Jahon | 00:04 / 17.11.2020
12687
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Afrikada harbiy baza ochadi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatning Sudanda harbiy-dengiz floti obektini ochish taklifiga rozi bo‘ldi va Rossiya mudofaa vazirligiga Sudan hukumati bilan bu haqidagi kelishuvni imzolash vazifasini topshirdi.  

Foto: AFP

Sudanda moddiy-texnika ta'minoti punktini ochish taklifini Rossiya hukumati bildirgan. Avvalroq Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Sudanda harbiy baza tashkil etilishini ko‘zda tutuvchi kelishuv loyihasini ma'qullagandi.

Hujjatga ko‘ra, obektda ko‘pi bilan 300 nafar rossiyalik harbiy va 4ta harbiy kema joylashtiriladi. Shu bilan birga, tomonlar roziligi bilan harbiylar soni oshirilishi mumkin. 

Afrikaning hudud bo‘yicha eng yirik davlati hisoblangan Sudan baza qurilishiga rozilik bergan. Bu yerda kemalar ta'mirlanishi va zaxiralar bilan to‘ldirilishi mumkin. 

Kelishuv 25 yilga tuzilgan va cheklanmagan marta 10 yillik davrlarga uzaytirilishi mumkin. 

Kelishuvda ta'kidlanishicha, Rossiya uchun sovuq urush vaqtidan beri Afrikada birinchi harbiy baza ochilishi “mintaqada tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, mudofaa maqsadlariga ega va boshqa davlatlarga qarshi qaratilmagan”.

Sudan buning evaziga Rossiya quroli va harbiy texnikasini bepul olishi mumkin.

2018 yil dekabrda Rossiya xorijda 6ta harbiy bazaga egaligi, ulardan 5tasi yaqin xorijiy davlatlarda va bittasi Suriyada joylashgani ma'lum qilingan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Suriyadagi Hmaymim aviabazasida Rossiya qurolli kuchlarining 555-aviaguruhi, Abxaziyada 7-harbiy bazasi, Janubiy Osetiyada 4-harbiy bazasi, Armanistonda 102-harbiy bazasi, Tojikistonda 201-harbiy bazasi va Qirg‘izistonda 999-aviabazasi joylashgan.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid