O‘zbekiston | 11:15 / 20.11.2020
3032
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda yangi kichik sanoat zonasi tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining «Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida kichik sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Yangiyo‘l tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholining bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida «Tinchlik» mahallasi hududidagi tuman hokimligi tasarrufida zaxirada turgan, foydalanilmayotgan 36,0 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi (KSZ) tashkil etiladi.
 
Norma’ning yozishicha, KSZni tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
 
Toshkent viloyati maxsus iqtisodiy zonaning ma'muriy kengashi bir oy muddatda KSZ uchun alohida direksiya tashkil etadi.
 
KSZ hududida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar (kabel, keramika va plastik mahsulotlar, metall konstruksiyalar) turlarini ishlab chiqarish, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari joylashtiriladi.
 
Toshkent viloyati hokimligiga:

  • ikki oy muddatda Qurilish vazirligi bilan birgalikda viloyat mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan arxitektura-rejalashtirish hujjatlari;
  • bir oy muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda KSZda loyihalarni joylashtirish mezonlari;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish obektlarini joylashtirish manzilli dasturi ishlab chiqilishini ta'minlash topshirildi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid