Jahon | 21:45 / 12.11.2020
6915
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Ozarboyjonga temir yo‘l quradi

Turkiya Ozarboyjonga temir yo‘l qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkiya transport va infratuzilma vaziri Odil Qoraismoilo‘g‘lu ma'lum qildi.   

Foto: Gavriil Grigorov / TASS

Ta'kidlanishicha, poyezd qatnovi Ozarboyjonning Naxichevan shahriga yo‘lga qo‘yiladi. Bu boradagi dastlabki tadqiqotlar yaqin orada yakunlanadi

Qoraismoilo‘g‘luning ta'kidlashicha, Ozarboyjonning asosiy qismidan Armaniston hududi bilan ajralgan Naxichevan muxtor respublikasiga temir yo‘l qurish qarori Kavkazdagi oxirgi voqealar, ya'ni Tog‘li Qorabog‘dagi ixtilofning keskinlashuvi va Ozarboyjon hamda Armaniston o‘rtasida yarashuv imzolanishi ortida qabul qilingan.   

Bu orada Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning ta'kidlashicha, Qorabog‘ bo‘yicha kelishuv Armaniston va Eron o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasining tiklanishini ko‘zda tutadi. Bu masala ham yaqin orada ko‘rib chiqiladi. 

Naxichevan Ozarboyjonning Turkiya bilan umumiy chegaraga ega yagona hududi hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara uzunligi bor-yo‘g‘i 10 kmga yaqinni tashkil qiladi va Araks daryosi orqali o‘tadi. 1992 yilda Araks orqali ko‘prik qurilgan bo‘lib, u orqali avtomobil yo‘li o‘tgan. 2012 yilda o‘sha vaqtda Turkiya bosh vaziri bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Naxichevan va Turkiyaning Igdir shahri o‘rtasida temir yo‘l qurilishi haqida ma'lum qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid