Jahon | 18:40 / 13.11.2020
3115
3 daqiqa o‘qiladi

Telegram'ni bloklagan Roskomnadzor messenjerda o‘z kanalini ochdi

Rossiyada aloqa sohasida davlat nazoratini olib boruvchi xizmat – Roskomnadzor Telegram messenjerida o‘zining kanalini ochdi. Bu haqda tashkilotning Twitter'dagi sahifasida ma'lum qilingan.

«Agar siz uchun Roskomnadzor xabarlarini Telegram orqali o‘qish qulay bo‘lsa, bu yerda ham kanal ochishga qaror qildik», deyilgan xabarda. Ayni damda 6 ming nafardan ortiq o‘quvchisi bor kanal 13 oktyabrda ochilgan. 29 oktyabr kuni unda ilk post joylangan. Bu kanalning rasmiy ekani haqida oldin xabar berilmagan.

2018 yil Rossiya xavfsizlik xizmati FXXga so‘ralgan ma'lumotlarni berishdan bosh tortgani sabab 2018 yilda Rossiya hududida Telegram'ni bloklash boshlangandi. O‘shanda FXX Telegram'dan foydalanuvchilarning yozishmalarini so‘ragan va rad javobini olgan. Roskomnadzor ikki yil davomida Rossiya hududida Telegram messenjerini bloklashga urindi, lekin bu ishni qisman amalga oshirgan bo‘lsa-da, Telegram'ni Rossiyada to‘liq bloklashning imkoni bo‘lmadi.

2020 yil 18 iyunida esa Roskomnadzor Rossiya Bosh prokuraturasi bilan maslahatlashgan holda Telegram'ga nisbatan qo‘llangan barcha cheklovlar bekor qilinganini e'lon qildi. Chunki biroz oldin messenjer asoschisi rossiyalik Pavel Durov Telegram terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishini ma'lum qilgandi. Uning aytishicha, Telegram ekstremistik propaganda alomatlari bo‘lgan ma'lumotlarni bloklash usullarini mukammallashtirgan.

Qizig‘i shundaki, Roskomnadzor Telegram'ga qarshi cheklovlar bekor qilinganini ma'lum qilish asnosida messenjerni bloklashning texnik jihatdan imkoni bo‘lmaganini tan olgandi. Tashkilotning Telegram'da rasmiy kanal ochishi ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar yanada yaxshilanganini bildirishi aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, Telegram'dan dunyoda 400 milliondan ortiq odam foydalanadi. Pavel Durov messenjerning foydalanuvchilari kuniga 600 ming nafardan ko‘payayotganini aytgandi. Rossiyada Telegram'dan 30 million kishi foydalanishi ma'lum. Internet olamida eng ommapob messenjerlardan biriga aylanib borayotgan Telegram'ning bozor narxi 10 milliard dollardan ko‘proqqa baholangan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid