Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jo Bayden. AQSh «gegemonlik» siyosatiga qaytadimi?
AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden olib boradigan tashqi siyosat va ushbu siyosatning muvaffaqiyat qozonish ehtimollari haqida fikr bildirganda, avvalo, AQShning sovuq urush tugagandan keyin duch kelgan «paradigma inqirozi»ni ko‘rib chiqish lozim.
AQSh tashqi siyosatidagi ikki paradigma
Sovuq urush davrida ikki qutbli dunyoning «G‘arbiy bloki» AQSh rahbarligida, uning iqtisodiy qudrati va yadro «soyabon»i ta'siri ostida shakllangandi.
«G‘arb» – «Amerika dunyosi» edi. Sovuq urush tugagach, AQSh yagona super kuch maqomiga ko‘tarildi, ammo ikki qutbli dunyoning tashqi siyosiy paradigmasi ham sochilib ketdi.
Endilikda AQShning oldida «Amerika dunyosi»ning globallashuvi va unga oid muammolarni boshqarish uchun yangi paradigmani topish ehtiyoji turgandi.
AQShning «yagona super kuch» maqomini tasdiqlagan birinchi Fors ko‘rfazi urushidan so‘ng, AQSh prezidenti Bush «demokratiya va qonunga asoslangan yangi dunyo tartibiga» ega edi. Shu bilan bir qatorda, AQShning tashqi siyosiy doiralarida ushbu paradigmaga oid ikki farqli javob shakllanib kelmoqda edi.
Birinchi javob AQShning «super kuch»ga aylanish maqsadida harbiy o‘lchov («qattiq kuch») negiziga qurilgan bir qutbli dunyoni yaratishiga asoslangan edi.
Bu sovuq urush davrining ittifoq tuzilmasi va xavfsizlik me'morchiligini «nafaqa»ga chiqargan, Irving Kristol, Robert Kagan va Pol Volfovits kabi mutafakkirlarning ta'biri bilan aytganda, «o‘z haqiqatini o‘zi shakllantiradigan imperiya» loyihasi edi.
Ikkinchi javobni esa asosan Demokratik partiyaning liberal ziyolilari va Bill Klinton namoyish etdi.
Ushbu qarash tarafdorlari AQShning iqtisodiy va madaniy qudrati, liberal demokratiya va erkin bozorning globallashuviga asoslangan holda, AQSh manfaatlari va yetakchiligini ta'minlaydigan yangi «AQSh dunyosi» barpo etilishiga ishonishardi.
Bu – globallashayotgan dunyoda AQSh manfaatlarini «yumshoq kuch»ga tayanib himoya qilishga asoslangan gegemonlik (rozilik asosida boshqarish) loyihasi edi.
3-paradigma
Gegemonlik loyihalari ham, imperiya loyihalari ham muvaffaqiyatli chiqmadi va ular AQShning xalqaro mavqeyini tiklay olmadi. Bush davridan keyingi Obama-Bayden ma'muriyatida rozilik asosida yetakchilik (gegemonlik) qilish loyihasiga qaytish uchun harakat qilindi. Biroq ushbu urinish ham muvaffaqiyatli chiqmadi.
Liviya va Suriyadagi ichki urushlar AQShning yetakchiligini emas, balki uning kuchsizligini isbotladi.

Bu paytda esa Rossiya o‘zini va harbiy salohiyatini qaytadan tiklay boshlagan edi. Endilikda u Ukrainani bo‘lish, Qrimni anneksiya qilish, Suriyadagi fuqarolar urushidan foydalanish orqali Yaqin Sharqqa kirib borayotgandi.
Boshqa tomondan esa, moliyaviy inqiroz davrida Xitoy iqtisodiy kuch sifatida yuksalib bordi va bu iqtisodiy kuch o‘zining texnologik va harbiy rivojlanishi uchun zarur resurslarni ta'minlab bera boshladi.
Tramp 2016 yilda saylanganida, tashqi siyosat sohasidagi ushbu ikki paradigmadan farqli o‘laroq, « Jyekson yondashuvi» (Uolter Rassel ta'biri) kun tartibiga chiqdi.
Zotan, Tramp hokimiyatga kelgan payt AQShda Endryu Jyekson davrini (1829-1837) yodga soluvchi tashvish va muammolar hukmronlik qilayotgandi.
Jyekson davrida Buyuk Britaniya imperiyasi sanoat inqilobi orqali tez sur'atlar bilan rivojlana boshlagandi.
Sanoatlashtirish quldorlikka bo‘lgan ehtiyojni yo‘qqa chiqargach, Buyuk Britaniya parlamenti 1807 yilda qul savdosini bekor qildi va 1883 yilda imperiya bo‘ylab qullikni butunlay taqiqladi.
Quldorlikning qat'iy tarafdori bo‘lgan va tub amerikaliklarning genotsid «tegirmoniga suv quygan» Endryu Jyekson Amerika xavfsizligi va qadriyatlari (quldorlik) tashqi kuchlar (Britaniya)ning tahdidi ostida ekaniga ishonardi.
Amerikaning do‘sti faqatgina Amerika edi. Jyekson bu haqiqatni anglab yetmagan sanoat va moliyaviy elitaga qarshi Amerika xalqining manfaatlarini himoya qilish iddaosida edi.
Ushbu nuqtayi nazardan qaraganda, Tramp «voqea»sini tushunish osonroq kechadi.
AQShning «gegemonlik» va «imperiya» bilan bog‘liq maqsadi erishib bo‘lmas orzuga aylangandi.
Iqtisodiy inqiroz daromadlar taqsimotidagi tengsizlikni oshirib borayotgandi. Ilk qora tanli prezident – Obama davrida liberal multimadaniyat kuchaydi.
Iqtisodiy inqiroz va Obama davridagi madaniy muhit ta'siriga qarshi muxolifat (o‘ng qanot populizmi deb ataladigan hodisa) oyoqqa turdi. Buyuk kuchlar o‘rtasidagi raqobat esa xalqaro maydonda hal qiluvchi tamoyilga aylandi. AQSh Xitoyning yuksalib borishi qarshisida o‘zini bezovta his qila boshladi. Ayni mana shu nuqtada mamlakatning ijtimoiy va siyosiy qurilishiga bog‘liq bo‘lgan unsurlar Trampni hokimiyat tepasiga keltirdi.
Bayden eski paradigmaga qaytmoqchi
Tramp tashqi siyosatda «Amerika birinchi» shiori bilan AQShning global tartibni boshqarish iddaosidan deyarli voz kechdi. Tramp Amerikasi Obama davridagi savdo bitimlari va Parij iqlim kelishuvidan chiqdi. NATO, BMT kabi xalqaro tashkilotlarga «o‘ng ko‘zi bilan qaramadi». Hatto Yevropadagi eng yaqin ittifoqchilariga ham dushmanona munosabatda bo‘ldi.
Endilikda na liberal-demokratik gegemonlik va na imperiya loyihasi kun tartibida edi. Maqsad esa buyuk kuchlar raqobati hukm surgan dunyoda eng kuchli bo‘lish, bitim va kelishuvlarga asoslangan munosabatlar orqali AQSh manfaatlarini himoya qilishga qaratilgandi.
Tramp bir tomondan buyuk kuchlar, asosan, Rossiya va Xitoy rahbarlari bilan o‘zaro munosabatlar negizida tashqi siyosat olib bordi. Boshqa tomondan esa o‘zini hokimiyat tepasiga olib kelgan «o‘ng qanot populizmi»ning madaniy xususiyatlarini tashqi siyosatga «tashish» orqali Yevropadagi o‘xshash oqim va o‘zi kabi avtokratik tendensiyalarni dastaklovchi yetakchilarni qo‘llab-quvvatladi. Bu bilan esa «o‘ng qanot populist gegemonligi»ni o‘rnatishga harakat qildi.

Jo Bayden esa o‘zining so‘nggi bayonotlarida mutlaqo boshqacha tashqi siyosat yuritishga qaror qilganini va AQShning xalqaro munosabatlari ma'lum darajaga ko‘tarilishi kerakligini ta'kidlamoqda.
«Namuna bo‘ladigan darajada yetakchilik qilish» – Baydenning bayonotidagi eng muhim tushunchadir.
Shunday qilib, Bayden gegemoniyaning liberal demokratik paradigmasiga qaytmoqda.
Baydenning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlari ham ushbu tendensiyani aks ettirmoqda.
U global isishni insoniyatning eng muhim muammosi deb hisoblamoqda. «Agar biz ushbu muammoni yengib o‘ta olmasak, qolganlari hechdir», deya ta'kidlamoqda Bayden. Uning aytishicha, prezidentlikdagi dastlabki ishi global isish bo‘yicha xalqaro bir uchrashuv tashkil etish va bu bo‘yicha kelishuvga qaytish bo‘ladi.
Ushbu muammo bilan bir qatorda u global epidemiyaviy kasalliklarga qarshi choralar ko‘rish uchun xalqaro hamkorlik va tegishli institutlarni kuchaytirish zarurligini ta'kidlamoqda.
Bayden tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxatida yadroviy qurol tarqalishining oldini olish ham muhim o‘rin tutadi.
U Trampning Shimoliy Koreya siyosati samara bermaganini, aksincha, rejimni yanada jasoratlantirib yuborganini va Janubiy Koreya xavfsizligini xatar ostiga qo‘yganini ta'kidlamoqda.
Uning aytishicha, agar Eron kelishuvga qaror qilsa, Tramp bir tomonlama chiqib ketgan bitimga yana qaytilishi mumkin.
Bayden «terrorizmga qarshi doimiy urush» strategiyasiga endilikda barham berish lozimligi va transchegaraviy terrorizmga qarshi kurashni kichik hajmdagi maxsus guruh va mahalliy kuchlar bilan birga olib borish lozimligiga urg‘u bermoqda.
«Muhojirlarning ommaviy to‘lqinlari» ham Baydenning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxatidan o‘rin olgan. Uning fikricha, Trampning immigratsiya siyosati «axloqiy jihatdan yaroqsiz va irqchi»dir. Shu bois u Gaiti, Salvador, Nikaragua, Sudan va Venesuela fuqarolariga qo‘yilgan immigratsiya taqiqini bekor qilmoqchi.
Bayden, shuningdek, kiber urushlar va buyuk kuchlarning zaif davlatlarni bosim ostiga olishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchayib borayotgan o‘ng qanot populist-millatchi to‘lqinni pasaytirish, inson huquqlari va erkinliklari haqida qayg‘urmaydigan populist avtoritar hukumatlar jazolanishi kerakligini ta'kidlamoqda.
Shu nuqtayi nazardan, u Turkiyadagi AKP (Adolat va taraqqiyot partiyasi) boshqaruvi va Erdo‘g‘an rejimini tez-tez tilga olib turibdi.
Bayden Qoshiqchining o‘ldirilishi, Yaman urushi, mamlakat ichidagi repressiya va inson huquqlari buzilish holatlarini hisobga olgan holda, AQShning Saudiya rejimiga nisbatan munosabatini ham o‘zgartirmoqchi. «Men demokratiya strategiyasini yana kun tartibiga qaytaraman», demoqda u.
Baydenning fikricha, bugungi kunda demokratiya 1930 yillardan beri kuzatilmagan ulkan bir xavf ostida.
Bayden ushbu barcha sohalarda AQShning yetakchilik qilishiga urg‘u bermoqda, ammo bu yetakchilikni AQShning an'anaviy demokratik ittifoqchilari bilan yaqin hamkorlikda olib borish istagida.
Tashqi siyosatning ikki urg‘usi
Bayden ko‘pincha tashqi siyosatda ikkita fikrni ta'kidlaydi.
Birinchidan, u tashqi siyosatini mamlakat ichidagi o‘rta sinf ehtiyojlariga mos ravishda davom ettirmoqchi. Garchi u «Men savdo urushlariga qarshiman» deb aytayotgan bo‘lsa-da, bu maqsad ma'lum darajada proteksionizm darajasini va shunga muvofiq ravishda sanoat va bandlik siyosatini ham talab qiladi. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy jihatlar ham hisobga olinsa, Bayden davrida ichki va tashqi siyosatda davlatning ahamiyati oshishini kutish mumkin.
Ikkinchidan, Bayden: «Men Xitoyning pozitsiyasini juda yaxshi tushunaman, AQSh ehtiyotkorlik bilan o‘rnatgan tartibni buzuvchi bir strategiya bilan harakatlanayotganini yaxshi bilaman», demoqda. Boshqa tomondan esa u AQShning yolg‘iz o‘zi Xitoy bilan savdo urushiga kirishi noto‘g‘ri va o‘rta sinflar nuqtayi nazaridan zararli ekanligini ta'kidlamoqda. Bayden AQShning demokratik ittifoqchilaridan tashkil topgan «birlashgan front» tashkil etish orqali Xitoy bilan iqtisodiy va texnologik raqobatni, diplomatik aloqalarni davom ettirishni, 5G va sun'iy intellekt kabi texnologiyalarni esa Xitoydan mustaqil ravishda tezroq rivojlantirish kerakligini aytmoqda.
Bayden NATOni AQSh xavfsizligi uchun nihoyatda muhim deb hisoblaydi. Shu sababli u Rossiyaning NATOni zaiflashtirish, Yevropani bo‘lish, AQSh saylov jarayonlariga aralashish kabi taktikalariga qarshi barcha demokratik ittifoqchilar bilan birgalikda qat'iyan qarshi chiqmoqchi. Shu nuqtayi nazardan, u Ukraina va Gruziyani ham NATO tarkibiga qo‘shishni rejalashtirmoqda.
U o‘zini Yaqin Sharqda sionist deb ta'riflagani va AQSh elchixonasining Quddusda qolishi tarafdori ekani nazarda tutilsa, AQSh tashqi siyosatida Saudiya Arabistonini istisno qilganda, sezilarli bir o‘zgarish bo‘lishini kutmaslik kerak.
Baydenning fikricha, «Dunyo o‘zini o‘zi boshqara olmaydi», «AQSh tartib o‘rnatishda yetakchilik qilishi kerak», «u o‘z mas'uliyatidan voz kecha olmaydi».
«AQSh rahbariyati ayb va qusurlardan xoli emas. Biz o‘tmishda ko‘plab noto‘g‘ri odimlar otganmiz, xatolarga yo‘l qo‘yganmiz. Turli xil strategiyalarga tayanish o‘rniga, biz faqat armiyamizning ulkan kuchiga suyanib, muammolarni hal etishga harakat qildik», deydi Bayden.
Baydenning «namunali yetakchilik qilish», diplomatiya, ittifoqlar, xalqaro tartib o‘rnatishning ahamiyati, demokratiya, inson huquqlari, global isish, immigratsiya to‘lqinlari va boshqa masalalarga alohida urg‘u berishidan kelib chiqilsa, AQSh tashqi siyosatida yuqorida ta'kidlagan ikkinchi paradigma (gegemonlik loyihasi)ga qaytishni xohlanayotgani anglashiladi.
Ushbu loyihaning muvaffaqiyati AQShning global maydonda muammolarni hal qilish va manbalar bilan ta'minlash qobiliyatiga hamda uning ittifoqchilari bilan o‘rnatadigan munosabatlarining sifatiga ham bog‘liq. Birinchisi, juda yaxshi imkoniyat emas. Ikkinchisi esa qiyin, chunki buyuk davlatlar o‘rtasida umumiy til topa olish tobora qiyinlashib bormoqda.
Mavzuga oid
12:19 / 29.05.2026
“Eron Liviyaning kuni boshiga tushishidan qochyapti” - siyosatshunos
10:24 / 04.04.2026
200 dan ortiq ukrain harbiylari Liviyada - surishtiruv tafsilotlari
13:34 / 04.02.2026
Liviyada Qazzofiyning o‘g‘li o‘ldirildi
18:49 / 05.01.2026