Jahon | 15:00 / 14.11.2020
7437
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda prezidentlikka saylanish uchun ariza berganlar soni 39 nafarga yetdi

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasining bergan ma'lumotlariga ko‘ra, Bishkek vaqti bilan 2020 yil 14 noyabr 11:30 holatiga mamlakat prezidentligiga saylanish uchun ariza berganlar soni 39 nafarga yetgan.

Qirg‘izistonda muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlari 2021 yilning 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar uchun ariza berishning so‘nggi kuni bugun 14 noyabr etib belgilangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra ariza topshirganlar orasida turli ijtimoiy qatlamga mansub aholi bo‘lib, ularning orasida biznesmenlar, nafaqadagi insonlar, sobiq deputat va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, siyosiy partiyalar yetakchilari va vaqtincha ishsiz fuqarolar ham bor.

Shuningdek, amaldagi Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat bosh vaziri Sadir Japarov ham bugun saylovlarda ishtirok etish uchun vakolatlaridan voz kechish niyatida ekanligini ma'lum qildi va Markaziy saylov komissiyasiga ariza topshirdi.

Qirg‘iziston Konstitutsiyasida mamlakat prezidenti 6 yildan 2 muddatga saylanishi mumkinligi yozilgan. Shuningdek, asosiy qonunga ko‘ra, prezidentlikka nomzod 35 yoshdan kichik hamda 70 yoshdan katta bo‘lmasligi, davlat tilini yaxshi bilishi va umumiy hisobda mamlakatda 15 yil yashagan bo‘lishi kerak. Prezidentlikka nomzodlar soni cheklanmagan, faqat nomzod sifatida ro‘yxatga olinish uchun kamida 30 ming saylovchining imzosini yig‘ish kerak bo‘ladi.

Markaziy Osiyodagi qo‘shnilaridan farqli ravishda Qirg‘izistonda prezident saylovlari va umuman boshqa saylovlarda ham nomzodlar sonining ko‘p bo‘lishi odatiy hol. Masalan, 2017 yilgi prezident saylovlarida MSKga 59 kishiga ariza topshirgan edi. O‘shanda komissiya bor-yo‘g‘i 13 kishini nomzod sifatida ro‘yxatga olgan.

Mavzuga oid