O‘zbekiston | 16:19 / 17.11.2020
7149
4 daqiqa o‘qiladi

Nogironlik nafaqasi kimlarga tayinlanadi va uning miqdori qancha bo‘lishi kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 apreldagi 107-sonli qaroriga asosan davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan shaxslar nogironlik nafaqasi olish huquqiga ega. Xo‘sh, bunday nafaqa kimlarga tayinlanadi?

Bu savol bilan Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmatiga murojaat qildik va quyidagi javoblarni oldik:

Nafaqa olish huquqiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan bolalikdan I va II guruh nogironlari deb e'tirof etilgan 16 yoshdan katta shaxslar (16 yoshdan katta bolalikdan nogiron);

kasallikning bosqichidan qat'i nazar, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar;

nafaqa olish huquqini beradigan tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan taqdirda 16 yoshgacha nogiron bolalar (nogiron bola);

yoshidan qat'i nazar, ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga tayinlanadi;

Nafaqa olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar nafaqa olish huquqi paydo bo‘lgandan so‘ng biror-bir muddat bilan cheklashsiz, istalgan vaqtda uning tayinlanishi uchun murojaat qilishlari mumkin.

Nafaqa miqdorining belgilanish tartibi qanday?

Nogironlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda belgilanadi. Ya'ni:

  • 16 yoshgacha bolalikdan nogiron bolalarga — 513 350 so‘m (01.09.2020 yil);
  • 16 yoshdan katta I guruh bolalikdan nogironlarga — 578 967,50 so‘m;
  • 16 yoshdan katta II guruh bolalikdan nogironlarga — 513 350 so‘m;
  • ish stajiga ega bo‘lmagan I guruh nogironlariga — 380 647,50 so‘m
  • ish stajiga ega bo‘lmagan II guruh nogironlariga — 315 030 so‘m

Tayinlash tartibi

Fuqaro nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi ariza bilan yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qiladi:

nogiron bolaning, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi, tutingan ota-onasi, vasiysi yoki homiysi tomonidan — nogiron bola, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxsning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan belgilangan tartibda beriladigan tibbiy xulosa, ariza bergan ota-ona, farzandlikka oluvchi, tutingan ota-ona, vasiy yoki homiyning pasporti nusxasi;

16 yoshdan katta OIV infeksiyasiga chalingan shaxs tomonidan — pasportining nusxasi va sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan belgilangan tartibda beriladigan tibbiy xulosa;

farzandlikka oluvchi, tutingan ota-ona, vasiy yoki homiy tomonidan ariza bilan murojaat qilinganda tuman (shahar) hokimining farzandlikka olish, vasiylik yoki homiylikni belgilash to‘g‘risidagi qarorining nusxasi ham taqdim etiladi;

Pensiya jamg‘armasi bo‘limi arizaga Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasidan olingan 16 yoshdan katta bolalikdan nogironni tibbiy tekshirish dalolatnomasidan ko‘chirmani ilova qiladi.

Tayinlash muddati

Ariza barcha zarur hujjatlar bilan tushgan kundan boshlab o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga qabul qilingan kun nafaqa tayinlash uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi.

Agar ariza pochta orqali jo‘natilsa va bunda barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan bo‘lsa, u holda ariza jo‘natilgan joydagi pochta shtempelida ko‘rsatilgan sana nafaqa tayinlash uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi.

Nafaqa barcha zarur hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid