Jamiyat | 22:34 / 20.11.2020
13438
2 daqiqa o‘qiladi

Kulib turgan ko‘zlarga qarang... Mirodil murakkab operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdi

Saytimizda «Murg‘akkina o‘g‘lim ko‘z oldimda so‘lib bormoqda – musofirlikda qolgan ota nolasi» sarlavhali xayriya e'lon qilgandik. Unda 4 yoshli Mirodil Mirabdullayevning boshida o‘simta mavjudligi, 3 marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani aytilgandi.

Saxovatli insonlar xayriyani bee'tibor qoldirmadilar va Hindistonda operatsiyani kutayotgan Mirodil uchun zarur 55 million so‘m qisqa muddatda yig‘ildi.

«O‘g‘lim og‘riqdan qiynalayotgan, ko‘zlarini ham ocholmayotgandi. To‘g‘risi, qo‘rqayotgandik... Allohga shukr, operatsiyani yaxshi o‘tkazdi, ko‘zlarini ochib kulganicha hammamizning ko‘nglimizni shod qildi. Bizni og‘ir paytda qo‘llab, o‘g‘limning sog‘ligi uchun o‘z yordamlarini ayamagan, saxovat ko‘rsatgan barcha yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Har doim ular uchun duoda bo‘lamiz. Xudo xohlasa, Mirodil ulg‘aysa, o‘zi ham hammaga ko‘mak beradigan farzand bo‘lib yetishsin», dedi Mirodilning otasi Mirzohid Mirhaydarov hayajon bilan.

Ayni paytda Mirodil Hindistonda operatsiyadan keyingi muolajalarni olmoqda.

Azizlar, bolakayning kulib turgan ko‘zlariga qarang, ular sizga rahmat aytmoqda...

Mavzuga oid