yoki bar sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi. Binoga kirishdagi maydon inobatga olinsa, bunday inshoot, albatta, mehmonlarning bu yerga kinoga kelishini boshqa takliflar bilan boyitish yoki yangi mehmonlarni jalb qilish salohiyatiga ega bo‘lardi.
Majmuaning me’moriy qiymatini va uning tarixiy ulushini ifodalab berish va tushunarli qilish uchun ichki dizaynni ham uning qurilish konsepsiyasiga yaqinroq qilish maqsadga muvofiqdir. Haddan tashqari ko‘p issiq o‘tishi masalalari texnik jihatdan quyosh nurlaridan himoyalovchi oyna va zamonaviy shamollatish uskunalari vositasida hal qilinadi. Oynavand osmono‘par binolarni Toshkentda ham qurish mumkinligi allaqachon boshqa joylarda namoyish etilmoqda.
Loyiha mualliflaridan biri sifatida u, albatta, binoni o‘zgartirish yoki qayta tiklash bo‘yicha a’lo darajada maslahat bera oladi. Zamon talablariga hamohang ravishda bino o‘zining asl konsepsiyasi va shaklidan qanchalik ko‘p qaytarib olsa, u shunchalik qadrli bo‘ladi.
Garaj san’at asari sifatida
Yodgorliklarni muhofaza qilishning yana bir muammosi Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi 297-uyda joylashgan avtoustaxonada namoyon bo‘ladi. 36x80 metr o‘lchamdagi katta zal ko‘chalarga qaragan ikkala tomonida ham oddiy, takrorlanuvchi shaklga ega bo‘lgan: old tomondagi o‘n bitta va yon tomondagi beshta o‘qqa tortilgan ikki tavaqali yog‘och darvozaga ularning tepasida temir panjaralar ortidagi derazalar hamrohlik qiladi. Derazalarning tepasidan balandga ko‘tarilgan devordan keyin parapetning to‘g‘ri burchakli, quti shaklida biroz bo‘rtib chiqqan joyi o‘rnashgan. Darvoza o‘qining ikkala tomonida fasad dag‘al shaklda silliqlangan, uzun tabiiy tosh plitalar bilan qoplangan bo‘lib, ular shimol tomonda o‘rnatilgan devoriy bo‘rtma naqsh – relefning tagini ham tashkil qiladi. Balandligi 6 metrcha keladigan bu san’at asarida ot ustidagi chavandoz tasvirlangan: dumini hilpiratib, mardonavor harakatlar bilan keng quloch yozgancha yelib borayotgan bu juftlik barcha xavf-xatarlarga qarshi turibdi. Ayni vaqtda, ushbu harakatlanish vositasi bel va yelka bo‘g‘imlarining aylana shakldagi tasviri orqali futuristik avtomobilni eslatib yuboradi.
Bu yerda ham me’moriy meros bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish borasida ayni savol o‘rtaga chiqadi. Tushunarli bo‘lgan modernizatsiya jarayoni tufayli fasadning ko‘rinishi o‘zgarishga uchradi: endilikda u bevosita devoriy relefgacha cho‘zilgan, katta oynavand eshiklarga ega, biroz qizil aksent berilgan, funksional tarzda bo‘lingan va gofrirovka qilingan kulrang tunuka devordan iborat. Devoriy bo‘rtma naqsh saqlab qolinganligi olqishga sazovor. Afsuski, u o‘zidagi tabiiy tosh plitalari orqali yuzaga kelgan vizual bog‘liqlikni yo‘qotgan va ranglar tanlovi natijasida e’tibordan chetda qolgan (kulrang relef va kulrang fasad). Chunki, ustaxona va san’at asari o‘rtasidagi aynan mana shu vizual bog‘liqlik mazkur obektning qiymati va uning tushunarliligini belgilab bergan edi. Alohida san’at asarlariga ega bo‘lgan boshqa ko‘plab binolarda bo‘lgani kabi, bu yerda ham bino buzilgan taqdirda aslida har doim binoga bog‘liq tarzda o‘ylangan, uning bir qismi bo‘lgan san’atga munosabat qanday bo‘lishi borasida savol yuzaga keladi.
Yodgorliklarni saqlash masalasi har doim har bir yodgorlik uchun uning o‘ziga xosligi va talablariga muvofiq tarzda javob va yechimlar izlaydigan bir jarayondir.
Kinosaroy xuddi avtoustaxona kabi o‘z davrining turmush sharoitlari, voqeliklari, tasavvurlari va orzulari haqida hikoya qiladi. Biz esa ushbu artikulyatsiya bizning davrimizda ham tushunilishini ta’minlashimiz lozim.
Mavzuga oid
16:28 / 13.06.2026
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchi ikkinchi haydovchiga tayoq bilan hujum qildi
20:06 / 10.06.2026
Prezident huzurida Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati va rejalari ko‘rib chiqildi
16:55 / 09.06.2026
Biznes-ombudsman Toshkentdagi reklamalarni buzishda qonuniy yo‘l tutishga chaqirdi
10:25 / 09.06.2026