Jamiyat | 14:27 / 09.11.2020
6222
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar» tushunchasi bo‘yicha izoh berildi

2020 yil iyulidan beri respublikada 500 mingga yaqin kishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida soliq organlarini xabardor etgan.

Mehnat migranti o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga tenglashtirilgani bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda so‘z olgan Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Ismoilov «o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar» tushunchasiga to‘xtaldi.

«Joriy yildan boshlab qonunchiligimizga «o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar» tushunchasi kiritildi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs kim? O‘zini o‘zi band qilgan shaxs qo‘lida kasb-hunari bor bo‘lgan, ma'lum bir darajada mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari.

Prezident qaroriga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar davlat soliq organlarini xabardor qilgan holda hisobda turishi belgilandi.

O‘tgan to‘rt oy davomida respublikamizda 500 mingga yaqin kishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida davlat soliq organlarini xabardor etdi», dedi Shuhrat Ismoilov.

U chet elda mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirayotgan fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tenglashtirilishi – ular uchun yaratilgan imkoniyat ekanini ta'kidlagan.

«Joriy yilning sentabr oyida xorijda mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirayotgan fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tenglashtirilishi bu – ular uchun yana bir qulaylik, katta bir imkoniyatlardan biri deb hisoblaymiz.

Chunki endi chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimiz o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida hisobda turishlari, ular uchun belgilangan ijtimoiy soliqlarni to‘lash majburiy emas, albatta ixtiyoriy asosda.

Chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida hisobda turishi, ixtiyoriy ravishda ijtimoiy to‘lovni to‘lashi bilan rasmiy hisobda turishlari ta'minlanadi. Ular 2020 yilda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar uchun 111 ming 500 so‘m miqdorida yoki 10 AQSh dollari miqdorida ixtiyoriy ravishda, o‘ziga mehnat staji kerak bo‘lsa, mehnat stajini olishni xohlasalar, chet elda ishlagan davrlari, mehnat faoliyatlari uchun 111 ming 500 so‘m miqdorda to‘lovni amalga oshirsa, ular uchun belgilangan tartibda mehnat staji hisoblanishi belgilab qo‘yildi», dedi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i.

U chet elda ishlayotgan fuqarolar qancha daromad olishidan qat'i nazar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmasligini ta'kidlab o‘tdi.

Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Abror Xolmatov 2020 yilda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs toifasida Pensiya jamg‘armasiga to‘lovlarni amalga oshirgan shaxslar statistikasini keltirdi.

«Pensiya jamg‘armasiga 9 noyabr holatiga ko‘ra, 21 mingga yaqin fuqaro o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs toifasida to‘lovlarni amalga oshirgan. Ushbu fuqarolar kelgusida ish stajiga ega bo‘lish uchun huquq paydo qilgan. Shulardan 104 nafari chet elda ishlagan odamlar. Bu 2020 yil uchun bo‘lib, juda kam ko‘rsatkich.

Biz jamg‘arma tomonidan ushbu toifadagi fuqarolarni qamrab olish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan katta ishlarni amalga oshiryapmiz», dedi Abror Xolmatov.

U fuqarolarni Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy tarzda ijtimoiy soliqlarni to‘lashga chaqirdi va bu borada qayerga murojaat qilish kerakligi haqida aytib o‘tdi.

«Biz Pensiya jamg‘armasi ixtiyoriy tarzda ijtimoiy soliqlarni qabul qilamiz. Buning uchun hududiy Davlat soliq inspeksiyasiga murojaat eting, to‘lovlarni amalga oshiring va to‘lagan mablag‘laringiz Davlat soliq qo‘mitasining axborotlar bazasida saqlanadi va o‘zaro Pensiya jamg‘armasi va Davlat soliq qo‘mitasi bazasida to‘langan mablag‘lar to‘g‘risida ma'lumotlar parallel ravishda saqlanib boradi.

Kelgusida pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lganida Pensiya jamg‘armasining o‘zi elektron tarzda Davlat soliq qo‘mitasi axborot bazasidan ushbu ma'lumotlarni oladi va sizlarni ovora qilmay, ish stajiga hisoblab beriladi», dedi u.

Mavzuga oid