Jamiyat | 10:55 / 21.11.2020
54021
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda er-xotinni vahshiylarcha o‘ldirgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi tomonidan Qo‘qon shahrida o‘zganing mulkini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida xonadonga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, er-xotinni vahshiylarcha o‘ldirgan uch nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi. 

Foto: Kun.uz

Qo‘qon shahrining Jasorat ko‘chasida sodir bo‘lgan bu voqea shaharda ko‘pchilik odamlarning tilida shov-shuv bo‘lib, qo‘rquvga solib qo‘ygan edi.
 
Ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchilar, O‘zbekiston tumanidan bo‘lgan M.R, F.T va S.O. oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lgan holda bosqinchilik bilan o‘zganing mulkini egallash borasida jinoiy reja tuzishgan. 

Joriy yilning 6 yanvar kuni soat 01:30larda Qo‘qon shahar Jasorat ko‘chasida F. N.ning yashash xonadoniga o‘g‘rilikka tushishadi. Ular yuzlariga niqob taqib, qo‘llariga qo‘lqop kiygan hamda skotch, arqon va ikki dona pichoq bilan qurollangan edi. Bu paytda uy egalari uyquda bo‘lgan. S.O. vaziyatni kuzatish uchun hovlida qoladi. M.R. va F.T. moddiy boyliklarni egallash uchun uy ichkarisiga kirib, yotoqxonaga o‘tishgan. U yerda uxlab yotgan xonadon egasining turmush o‘rtog‘iga bir marotaba pichoq urib, shovqindan uyg‘ongan F.N.ga ham bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazgan. Ular bu ishlaridan qoniqmay, er-xotinni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishgan. 

Sudda ko‘rsatma bergan M.R.ning aytishicha, boshqalardan pul qarzi ko‘payib qolganligi uchun o‘ziga to‘q oilalarning uyiga o‘g‘rilikka tushishni maqsad qilgan. Bu ishga qarindoshlarini ham jalb etib, F.N.ning Qo‘qon shahridan uy olishidan xabar topadi. Unda katta miqdorda pul borligini taxmin qilganligini bildirib, ana shunday jinoyatga qo‘l urgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining sudyasining ma'lum qilishicha, sud hukmi bilan M.R.ga uzil-kesil umrbod, F.T.ga 25 yil, S.O.ga esa 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid